“Doim faxr bilan aytamizki, teatrimiz ikki el o’rtasida do’stlik ko’prigi”


“Doim faxr bilan aytamizki, teatrimiz ikki el o’rtasida do’stlik ko’prigi”

“Doim faxr bilan aytamizki, teatrimiz ikki el o’rtasida do’stlik ko’prigi”

Qirg’izistonda eng qadim ijodiy muassasalardan hisoblanmish O’sh akademik o’zbek drama teatri yangi mavsumga tayyorgarlik ko’rayotir. Ikki yil muqaddam ushbu jamoa o’zining 90 yilligini nishonlagan edi.

O’tgan yil yuz bergan ommaviy tartibsizliklar teatr faoliyatiga ham salbiy ta’sir ko’rsatgan. Davlat tizimlari yordamida teatr binosi qayta ta’mirlangan.

O’sh akademik o’zbek drama teatrida yangi spektakl repetitsiyasi … katta sahna ta’mirga muhtojligi sabab mashqlar ikkinchi qavatdagi qo’lbola sahnachada o’tmoqda.

Teatr rahbari, Qirg’izistonda xizmat ko’rsatgan madaniyat xodimi Baxtiyorjon To’xtamatov ijodiy jamoaning bu yilgi rejalari haqida so’z yuritadi:

“2011 yilga badiiy kengash va teatr jamoamiz mo’ljallagan yangi planni ishlab chiqdik. Nasrillo Qobilning “Tuzoq” degan spektaklini rejissyorimiz Nabijon Mamajonov sahnaga qo’ydi. Ushbu spektakl XXI asrning eng dolzarb masalalariga, ya’ni narkomaniyaga bag’ishlangan. O’ylaymanki yosh yigit-qizlarimizi giyohvandlikdan qutqarishga harakat qilamiz”, - deydi u.

O’tgan yilgi ommaviy tartibsizliklar paytida ushbu teatr binosiga ham jiddiy shikast yetgan, jamoa ma’lum muddat o’z faoliyatini to’xtatgan edi. Suhbatdoshga ko’ra, mahalliy davlat tizimlari teatrni tiklashda moddiy va ma’naviy yordam ko’rsatayotir.

“Hukumatimiz bu masalaga jiddiy yondashmoqda. O’tgan yili teatrimizga 2 million 700 ming so’m (taxminan 55 ming AQSh dollari) mablag’ ajratildi. Tomoshabin zalimiz va kreslolar ta’mirdan chiqib bo’ldi. Endi asosiy muammo – katta sahnamiz va elektr tarmoqlarimizi o’g’nash. Bu yil davlat tizimlari bizga ko’mak ko’rsatamiz, degan vadalarni bergan”, - deydi Baxtiyorjon To’xtamatov.

O’sh akademik o’zbek drama teatrini Qirg’izistonda o’ziga hos o’rni bor, deyiladi. Bo borada teatr rahbari shunday deydi:

“Biz har doim faxr bilan “bizning teatr ikki el o’rtasida do’stlik ko’prigi” deymiz. 90 yil davomida jamoamiz qirg’iz madaniyatini O’zbekistonga borib targ’ibot qilib kelgan, o’zbek madaniyatini esa Qirg’izistonda targ’ibot qilayapti. Yaqqol misollardan keyingi yillarda bizning teatrimizda Sulton Rayevning “Qanishaning go’z yoshi”, To’lagan Qosimbekovning “Qurmanjon Dotqo”, Jalil Sodiqovning “Manasning o’g’li – Semetey” sahnaga qo’yildi. Bular hammasi tarixiy asarlar. Ushbu tarixiy asarlarni biz qirg’izistonlik o’zbeklarga tanishtirmoqdamiz”.

Tomoshabinlarning qiziqishi qanday? Og’ir sinovlarni boshidan kechirgan odamlar ma’naviy ozuqaga muhtoj.

“Biz tumanlarga chiqishdan oldin juda hayajonlandik: elimiz nima deydikin, musibatli kunlar o’tdi, deya. Ammo bizni shu darajada yaxshi qabul qildiki, oldingi safarlarimizga ko’ra tomoshabinlarimiz juda yaxshu kutib oldi. Demak teatr elga, yurtga kerak ekan. Ishonamanki, madaniyatimiz yanada ravnaq topadi. Yanada yaxshi spektakllar qo’yamiz”, - deydi Baxtiyorjon To’xtamatov.

Teatr jamoasi yangi mavsumda muxlislarga imkon qadar quvonchli damlar
hadya etish niyatida.

XS
SM
MD
LG