Breaking News

Qirg’iziston yo’llarida baxtsiz hodisalar… O’shdan reportaj


Qirg’iziston yo’l xavfsizligi boshqarmasi rahbari Talantbek Isayevning ma’lum qilishicha, mamlakat avtomobil yo’llaridagi halokatlar bo’yicha dunyoda yuqori o’rinlardan birini egallaydi.



Olti oy ichida qariyb ikki ming baxtsiz hodisa ro’y berib, 324 fuqaro o’lgan. Asosiy sabab - yo’llarning nosozligi va tartibsizlik.

Qirg’iziston axborot agentliklari har kuni avto-halokatlar haqida ma’lumot beradi. Bunday halokatlar tobora ko’payib borayotgani qayd qilinmoqda. So’nggi uch kun ichida 21 kishi avariya oqibatida hayotdan ko’z yumgan.

O’shlik Akramjon aka bu hodisalarni ko’proq yosh haydovchilar bilan bog’laydi.

“Xalq ta’birida ular “o’pkalarini qo’ltiqlab”, haydovchi guvohnomasi bormi-yo’qmi, yo’llarda xohlagan ravishda o’zlarini tutadilar. Shu bilan birga, menimcha, halokatlarga o’z ulovlarining oynaklarini “kuydirgan” haydovchilar sabab bo’layotir. Haydovchilarni tayyorlash tizimlarining ham saviyasi juda past. Axir ikki-uch oyda haydovchilik guvohnomasini olish kulgili gap. Yo’llarimizning holati ham ancha achinarli darajada. Mana O’sh-Novqat trassasini oling. U yerdan bir marta yurgan haydovchilar o’z ulovlarini ta’mirdan o’tkazishlari kerak”, - deydi Akramjon aka.

Yo’l xavfsizligi xizmati xodimlariga ko’ra, avtohalokatlarning asosiy sababi qoidalarga amal qilmaslikdir.
Yana bir narsani taklif qilmoqchiman: qonunni buzgan haydovchini bir necha yilga haydovchilik huquqidan mahrum qilish kerak.


Xizmat mas’uli, polkovnik Nasipbek Qalmirzayevning aytishicha, halokatlarning asosiy sababi transport vositalarning keskin ko’payganidir.

“Ikkinchidan, yo’llarning eskiligi, torligi, yo’l belgilariga rioya qilmaslik hamda haydovchilarning saviyasi pastligi”, - deydi u.

Mulozimga ko’ra, aksar halokatlarga haydovchilarning tezlikni o’ta oshirishi sabab bo’lmoqda. Mast holda rulga o’tirish, boshqalarni va qonun-qoidalarni mensimaslik, ayniqsa, yosh haydovchilar orasida ko’p uchraydi.

Suhbatdoshga ko’ra, hozirda Qirg’izistonda avtomobillarning texnik holatini nazorat qilish bekor qilingan. Ya’ni bu haydovchilarning o’ziga havola.

“Avtomobillarning texnik holati saviyasi pastligi ham halokatlarga sabab bo’lmoqda. Avvallari avtoulovlarning texnik holatini yo’l xavfsizligi xizmati xodimlari tekshirib turardi va buning uchun javob berardi. Hozir esa nazoratdan faqat yo’lovchi, xavfli yuklar tashuvchi ulovlar o’tadi. Shaxsiy avtotransport texnik nazoratdan o’tmaydi”, - deya davom etadi polkovnik Nasipbek Qalmirzayev.

Boj to’lovlari pastligi sabab ishlatilgan xorij avtomobillari Qirg’izistonga ko’p olib kelinadi. Shahar-qishloqlar turli rusumdagi ulovlarga to’lib ketgan. Mutaxassislarning aytishicha, bunday ulovlarning texnik holati yuqori darajada emas.

Ko’pchilik yo’l harakati qatnashchilarining mas’uliyatini oshirish darkorligini aytadi.

O’shlik Akramjon aka fikricha, xavfsizlikni oshirish uchun boshqa davlatlarda bo’lgani kabi Qirg’iziston avtomobil yo’llarida ham video-kuzatuv tizimini o’rnatish lozim.

“Xorij o’lkalarida bunday tizim o’z samarasini bermoqda. Ikkinchidan, maktablarda hech bo’lmaganda haftada bir soat yo’l xavfsizligi bo’yicha darslar kiritish kerak. Yana bir narsani taklif qilmoqchiman: qonunni buzgan haydovchini bir necha yilga haydovchilik huquqidan mahrum qilish kerak. Menimcha, bu qadam ijobiy natijalar keltiradi”, - deydi u.

Polkovnik Nasipbek Qalmirzayevning aytishicha, birinchi navbatda haydovchilarni tayyorlash tizimini o’zgartirish darkor.

“Qoidani buzganlarga qarshi jarimani ko’paytirish kerak. Asosiysi, haydovchilar va piyodalar o’zaro hurmatda bo’lishi kerak. Boshqacha aytganda, yo’l harakati madaniyati yuqori saviyada bo’lishi lozim. Xavfsizlik qoidalarini bolalarga bog’chadan o’rgatishimiz kerak”, - deydi mulozim.

Hozir Qirg’izistonda yo’llarni ta’mirlash asosiy vazifalardan biri bo’lib qolgan. Bir necha xalqaro trassalar xorij ko’magida qayta qurildi. Ammo ichki yo’llarning aksariyati amalda qarovsiz qolgan.

Aksar suhbatdoshlar zikr qilingan tadbirlarni tezkorlik bilan amalga oshirish zarurligini ta’kidlaydi. Aks holda, o’lka yo’llarida noxush hollar yanada ko’payadi.
XS
SM
MD
LG