Breaking News

AQSh Qirg'izistonga xalqaro tashkilotlar orqali yordam beradi; dunyoning turli shaharlarida namoyishlar


Nyu-Yorkda namoyish
Nyu-Yorkda namoyish

"Gumanitar yordamga ehtiyoj bor, biroq qirg'iz hukumati ehtiyojlaridan kelib chiqib ish tutamiz. Qo'shma Shtatlar bir tomonlama chora ko'rmoqchi emas", - deydi AQSh Davlat departamenti so'zlovchisi Filip Krouli.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti Qirg'izistonda tinchlik, xavfsizlik va qonun ustuvorligini imkon qadar tez tiklashga chaqirmoqda. Bugun tashkilotning doimiy kengashi Venada majlis qilgan.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Ozchilikdagi elatlar bo'yicha oliy komissari Qirg'izistondagi barcha jamoalarni zo'ravonlikka berilmaslikka undamoqda.

Majlisda qabul qilingan bayonotda aytilishicha, "agar Qirg'iziston murojaat etsa, mojaroni hal etishda, mintaqaga tarqalishining oldini olishda, mojarodan keyin jamiyatni tiklashda Yevropa tashkiloti yordam berishga tayyor".

AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Filip Kroulining aytishicha, hozir Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti va boshqa tomonlar bilan bu borada muvaqqat hukumatga yordam berish yo'llari muhokama qilinmoqda.

"Gumanitar yordamga ehtiyoj bor, biroq qirg'iz hukumati ehtiyojlaridan kelib chiqib ish tutamiz. Qo'shma Shtatlar bir tomonlama chora ko'rmoqchi emas", deydi Davlat departamenti rasmiysi.

Amerika hukumati jabr ko'rganlarga gumanitar yordam uchun 800 ming dollar ajratmoqda va yordam AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi tomonidan taqsimlanadi. Bundan tashqari 200 ming dollarga teng tibbiy jihoz va dori-darmon ham muvaqqat hukumat bilan maslahatlashgan holda beriladi.

AQShning Toshkentdagi elchixonasi bayonotida aytilishicha, Qo'shma Shtatlar O'zbekiston hukumatining qochqinlarni qabul qilib, ehtiyojlarini qondirayotganini olqishlaydi hamda BMT va boshqa tashkilotlar orqali gumanitar yordam berishga tayyor.

Qirg'iziston muvaqqat rahbari Roza Otunbayevaning bugun bildirishicha, mamlakatga tinchlikparvar qo'shinlarni kiritishga ehtiyoj qolmagan. "Vaziyatni o'z kuchimiz bilan eplay olamiz", degan Otunbayeva.

Zo'ravonliklarga qaramay, yangi konstitutsiya bo'yicha referendum avval rejalanganidek, 27 iyunda o'tishi aytilmoqda.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun bugun Otunbayeva va Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan janubdagi gumanitar ahvol haqida gaplashgan.

Bugun Yevropaning besh davlatida yashovchi 14 siyosiy qochqin, o'zbek muhojirlar, Bryusselda Yevropa Komissiyasi qoshida piket o'tkazib, "O'sh va Jalolobodda o'zbeklarga qarshi qatliom amalga oshirilgan va oshirilmoqda, bunga qarchi chora ko'ring va jinoyatlarni taftish qilishga chaqiring" deya murojaat qilgan.

Jahonning turli burchaklarida istiqomat qilayotgan va tahsil olayotgan o'zbekistonliklar va qirg'izistonliklar namoyishlar qilib, xalqaro jamoatchilik diqqatini Qirg'izistondagi vaziyatga qaratmoqda.

Moskva, Sankt-Peterburg, Vashington va Seulda namoyishlar bo'lgan.

Bugun Londonda Qirg'iziston elchixonasi yonida ham chiqish bo'lib, namoyishchilar muvaqqat hukumatni tinchlikni ta'minlashga chaqirgan. Shuningdek, Nyu-Yorkda ham namoyish bo'lib o'tgan. Turli shtatlardan to'plangan o'zbek va qirg'iz muhojirlari Birlashgan Millatlar Tashkiloti binosi qarshisida turib, jahon muassasasini mojaroga barham berishda va jabrdiydalarga gumanitar yordam ko'rsatishda faol bo'lishga da'vat etgan. Ertaga esa Kiyevda namoyish bo'ladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG