O'zbekiston O’shdagi voqealardan "xavotir va tashvishda"


O'zbekiston hukumati Qirg'izistonning O'sh shahrida ro'y berayotgan voqealar yuzasidan katta xavotir va tashvishda. Tashqi ishlar vazirligi bu haqda bayonot chiqargan. Unda keltirilishicha:

"Ommaviy tus olgan qotillik, talon-taroj va uylarga o’t qo’yish holatlari O’sh shahri va O’sh viloyatida yashayotgan o’zbek millatiga mansub aholiga nisbatan sodir etilayotganiga toqat qilib bo’lmaydi va bu jiddiy tashvish uyg’otmoqda".

Rasmiy Toshkent nazarida O'shdagi qotillik, talon-taroj va uylarga o't qo'yish holatlari "qabih niyatli kuchlar fitnasi tufayli sodir etilmoqda" va millatlar o'rtasida nizo qo'zg'atishga qaratilgan.

Qirg’izistonning O’zbekistondagi elchixonasini qo’riqlash kuchaytirilgan, elchixonaga murojaat qilmoqchi bo’lgan O’zbekistondagi o’shliklar jamoasi vakillari ortga qaytarilgan.

O’zbek matbuoti O’shdagi fojealar yuzasidan hech narsa demayapti. Fojeadan xabardor ziyolilar zo’ravonliklardan chuqur tashvishda. Milliy nizoni bartaraf etish uchun xalqaro kuchlar kiritilishi talab qilinmoqda.

12 iyun kuni ertalabdanoq Toshkendagi o’shliklar Qirg’iziston elchixonasi oldida to’plana boshlashdi. Elchixonaga kirish yo’llari to’sib qo’yilgan, militsiya odamlardan tarqalishni talab qiladi. Bino qarshisida to’plangan o’shliklar o’z tashvish-iztiroblarini kimga aytishni bilmaydi. Chorasizlikdan yig’layotgan ayollar ham ko’p.

Bu yerga ertaroq kelgan jamoa vakillaridan biri elchixonaga kirib chiqqan. “Yordam so’rab, vaziyatni tinchitishni, qirg’izlarni tinchitishni so’rab bordik, qog’ozlarni olib qolishdi”, - deydi u.

Uning aytishicha O’shdagi vaziyat juda yomon. “Uyga o’t yoqilsa, uydan chiqqanlar otilyapti, hamma yig’layapti, yordam so’rayashyapti”.

Fojea qamrovidan xabardor o’zbek ziyolilari O’shga zudlik bilan xalqaro kuchlar kiritilishi lozim deb hisoblaydi.

“Qirg’iz o’ziga tortsa, o’zbek o’ziga tortsa, qon to’kilishi davom etaveradi. Bu masalani BMT oldida ko’ndalang qo’yish kerak. Bu masalani Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (ShHT) hal qiladiganga o’xshamaydi, chunki kecha ShHT sammiti o’tgan paytda to’polon boshlangan edi. Nega bu masala shu paytda ko’ndalang qo’yilmadi. ShHT katta tashkilot, O’zbekiston birinchi galda qiziqib bu masalani ko’tarishi kerak edi”, - deydi yozuvchi Sobit Madaliyev.

Tarixchi olim Fayzulla Ishoqovga ko’ra, fojea qamrovi o’tgan asrning 90-yillarida kuzatilgan O’sh qirg’inidan ham oshib tushmoqda.

“Hali birorta kuzatuvchi kirmadi. Bu orada qancha odam o’lib ketyapti, mahallalarga o’t qo’yilyapti. Hozir miqyosi boshqa, talofat juda katta. Bilmadim O’zbekiston hukumati nima qilmoqchi, lekin askarlarini chegaraga olib borib qo’yipti. Lekin maqsadi faqat o’zini himoya qilish”, - deydi Ishoqov.

Ziyolilarga ko’ra O’zbekiston jamoatchiligi, xususan o’zbek matbuoti chetda qolayotgani achinarli.

“Nega odamlar informatsiyani faqat telefon orqali bir-biriga aytishi kerak? Nega mish-mishlar ko’payishi kerak? So’z erkinligi haqida gapiryapmiz. Nega matbuotimiz, gazetalarimiz jim, go’yo hech qanday fojea yo’qdek. Nega bu informatsiyani bizga Amerika, Rossiya yetkazishi kerak? Jamiyat bilishi kerak-ku nima bo’lyapti, shunda bo’htonlar kamayadi”, - deydi Sobit Madaliyev.

O’zbekistondagi o’shliklar fojea qurbonlari soat sayin oshib borayotganini bildirishmoqda. Ayrim ma’lumotlarga ko’ra ayollar va bolalardan iborat qochqinlar guruhiga O’zbekiston chegarasidan o’tishga ruxsat berilgan.

“Biz qochqinlar jon saqlashiga imkoniyat yaratib berishimiz kerak. O’zimizning qondoshlar. Agar qochqinlar ishida qirg’izlar bo’lsa, ularga ham joy berishimiz kerak”, - deydi Ishoqov.

Toshkentda Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammiti o’tishi barobarida O’shda qirg’izlar va o’zbeklar o’rtasida boshlangan to’qnashuv qamrovi kengayib bormoqda. Qirg’izistondagi vaqtli hukumat vaziyatni nazorat qila olmayotganini tan olgan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG