Ko’p yillik tanaffusdan so’ng Qirg’iziston teatri O’zbekiston bo’ylab ijodiy safarga chiqdi. O’sh O’zbek akademik drama teatri jamoasi Andijon, Farg’ona va Namangan viloyatlarining sahnalarida tomoshalar ko’rsatadi. Safar bilan bog’liq barcha sarflarni mezbon taraf o’z zimmasiga olgan.

Ikki hafta muqaddam o’shlik ijodkorlar Toshkentda hamkorlikni muhokama qilgan edi. Avvalroq o’zbek rasmiylari vodiyning eng keksa jamoalaridan biri bo’lmish O’sh teatriga moddiy yordam ko’rsatish niyatini bildirgan.

“Amerika Ovozi” teatrning badiiy rahbari Ziyoiddin Kamolov bilan suhbatda bo’ldi.

Kamolovning aytishicha, O’zbek akademik drama teatri Qirg’iziston va O’zbekiston o’rtasida do’stlik ko’prigidir. Jamoa mintaqada azaldan obro’-e’tiborga ega.

“O’zbek tilida qo’yilgan spektaklni Qirg’izistonda barcha tushunaveradi. O’zbekiston bo’ylab safarimizda biz “Aykol Manas”, deb nomlangan asarimizni tomoshabinlarga taqdim etmoqchimiz. Ushbu asarni qirg’iz tarixi va madaniyati namunalaridan biri, desa bo’ladi. Yaqinda Turkiyaga taklif etilganmiz. U yerga “Barsbek” asarini olib boramiz. Bu inson ham tarixiy shaxs”, - deydi suhbatdosh.

San’atkorlar fikricha, ikki o’lka orasida madaniyat jamoalari aloqalari ko’p yillardan buyon ancha susayib ketgan.

Ziyoiddin Kamolov bunday aloqalar tiklanishiga katta umidlar bog’laydi. Uningcha, bu kabi safarlar O’shdagi o’zbek teatri uchun yangi ufqlar ochadi.

“U yerdan yangiliklar, turli ma’lumotlar olmoqchimiz. Chunki sohamizda O’zbekiston ancha oldinga o’tib ketgan. Borib kelgandan so’ng yangi taassurotlarga ega bo’lamiz. Xullas, biz ortda qolib ketmaylik, degan maqsadimiz bor”, - deydi Kamolov.

O’zbekiston delegatsiyasining yaqinda Qirg’izistonga tashrifi chog’ida O’sh viloyat madaniyat arboblari, jumladan, o’zbek akademik drama teatri rahbarlari Toshkentga taklif qilingan edi.

“O’zbekistonda bu yil Bobur haqida spektakllar qo’yilmoqda ekan. Biz ham Pirimqul Qodirovning romani asosida “Bobur tug’yoni” asarini sahnalashtirmoqchimiz. Ushbu ishni amalga oshirishga hamda o’zbek hamkasblarimizning bizga kelib ketishlari uchun o’zbek tomoni ellik ming AQSh dollari ajratibdi”, - deydi Kamolov.

O’shda o’zbek teatri 1914-yildan buyon faoliyat ko’rsatayotgan bo’lib, Farg’ona vodiysida eng keksa jamoalardan. Rasmiy biografiyasi esa 1919-yili boshlangan.

“Shu yillardan beri teatrimiz o’ziga xos ziyo va ma’rifat markazi bo’lib xizmat qilmoqda. O’zbekiston bilan aloqalar rivojlanishi ortidan biz ijodimiz yanada taraqqiy etishiga, imkoniyatlarimiz yanada kengayishiga ishonamiz”, - deydi suhbatdosh.

Aytish joizki, Qirg’iziston davlat idoralari O’shdagi o’zbek drama teatriga imkon qadar diqqat-e’tibor ko’rsatib kelmoqda.

O’zbekistonga galdagi safar bahor oylariga mo’ljallangan bo’lib, unda ushbu jamoa “Bobur tug’yoni” spektaklini namoyish etishni rejalashtirgan.

Fikringiz

XS
SM
MD
LG