O’zbek faollari qirg’in xulosalarini Yevropa ommasiga taqdim etdi


Bugun Belgiya poytaxti, qolaversa, Yevropa Ittifoqining siyosiy markazi bo’lmish Bryusselda o’zbekistonlik huquq faollari matbuot anjumani o’tkazib, O’sh va Jaloloboddagi qirg’in yuzasidan yig'gan ma’lumotlarini taqdim etdi.

Tadbirda ommaviy axborot vositalari xodimlaridan tortib, ittifoq rasmiylari, diplomatlar, huquq tashkilotlari vakillari va Yevropa davlatlarida yashayotgan o’zbek mutaxassislari va muhojirlar qatnashgan.

Bryussel matbuot markazi, bugungi tadbir o'tgan maskan

Bryussel matbuot markazi, bugungi tadbir o'tgan maskan

Yig’inning bosh ma’ruzachisi, O’zbekistondagi “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati rahbari Vasila Inoyatova Andijon viloyati bo’ylab qochqinlar lagerlarida bo’lib, ma’lumot to’plagan. O’sh va Jaloloboddan o’tgan qochqinlar ahvoli bilan tanishgan, ular bilan uzoq suhbatda bo’lgan.

Xavfsizlik kuchlari “Ezgulik”ni boshida u yerga kiritmagan, ammo faollar Germaniyadan kelgan delegatsiya soyasida safar qilishga muvaffaq bo’lgan.

Vasila Inoyatovaning qo’lida hozir qirg’izistonlik o’zbeklar tasvirga tushirgan ikki soatlik video bor. Bugun bu material Yevropa ommasiga ko’rsatilgan.

“Juda ko’p mahallalarda otilganlar, o’t qo’yilganlar, o’ldirilganlar, hattoki hukumat kuchlari, militsiya, aynan qirg’izlarni orqasida qo’yib, o’zbeklarni BTRlarda otib, ularning orqasidan bu to’dalar kelib otgan. Hatto yonayotgan katta do’konlardagi o’tni o’chirishga kelgan xodimlarni o’tkazishmagan. Hatto do’konlardagi mollarni olib chiqib ketishga harakat qilinganida, yo’q deyishgan, yonsin hammasi, kuyib bitsin deyishgan. U yerda bu yerdan yulingan emas, balki ikki soat to’liq, uzluksiz tasvirga tushirilgan video bor”, - deydi Inoyatova.

“Ezgulik” taklifi bilan qochqinlar orasida tashabbus guruhi tuzilgan. Bu insonlar hozir vataniga qaytgan. Ular – fojia jabrdiydalari va o’z dardlarini bir ovozdan tushuntirgani ma’qul, deydi Vasila Inoyatova.

Vasila Inoyatova, Ezgulik inson huquqlari jamiyati rahbari, Bryusseldagi nutqida O'sh va Jalolobodda aziyat chekkan o'zbek aholi nomidan gapirdi

Vasila Inoyatova, Ezgulik inson huquqlari jamiyati rahbari, Bryusseldagi nutqida O'sh va Jalolobodda aziyat chekkan o'zbek aholi nomidan gapirdi

“Ular birlashsin, oh-voh qilib, yig’i-sig’i qilib yurishmasin. Bo’lar ish bo’ldi endi. Endi kelajakdagi harakatlarni birga olib borish kerak, ya’ni bir yoqadan bosh chiqarish kerak. Mana To’liqon Ismoilova yetakchiligidagi tashkilotlar ular bilan ishlamoqda. Tashabbus guruhini qo’llab-quvvatlashayapti. Biz mana aloqadamiz. Internetda bog’lanib turibmiz. Undan tashqari mana Azimjon Asqarov. Men bu odam bilan juda ko’p muloqotda bo’lganman. Hozir u qamoqda o’tiribdi. Mana shu yozuvlarni olgani, berib yuborgani uchun uni to’polonlarni uyushtirganlikda ayblashmoqda. Hozir Toliqon Ismoilovaga ham juda katta bosimlar bo’lmoqda.

Vasila Inoyatova Yevropaga mana shu qochqinlar iltimosini olib kelgan.

“Aybdorlar topilsin. O’zbeklardan chiqqan sabablar ham ko’rsatilgan bizdagi ma’lumotlarda, odilona va ob’yektiv baho berilgan. Bunga shaxsan kimlar aralashgan? Qirg’iziston hukumat idoralarining rahbarlari nomma-nom keltiriladi. Mana shu odamlar mana shu ishlarni qilishgan, mana shu bo’lgani uchun shunday holat yuzaga kelgan deya tushuntirib berishmoqda. Statistika ma’lumotlari keltirilayaptiki, Qirg’izistonda bir oy ichida qancha o’zbek ishdan olingan. O’zbeklarga nisbatan bosim shu darajada kuchayganki, xuddi bu janjal oldindan tayyorlangandek, tayyorgarlik oldindan boshlangandek”.

Nuriddin Nizomiddinov, andijonlik faol, hozir Niderlandiyada yashaydi. Uning fikricha tashqi dunyoni qirg'in haqida yetarlicha xabardor qilish va konkret choralar ko'rishga undash muhojir faollar uchun muhim bir sinov.

Nuriddin Nizomiddinov, andijonlik faol, hozir Niderlandiyada yashaydi. Uning fikricha tashqi dunyoni qirg'in haqida yetarlicha xabardor qilish va konkret choralar ko'rishga undash muhojir faollar uchun muhim bir sinov.

Ma’lumotlar shuni tasdiqlamoqdaki, deydi faol, qirg’in oldidan o’zbeklarga bosim oshgandan oshgan. Mahallalarga kelib, uylarga bu o’zbekning uyi, uning go’shti bir so’m deb yozib keta boshlashgan. Odamlar orasida vahima va qo’rqinch urug’i sochilgan. Bu to’satdan yuz bergan fojia emas, deydi Vasila Inoyatova.

“O’zbeklarni harbiy kuchlardan ham hech qanday sababsiz bo’shata boshlashgan. Davlat idoralaridan o’zbeklarni bo’shatishgan. O’zbeklar 1-2 foizni tashkil qiladigan qonun-tartibot organlaridan ham ularni hech qanday sababsiz bo’shatishgan”.

Vasila Inoyatova zo’rlangan xotin-qizlar bilan ham ko’rishgan, suhbatlashgan. “Ularga qanday vahshiy, g’ayriinsoniy munosabatda bo’linganini tasvirlashga til ojiz”, - deydi u.

“Mana shu insonlarning talabi shuki, bu yerda xalqaro tekshiruv o’tkazilsin. Faqatgina xalqaro tekshiruvgina, oqni oq, qorani qora deyishi mumkin. Qirg’izlarning mahallalarida o’t ketgan uylar bormi? Zo’rlangan qizlar bormi? Zo’rlangan juvonlar bormi? Kallasi olingan bolalar bormi? O’zbek mahallalarida, qishloqlarida qancha uy yongan? Mana shuni hozir Qirg’iziston hukumati rahbarlari (Roza Otunbayeva va boshqalar) hech qanday asoslarsiz o’zbeklarga yuklashga harakat qilmoqda. Buni faqat o’zbeklar qilganu, o’zbeklar chiqargan deb 60 ga yaqin odam qamoqda o’tiribdi, ularga nisbatan qiynoqlar bo’lib yotibdi”.

O’zbeklar qirg’iz hukumatini qabih jinoyatlarga ko’z yumganlikda, ularni himoya qila olmaganlikda ayblaydi. Bishkekka umuman ishonch qolmagan.

Fransiyada yashovchi Kamoliddin Rabbimov fikricha Yevropa rasmiylari Qirg'iziston janubida nima bo'lgani va bugungi vaziyat haqida yaxshi biladi

Fransiyada yashovchi Kamoliddin Rabbimov fikricha Yevropa rasmiylari Qirg'iziston janubida nima bo'lgani va bugungi vaziyat haqida yaxshi biladi

“Ko’pchilikning istagi shuki, aybdorlar topib, jazolansin, nima bo’lganiga ob’yektiv, siyosiy baho berilsin. O’zbeklarning yuzi oqlansin”.

O’zbeklar hisobicha, deydi Vasila Inoyatova, qirg’indan ko’rilgan zarar taxminan 10 milliard dollar va qirg’iz rahbariyati uni to’lab berishi shart. Qirg’iziston hukumati bu talablarga qanday javob beradi yoki umuman munosabat bildiradimi, yo’qmi, bu noma’lum, ammo huquq faollari Yevropa hamjamiyati, umuman G’arb o’zbeklar dardini bee’tibor qoldirmaydi, ular manfaatini ko’zlab ish tutadi degan umidda.

O’sh va Jaloloboddagi voqealarga Andijon fojiasiga nisbatan yuritilgan siyosatdek, yuzaki qarash o’lganning ustiga tepgan bilan barobar bo’ladi, deydi Vasila Inoyatova.

O’zbekiston xavfsizlik kuchlari 2005 yilning 13 mayida Andijon markazida tinch namoyishchilarni o’qqa tutib, yuzlab begunoh insonlarni o’ldirgan degan da’vo ko’rib chiqilmagan.

“O’zbek xalqining ustidan o’zining rahbari kulgani yetmagandek, endi Yevropa rahbarlari ham kulishi kerakmi? Biz bu gal keskinroq gaplashmoqchimiz”.

Hozirda Gollandiyada yashovchi, 2005 yilda Andijonda nima bo’lganini o’z ko’zi bilan ko’rgan Nuriddin Nizomiddinov fikricha, shu kungacha Yevropaning turli shaharlarida o’tkazilgan namoyish-u tadbirlarning ozgina bo’lsa-da foydasi shuki, bugun siyosiy doiralar va jamoatchilik o’lkadagi voqealardan bir oz xabardor.

“Hamma informatsiyani berdik. Qirg’izistondan olingan videolarni ko’rsatdik. Shundan keyin ular o’z vakillarini yubordi, masalan Niderlandiya o’z odamini jo’natdi”, - deydi Nuriddin Nizomiddinov.

Lekin bilish va konkret chora ko’rish, jiddiy qadam tashlash orasida katta farq bor, deydi u. Odamlar dunyoning narigi chetidagi lo’ttibozlikning bizga nima qizig’i bor deb so’ramoqda.

“Ularni, ya’ni hukumatlarni jiddiy qadam tashlashga majbur qila bilishni ham bilish kerak-da. Andijon voqealarini oladigan bo’lsak, Yevropa Ittifoqi xalqaro tergov o’tkazishni talab qildi. Ruxsat berilmagani uchun sanksiya e’lon qildi. Ana shu tekshiruvni qattiq talab qiladigan kuchlar yetarli bo’lmadi. Bunda o’zimizning ham aybimiz bor. Faqat ularning o’ziga tashlab qo’yish bilan ish bitmaydi. Menimcha, hech bir chet mamlakat o’z muammosidan oshib boshqa bir mamlakatning muammosini hal qilishga u qadar ishtiyoqmand emas”, - deydi Nizomiddinov.

Fransiyada yashovchi o’zbek faoli Kamoliddin Rabbimovning aytishicha, Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bilan shug’ullanadigan rasmiylari o’lkada nima bo’layotganidan yaxshi xabardor.

“Mana o’tgan haftada Fransiya Tashqi ishlar vazirligining inson huquqlari bo’yicha vakili Fransua Zimeray Qirg’izistonni ziyorat qildi va u bir xulosani aytdi: Qirg’izistonda yaqqol etnik tozalashga harakat bo’ldi. Bu insoniyatga qarshi jinoyatdir degan fikrni aytdi”, - deydi Rabbimov.

Bugun Bryusselda ikki soatlik video materialni tomosha qilgan diplomat va jamoatchilik vakillari, deydi u, O'sh va Jalolobodda qirg'in qanday kechgani va uning ortida kimlar turgan bo'lishi mumkinligi haqida ancha tasavvurga ega bo'ldi. "Odamlar ko'zida yosh bilan chiqib ketdi. Qo'shimcha ma'lumotlar so'rashayapti",- deydi u.

Xorijda o’zbeklar va o’zbekistonliklar orasida eng ko’p quloqqa chalinadigan shikoyat shuki, yurtdoshlar birdam emas, nafaqat oddiy muhojirlar, balki o’zini siyosatdon, muxolifatchi yoki faol deb yurgan odamlar bir-biriga tosh otish va shaxsiy adovatga berilish bilan ovora.

Ziddiyatlar bor, deydi Kamoliddin Rabbimov, lekin Qirg’izistondagi qirg’in ketidan vatandoshlar orasida o’ziga xos hamjihatlik ham sezilmoqda.

“Hammada mana shu muammoga befarq emaslik va hamkorlikka intilish yaqqol ko’rinib turibdi”.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

XS
SM
MD
LG