Breaking News

Qirg'izistonda saylovlar: ijobiy o'zgarishlar boshlanishimi yoki yangi zo'ravonliklar o'chog'i?


Saylovoldi manzara
Saylovoldi manzara

Yakshanba kuni Qirg'izistonda parlament saylovlari. Uning natijalari siyosiy tushkunlikka tushib qolgan respublika kelajagini belgilaydi. Qirg'iziston murakkab davrni boshdan kechirmoqda. Mutaxassislar nazarida saylovlar jiddiy sinovdir.

Aprel oyida poytaxt Bishkekda g'alayon ko'tarilib, prezident Qurmanbek Bakiyev mamlakatni tark etishga majbur bo'ldi. Muvaqqat hukumat parlamentni tarqatib yuborib, yangi saylovlar kuni belgilandi. Hukumatning zaifligi, janubiy viloyatlarning markazga bo'ysunmasligi, siyosiy tizimning darz ketishi oqibatida aholi xavfsizligi tahdid ostida qoldi.

Janubdagi o'zbeklar qatliomni boshdan kechirdi. Repressiyalar bugun ham davom etmoqda. Millatchi siyosatchilar saylovlarda g'alaba qozonsa, ahvol yanada yomonlashish ehtimoli bor.

Poygada 29 partiya ishtirok etmoqda. Ulardan biri sobiq bosh vazir Feliks Kulov boshchiligidagi "Or-Nomus" partiyasi. Kampaniyaga zo'r bergan. Yoshlarni jalb qilgan. Kuzatuvchilar fikricha, yosh elektorat ko'p narsani hal qilishga qodir.

Ko'p partiyalar saylov kampaniyasida korrupsiyaga qarshi kurashni asosiy shior qilib olgan. Chunki bu jamiyatni yemirayotgan illatlardan biri.

"Eskicha boshqarish vaqti o'tdi", - deydi partiyalardan birining vakili.

"Bizning partiyamiz yangi, a'zolarimiz yangi va yosh, ilgari hukumatda ishlamagan, o'qimishli".

Ochiq jamiyat instituti yoki Soros Jamg'armasi xodimi Ulan Shabinovning aytishicha, 35 ga yetmaganlar Qirg'iziston aholisining 40 foizini tashkil qiladi.

"Ular yangilik tarafdori. Poradan, qoloq maorifdan charchagan", - deydi u.

Janubdagi o'zbeklar qirg'iz yoshlarining optimizmidan yiroq. Iyun oyida qirg'inni boshidan kechirgan bu xalqning bir qismi uysiz-joysiz qolgan, butun o'yu-xayoli bir burda non topib, kunni eson-omon, bus-butun o'tkazib olish. Siyosat ko'ngilga sig'maydi. Qish arafasida issiqroq boshpana topish, yonib kul bo'lgan uylarini tiklash, yo'qolgan yoki kuyib bitgan hujjatlarini yangilash bilan ovora.

BMTning Qochqinlar bo'yicha oliy komissariati dasturi asosida 1300 ta vaqtinchalik uylar qurilgan. Kelasi hafta 100 oila u yerga ko'chishi kutilmoqda. Qish kirmasidan O'sh va Jalol-Obodda odamlar issiq kiyim, poyabzal, matras, ko'rpa-to'shak bilan ta'minlanadi, deydi BMT idorasi so'zlovchisi Melissa Fleming. Agentlikning saylov natijalaridan umidi katta.

Ba'zi tahlilchilar nazarida bu yilgi saylovlar oldingilaridan farq qiladi.

Nomzodlardan biri Edil Baysalovning aytishicha, kim g'alaba qozonishini oldindan bashorat qilish qiyin.

"Avval bunaqasi na Qirg'izistonda va na Markaziy Osiyoning boshqa davlatlarida kuzatilgan", - deydi u.

Iyun oxirida o'tkazilgan referendum natijasiga ko'ra, Qirg'iziston prezidentlikdan parlament tizimiga o'tmoqda. Bu saylovlarning yana bir xususiyatli tomoni. Avvaliga bunday o'zgarishni olqishlagan Rossiya rahbariyati keyinchalik unga qarshilik bildirgan. Ba'zi kuzatuvchilar nazarida Kreml "Or-Nomus"ni qo'llab-quvvatlashi mumkin. Yaqinda prezident Dmitriy Medvedev partiya rahbari Feliks Kulov bilan Moskvada suratga tushganiga ishora qilinmoqda.

Marhum adib Chingiz Aytmatovning qizi Shirin Aytmatova "Ota Makon" partiyasi a'zosi. Uning aytishicha, saylovlarda eskicha va yangicha qarashlar hokimiyat uchun kurashadi.

"Ayrimlar partiyalarni Rossiya yoki G'arbga xayrixoh deya ta'riflashga urinmoqda, lekin aslida ularning bir qismi G'arb qadriyatlarni targ'ib qilsa, boshqalari eskicha, Sovet usullarini qo'llamoqda", - deydi yozuvchining qizi.

Saylovlar yangi to'qnashuvlarga sabab bo'lishi mumkin, degan xavotir ham yo'q emas.

Sobiq gazeta muharriri Pyotr Chyornyak oldingi saylovlarda bo'lgani kabi ko'cha yana namoyishlar va tartibsizliklarga to'ladi, deydi.

Shirin Aytmatova fikricha, Qirg'izistonda siyosiy jarayonlarni bashorat qilish qiyin bo'lib qoldi.

"Uyquga ketayotib, ertalab qanday mamlakatda uyg'onishingni bilmaysan, kishi".

Xavfsizlikni ta'minlash maqsadida ko'p joylarda armiya va militsiya nazorat punktlari tuzilgan.

Qo'shma Shtatlarni parlament saylovlaridan so'ng unga qarashli "Manas" aviabazasi taqdiri nima bo'lishi ko'proq qiziqtiradi.

"Vashington Post" gazetasiga ko'ra, baza qolishi mumkin, ammo yangi hukumat ijara haqini oshirishi ehtimolga yaqinroq. "Oq shunqor" partiyasi sardori, sobiq moliya vaziri Temir Sariyev "hokimiyatga kelsak, baza uchun ijara haqini yiliga 100 million dollarga ko'taramiz" demoqda. Ayni damda Qo'shma Shtatlar 60 million dollar to'laydi.

Bundan tashqari, deydi Sariyev, amerikaliklarning bazada qolishining aniq muddati belgilanib, u orqali o'tayotgan yuklar tekshiriladi.

  • 16x9 Image

    Odil Ro'zaliyev

    Odil AQShning Tafts Universitetida (Tufts University) magistrlik darajasini olgan. Ungacha O'zbekistonda Jahon tillar universitetida tahsil qolgan, Nyu-Yorkdagi Peys universitetida bir yil almashinuv dasturi bo'yicha o'qigan. 

    Odil graduated from the Uzbekistan State World Languages University. Then he was an exchange student at Pace University in New York for one year (1993-1994). He got his Master's degree from Tufts University in Massachusetts in 2004.

XS
SM
MD
LG