Vashingtonda Qirg'iz-Amerika konvensiyasi bo'lib o'tdi


Kecha Vashingtonda Qirg’iz-Amerika yillik konvensiyasi o’tkazildi. Unda Qirg’iziston-AQSh munosabatlari, biznes hamkorlik, Qirg’izistondagi siyosiy va iqtisodiy islohotlar haqida so’z bordi. Tadbirda qatnashish uchun Amerikaga qirg’iz tadbirkorlari va deputatlari tashrif buyurdi.


Qirg’iz-Amerika konvensiyasi Vashingtondagi yirik turk tashkiloti tomonidan uyushtirildi. Turk-Amerika alyansi so’nggi yillarda Qozog’iston, Ozarbayjon, Qirg’izistonning AQShdagi manfaatlarini himoya qilishda norasmiy vositachi rolini bajarib kelmoqda.

Umuman olganda Amerikada Qirg’izistonga munosabat ijobiy. Mintaqaning eng kichik, eng qashshoq va nisbatan ochiq mamlakatiga nisbatan xayrixohlik mavjud hamda AQSh hukumatiga Bishkek bilan ishlash oson.

Respublikada Amerikaning Afg’onistondagi missiyasiga xizmat qilib kelayotgan “Manas” tranzit markazi bor. Qirg’iziston AQSh harbiylari va yuklarni Afg’onistonga yetkazishda muhim rol o’nayotgan Shimoliy ta’minot tizimining bir bo’lagi. Mamlakat 1990-yillardan beri Amerikadan salkam ikki milliard dollarlik yordam olgan.

Vashingtonga 300 ga yaqin qirg’iz delegatsiyasi kelib ketgan. Qirg’iziston Markaziy Osiyoda parlament tizimiga o’tgan yagona davlat bo’ldi.

AQShning respublikadagi sobiq elchisi Jon Okifning aytishicha, afg’on urushi Amerikaning Qirg’iziston bilan munosabatlaridagi yo’nalishni belgilagan asosiy omillardan bo’ldi.

"Manasdagi baza yopilganidan so’ng AQShning Qirg’izistondagi manfaatlariga nima bo’ladi? Eng muhimi mintaqaviy barqarorlik. Qo’shma Shtatlar bu mamlakatni parlament tizimiga o’tish davrida qo’llab-quvvatlaydi. Iqtisodiy taraqqiyot, inson huquqlari, qonun ustuvorligi masalalarida Amerika siyosati o’zgarmaydi", - deydi sobiq elchi.

2014-yilda xalqaro qo’shinlar Afg’onistonni tark etishi oydinlashgan bir paytda Markaziy Osiyoda xavotir kuchaymoqda. Yaqinda O’zbekiston prezidenti Islom Karimov AQShning mintaqadan ketishi vaziyatning beqarorlashishiga olib kelishi mumkin, deb Rossiya bilan xavfsizlik bobida aloqalarni kuchaytirish zarurati haqida so’zladi.

Qirg’iziston nazarida ham 2014-yildan so’ng mintaqa tahdidlarga yuz tutishi mumkin. Vashingtondagi konvensiyada qatnashgan Qirg’iziston parlamentining Tashqi aloqalar qo’mitasi raisi Kanibek Imanaliyev fikricha, Markaziy Osiyo xavfsizligini ta’minlashda ham yirik davlatlar, ham qo’shni mamlakatlar hamkorlik qilishi lozim.

"Shanxay hamkorlik tashkiloti hamda Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining aksil-terror markazlari mintaqada faol ishlab turibdi. Region davlatlari bir yoqadan bosh chiqarib harakat qiladi, degan umiddaman, chunki hech bir davlat xalqaro terrorizmni yolg’iz o’zi yenga olmaydi", - deydi parlamentda “Or-Nomus” fraksiyasi a’zosi.

Yana bir deputat Ravshan Jiyanbekovning aytishicha, respublika hozirdan bu tahdidga qarshi o’z tayyorgarligini ko’rmoqda.

"Rossiya bilan bu borada hamkorlikni kuchaytirganmiz. Armiyamiz uchun bu mamlakatdan qurol olyapmiz. Qurolli kuchlarimiz va huquq-tartibot organlarida islohotlar o’tkazyapmiz", - deydi muxolifatga o’tgan mustaqil deputat Ravshan Jiyanbekov.

Unga ko’ra, respublikaning prezidentlikdan parlament tizimiga o’tgani islohotlarning bir maromda amalga oshirilishini hamda jarayonning nazorat etilishini ta’minlaydi.

“Ota-Yurt” fraksiyasidan deputat Ulug’bek Qo’chqorov siyosiy islohotlarga to’xtalar ekan, Jogorku Kenesh roli tubdan o’zgarganiga diqqat qaratadi.

Parlament konstitutsion tizim shaklini belgilash, ijroiya hukumat, sudlar va boshqa konstitutsion organlar tarkibini tuzish vakolatini oldi. Oldin qonunchilik organi bir shaxs hokimiyatini qonuniylashtirish vositasi bo’lgan bo’lsa, bugun parlament xalqqa xizmat qilib, unga hisobot beruvchi organga aylandi, deydi Qo’chqorov.

Xalq noibiga ko’ra, Qirg’izistonda jamiyat ko’cha demokratiyasidan parlament demokratiyasiga o’tmoqda. Muxolifat mavqei kuchaymoqda. Ikki nufuzli qo’mitaga muxolifat vakillari raislik qilmoqda. Jogorku Kenesh spikerining barcha o’rinbosarlari oppozitsiya vakillaridir.

AQShning Qirg’izistondagi sobiq elchisi Jon Okifning aytishicha, Qo’shma Shtatlar respublikadagi siyosiy islohotlarni qo’llab-quvvatlaydi va ularni amalga oshirishda yordam berishga tayyor.

"AQSh siyosiy doiralarida Qirg’izistonning ko’plab do’stlari bor va bundan unumli foydalanish kerak", - deydi sobiq elchi.

Vashingtondagi konvensiyada Qirg’izistonga AQSh sarmoyalarini kiritish va xorijiy biznes uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida ham so’z bordi.
XS
SM
MD
LG