Xuvaydo va uning avlodlari ijodini xotirlab... Muallif Begijon Ahmedov bilan suhbat


Yaqinda Bishkekda o’zbek tilida nashr etilgan “Guliston ko’ngillar ifori” kitobi Qirg’iziston jamoatchiligi hamda ziyolilar orasida katta qiziqish uyg’otdi.

Tasavvuf, ya’ni komil inson maqomiga erishish qoidalarini o’rganish borasidagi tushunchalar bilan boshlangan asarda Xuvaydoning qirg’iz zaminida yashab, faoliyat ko’rsatgan avlodlari, taniqli mutafakkirlar, ulamolar, donishmandlar haqida hikoya qilinadi.

Ushbu qissalar to’plami muallifi, tarixchi va publicist Begijon Ahmedovni suhbatga chorladik.

Aytish joizki, sho’rolar davrida va keyinchalik ham bir paytlar qirg’iz zaminida yashab ijod qilgan qator tarixiy shaxslar hayoti va faoliyatiga yetarli e’tibor berilmagan. Mutaxassislarning aytishicha, bu o’rinda oq dog’lar ko’p.

Begijon Ahmedovning kitobi sovetlar asos solgan dinsizlik davrida unutilib ketgan tasavvuf - ruhiy poklanish - fani borasida tushunchalar bilan boshlanib, “Avlodi Xuvaydo” (orif shoiru-mutafakkirlar sulolasi asoschisi Eshon Xuvaydo, qutlug’ avlod vakillari Mavlaviy Sirojiy, Salohiddin Soqib, Samarbonu haqida, Salohiddin Soqib tariqat ilmi bo’yicha Tupr sultoni Abdulhamid Ikkinchining ustozi bo’lgan, deyishadi), “Ustoz tazqirasi” (dunyoga tanilgan naqshbandiy Zuhriddin Mahdum domlaga bag’ishlangan) tarixiy qissalarini o’z ichiga olgan.

Muallifning ta’kidlashicha, aynan tasavvuf ilmi - ajdodlar merosini o’rganish, tushunish, o’zlashtirish uchun kalit misoli.

“Hozirgi madaniyatimizning, dinimizning, adabiyotimizning, ma’naviyatimizning holati va qanday qilib yuksalishga erishishimiz mumkin, degan savol meni ko’p o’ylantiradi”, - deydi Begijon Ahmedov.

“Yana bir masala: yurtimizda musulmonlar, ibodat qiluvchilar soni ko’paygani bilan, ming afsuski, haqiqiy islomiy, sharqona odobda, husni-xulqda yurgan birodarlarimiz ozchilikni tashkil etadi. Qissadan hissa - farzandlarga yoshligidan ajdodlar shakllantirgan asl qadriyatlarni singdirib borishimiz lozim”.

Muallif fikricha, aynan asl islomiy, sharqona bilim va tarbiya bois o’tgan asr boshlariga qadar (oktabr inqilobigacha) musulmonlar orasida ekstremizm, terrorizm ko’rinishlari umuman uchramagan.

Asarda qirgiz va o’zbek xalqlari umumiy tarixi, azaliy do’stlik rishtalari yorqin misollar, masalan, Salohiddin Soqib hamda Qurvonjon Dodho va Olimbek Dodholar o’rtasidagi samimiy munosabatlar timsolida ko’rsatilgan.

Tahlilchilarga ko’ra, mahalliy aholi orasida tarixiy, adabiy merosga qiziqish kuchayib bormoqda.

Begijon Ahmedov mintaqa mamlakatlari u yoki bu tarixiy shaxs bizniki, qabilida tortishuvlarni chetga surib, yagona umumtarix ustida ishlashlari lozimligini ta’kidlaydi. Ajdodlarning boy madaniy-ma’rifiy merosi barchamizga taalluqli va bashariyat taraqqiyotiga xizmat qilishi kerak, deydi u.

Begijon Ahmedov Nizomiy nomli Toshkent davlat pedagogika institutining tarix fakulteti hamda Qirg’iz Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Diplomatiya Akademiyasining aspiranturasini bitirgan.

Mavlono Jaloliddin Rumiy nomidagi sivilizatsiyalar, madaniyatlar va dinlar tarixi masalalarida izlanish bo’yicha xalqaro ilmiy-ma’rifiy jamg’armaning rahbari. Qator ilmiy-tahliliy, badiiy asarlar muallifi. Ahmedov - terrorizm, diniy ekstremizm va milliy xavfsizlik masalalari bo’yicha ekspert hamdir. Polkovnik harbiy unvoniga ega.

XS
SM
MD
LG