Qirg’iziston qirg’in yuzasidan xalqaro tergov o’tkazilishiga rozi

  • Amerika Ovozi

Qirg’iziston hukumati Yevropa Ittifoqining xalqaro tergov o’tkazish taklifini qabul qilgan.

Komissiyani Finlyandiya qonunchisi Kimmo Kilunen, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti Parlament Assambleyasining Markaziy Osiyo bo’yicha maxsus vakili boshqaradi.

“O’sh va Jalolobodda qirg’iz va o’zbek xalqi o’rtasida kechgan qonli ziddiyat va uning sabablarini xalqaro tergov guruhi tekshiradi”, - deydi Qirg’iziston rasmiylari.

Bayonot Germaniya va Fransiya tashqi ishlar vazirlarining Bishkekka safari chog'ida yangradi.

"Qirg'in sabablari aniqlanmas ekan, barqarorlikk erishish qiyin bo'ladi. Shuning uchun mustaqil tekshiruv o'tkazilishi, aybdorlar topilib jazolanishi shart", - dedi Germaniya Tashqi ishlar vaziri Gido Vestervele matbuot anjumanida.

Vestervele va Fransiya vaziri Bernard Kushner Bishkekda prezident Roza Otunbayeva bilan uchrashgan, O'sh shahrini ko'zdan kechirgan.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti janubda tartibni saqlash uchun 52 politsiyachi jo’natmoqchi. Guruh Qirg’iziston huquq-tartibot idoralari bilan ishlaydi, vaziyatni monitoring qiladi. Yevropalik politsiyachilar soni keyinchalik ikki baravarga oshirilishi mumkin. Missiya muhlati dastlab to'rt oy deb belgilangan.

Tashkilotning Almatida o'tayotgan majlisida Qozog'iston Qirg'izistonga 10 million dollar yordam ajratishini e'lon qildi.

BMT Qochqinlar agentligi hisobicha, janubda qirg’indan bir oy o’tib, 75 ming odam hali ham uyiga qayta olmayapti. Ularning aksariyati o’zbeklar. Mahallamga qaytsam quvilaman, xo’rlanaman, deb qo’rqib yashamoqda ular.

BMT Qochqinlar agentligining bildirishicha, Qirg’iziston janubida minglab odamlar hamon sarson-sargandon. Yashashga joyi yo’q. Ko’pining hujjati yo’qolgan.

BMT rasmiysi Melissa Fleming O’sh va Jalolobodda hozir osoyishtalik, deydi. Lekin qayoqqa qarama militsiya, kechki payt komentdant soati amal qiladi.

“Qog’ozi yo’q odamlar nima qilishini bilmay qolgan. Militsiya hadeb kelib tekshiraveradi, ataylab izzat-nafsiga tegadi. Buni tasdiqlovchi dalillar bor. Hammasini monitoring qilib borayapmiz. Minglab odamlar bilan gaplashib, boshpana bilan ta’minlashga harakat qilayapmiz”.

Iyun boshida kechgan qirg’in 400 ming odamni bor butini tashlab chiqishga majbur qilgan. 100 ming kishi, asosan ayollar va bolalar qo’shni O’zbekistonga qochgan edi. Bugungacha bari vataniga qaytdi.

Mana shu sarosimada, deydi BMT rasmiylari, ko’pchilik muhim hujjatlarni yo’qotgan. Tug’ilganlik haqida guvohnoma, pasportlar, boshqa hujjatlar, uy-joyga egalik haqida dokumentlar. Bu esa vaziyatni yanada og’irlashtirmoqda.

Shaxsini tasdiqlovchi hujjat bo’lmagandan keyin, yangisini olish ham qiyin.

BMT vakili Melissa Fleming 75 ming odamni qurilish mollari bilan ta’minlash harakatidamiz, deydi.

“Ungacha, qish kelgunicha, ikki xonali vaqtincha boshpanalar barpo etayapmiz. Isitilgan bo’ladi ular. Hujjatlarni qayta tiklashda ham ko’maklashayapmiz. Hukumatni ogoh qilib turibmiz, ishni tezlating, odamlar kutib qoldi, deb”, - deydi Fleming.

Iyun oyida Jalolobod va O’shni yanchib o’tgan qirg’in mahallalarni xarobaga aylantirgan. 1600 dan ziyod xonadon yo’q qilingan.

Odamlar uylarini qayta qurishga kirishgan, jamoalar bir-biriga yordam bermoqda. Ammo ish shu darajada ko’pki, hukumat va xalqaro hamjamiyat yordamisiz uni eplash mushkul, deydi BMT rasmiylari.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG