Qirg'iziston parlamenti raisi: Xalqqa xizmat qilishni o'rganayapmiz


Asilbek Jeenbekov, Qirg'iziston parlamenti raisi

Asilbek Jeenbekov, Qirg'iziston parlamenti raisi

Qirg’iziston parlamenti, Jogorku Kenesh raisi Asilbek Jeenbekov (Асылбек Жээнбеков) boshchiligidagi delegatsiya Vashingtonga safar qilib, AQSh qonunchilari va Markaziy Osiyo bilan aloqalarga mas’ul rasmiylar bilan muloqot qildi.




Kongress kutubxonasida atoqli yozuvchi, jahon adabiyotiga ulkan hissa qo’shgan Chingiz Aytmatovning byusti qo’yildi.

Asilbek Jeenbekov tahlilchilar va jurnalistlar bilan yuzma-yuz suhbatlashib, yurtidagi vaziyatni muhokama qildi.

21-sentabr kuni Qirg’iziston parlamenti raisi AQSh Demokratiya Instituti va Jorj Vashington Universitetida so’zladi. Auditoriyada asosan ekspertlar, diplomatlar, matbuot xodimlari va mintaqani o’rganayotgan yoshlar. Vashingtonga kelgan har bir siyosiy mehmonni odatda shular qarshilaydi.

Qirg’iziston xalqi erkinlikni sevadi, yangilikka intiladi, to’siqlarga toqati yo’q, deydi Jeenbekov.

“Ko’p liderlarni ko’rdik – yulg’ich, yeb to’ymas, vijdonsiz va mas’ulyatsiz. Ular davlatni va xalqning mulkini yemirdi... Oshkoralik va farovonlik tomon yetaklamadi. Na iqtisod, na jamiyat olg’a siljidi. Boyligimiz rohatini rahbarlarimiz va ularning oilalari ko’rdi. Xalq qayta-qayta bosh ko’tardi... Qon to’kildi, ulkan zarar ko’rildi. Ikki inqilobni boshdan kechirib endigina qaddimizni rostlayotgan edik, janub xunrezlik maydoniga aylandi. Azaldan bir zaminda yashab kelgan ikki elat, qirg’iz va o’zbek, orasiga nifoq solishdi. Uni tekshirgan xalqaro va mahalliy komissiyalar bu fojia ortida yovuz kuchlar turganini isbotladi... Bu siyosiy maqsadlarni ko’zlagan hujum, ektremistlar, qoradori savdogarlari va ajnabiy kuchlardan iborat guruh ishi ekani ayon bo’ldi. Begunoh insonlar o’lib ketdi. Farg’ona vodiysi - Markaziy Osiyo yuragi. Bu yerni beqarorlashtirish butun mintaqani tahlikaga soladi, hiylakorlar buni yaxshi bilgan. Elatlarimiz ham buni tushunadi, ayb oddiy odamlarda emas”, - deya so’zlaydi Asilbek Jeenbekov.

Spiker deydiki, adolatni ta’minlash davlat oldidagi asosiy vazifa. Jinoyatchilar qonun oldida javob berishi kerak. Lekin bu juda murakkab ish, deydi Jeenbekov.

Asli O’shdan bo’lgan sotsial-demokrat Qirg’iziston shimol va janubga bo’linib qolgani, millatchilik avj olgani, odamlar hamon qo’rqinchda yashayotgani va inson huquqlari muntazam ravishda buzilayotganini ochiq tan oladi.

Huquq-tartibot, adliya va xavfsizlik tizimlari korrupsiyaga botgan, chirigan tizimlar. Ularni tubdan yangilash, mas’uliyatli organlarga aylantirish kerak. Bu esa katta mablag’, ilm va malaka, uzoq vaqt talab qiladi, deydi u.

Parlament boshqaruviga asoslangan yangi tuzumni rivojlantirish uchun birinchi navbatda korrupsiya ildiziga bolta urish kerak, deydi Jeenbekov. Lekin jamiyatning har bir jabhasini qamrab olgan, tirikchilikka aylangan yulg’ichlikdan qutulish osonmi? Mamlakat iqtisodiyoti ba’goyat zaif, sanoatlar rivojlanmagan, infrastruktura xarob. Jokorgu Kenesh Almazbek Atambayev boshliq hukumatning har bir qadamini kuzatib turibdi va asosiy e’tiborni iqtisodga ber deya undamoqda, deydi spiker.

Qirg’iziston uchun Rossiya, Xitoy va Amerika hamda qo’shni davlatlar bilan har tomonlama hamkorlik suv va havodek zarur, deydi spiker.

Tashqi siyosat faqat chet el harbiy bazalariga bog’liq deb o’ylash noto’g’ri, deydi u.

Rossiya harbiy inshooti mamlakatda uzoq vaqt qoladi. Amerika havo tranzit markazi kelajakda tijoriy ko’rinishga ega bo’lishini istaymiz, deydi Jeenbekov.

Xitoy bilan savdo-sotiq tirikchilikni tebratmoqda. Qozog’iston, O’zbekiston va Tojikiston bilan siyosiy-iqtisodiy aloqalarni kuchaytirib, barcha sohalarda birga ishlashni istaymiz, deydi spiker.

Suvga boy Qirg’iziston kelajakda 90 ta kichik gidroelektrostansiya qurmoqchi. Qo’shnilarni hamkorlikka undamoqda. Markaziy Osiyo iqtisodiy jihatdan birdam bo’lishini istaymiz, deydi Jeenbekov.

Amerika siyosatdonlari bilan uchrashar ekan, Qirg’iziston parlamenti raisi “har jihatdan rivojlanishga moyil davlatmiz” deydi.

“Siyosiy va iqtisodiy taraqqiyot bobida AQShdan o’rnak olamiz”, - deya qo’shadi u.

Chingiz Aytmatov byusti, Kongress kutubxonasi

Chingiz Aytmatov byusti, Kongress kutubxonasi

Respublikada hukumat yaqinda yana yangilandi. Bishkek siyosiy jihatdan beqaror degan xavotirlarga Jeenbekov “hammasi joyida” deb javob beradi.

Siyosatchilar tortishayotgani, bir-biriga ta’na toshlari otayotgani rost, deydi u, bu hech qachon to’xtamasa kerak.

Lekin, deya ta’kidlaydi spiker, siyosat bu xalqqa xizmat qilish ekanini ham o’rganishayapti. Qirg’izistonda bu burchni ado eta olmaganning kuni bitadi.​

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG