Ravshan Jeyenbekov: "Revanshistlar prezident vakolatini tiklamoqchi"


Ravshan Jeyenbekov, "Ota-Makon" partiyasi a'zosi

Ravshan Jeyenbekov, "Ota-Makon" partiyasi a'zosi

Qirg'izistonda parlamentga kirgan Ota-Makon partiyasi vakilining aytishicha, "Or-Nomus" va "Ota-Yurt" partiyalari parlament tizimidan voz kechmoqchi.



Qirg'izistonda parlament saylovlari o'tib, besh partiya qonunchlik organiga kirgan. Ayni damda ular koalitsiya tuzish uchun o'ziga maslakdosh bo'lgan guruhlar bilan muzokara olib bormoqda. Ulardan biri "Ota-Makon" sotsialistlar partiyasi. Poygada 5-o'rinni oldi. Partiya vakili Ravshan Jeyenbekovning aytishicha, saylov natijalari kutilmagan bo'ldi.

"Eng ko'p ovoz olamiz, deb umid qilgan edik. Ammo oxir-oqibatda 5-o'rinni oldik xolos. Umuman olganda saylovlar ochiq o'tdi. Bu Qirg'iziston tarixida eng demokratik saylovlardir. Mintaqada avtoritar davlatlar qurshovidagi Qirg'iziston uchun bu juda muhim", - deydi endigina saylangan deputat.

Parlamentga kirgan 5 partiyadan biri sobiq prezident Qurmanbek Bakiyevga aloqador. "Ota-Yurt". Ko'pchilik uni millatchi partiya deb ataydi. Uning saylovlarda eng ko'p ovoz olgani barchani shoshirib qo'ydi. Jumladan, Ravshan Jeyenbekovni ham.

""Ota-Yurt" g'alabasi biz uchun kutilmagan hol bo'ldi. Bakiyev janubdan bo'lgani uchun uning tarafdorlariga asosan janubliklar va millatchilar ovoz bergan. Janubliklarda mahalliychilik hissi kuchli. Hokimiyat tepasida o'zlaridan chiqqan odam bo'lishini istashadi".

Ravshan Jeyenbekov 40 yoshda. "Ota-Makon" sotsialistlar partiyasidan parlamentga kirgan 19 deputatdan biri. Qirg'izistonga aprel oyida Bakiyev hukumatini ag'dargan g'alayondan so'ng qaytishga muvaffaq bo'ldi. Ungacha 4 yil AQShda siyosiy surgunda edi. Sobiq prezident Bakiyevning ashaddiy tanqidchilaridan. O'z vaqtida Malayziyada elchi, Qirg'iziston Mulk qo'mitasi raisi bo'lib ishlagan. Otasi "Ochiq siyosat"gazetasiga egalik qiladi.

Qirg'iziston kelasi oydan parlament tizimiga o'tishga kirishar ekan, sobiq bosh vazir Feliks Kulov boshchiligidagi "Or-Nomus" "Ota-Yurt" bilan birgalikda prezidentlik vakolatlarini tiklamoqchi. Ravshan Jeyenbekov bu ikki partiyani revanshistlar, o'zlarini esa inqilobchilar deb ataydi.

"Revanshist partiyalar birlashib, parlamentda ko'pchilikni tashkil etsa, referendum orqali bunga harakat qilib ko'rishi mumkin. Biroq bizda ham ularga qarshilik ko'rsatish uchun yetarlicha kuch bor, deb o'ylayman. Buning uchun kelasi 1-2 yil ichida iqtisodiyotni tiklab, xalq ishonchini qozonishimiz kerak".

Deputatning aytishicha, uning "Ota-Makon" partiyasi yevropacha sotsialistik tuzum qurish tarafdori. Barcha balolar ijtimoiy xavfsizlik mexanizmining yo'qligidan, deydi u.

"Iyun voqealari janubdagi ko'p yillik muammolar oqibati deb o'ylayman. Og'ir iqtisodiy va ijtimoiy vaziyat, yechimini topmagan elatlararo muammolar, geosiyosiy ahvol - bularning barchasi iyun oyida portlab ketdi".

Janubda o'zbeklar ovozlariga umid qilgan edik, ammo ularning yarmi ham bizga ovoz bermadi. Asosan "Ota-Yurt" va "Or-Nomus"ga ovoz berishdi, deydi afsuslanib deputat.

Kuzatuvchilarga ko'ra, ba'zi joylarda saylovchilar ro'yxati eskiligi aniqlangan. Janubda iyun oyidagi zo'ravonliklarda hujjatlarini qo'yotgan o'zbeklar ovoz bera olmagan. Ismi oshkor etilishini istamagan amerikalik kuzatuvchilardan birining Amerika Ovozining Bishkekdagi muxbiriga aytishicha, O'sh rasmiylari "Ota-Yurt" partiyasi foydasiga ish tutgan.

Ravshan Jeyenbekov nazarida ham qonunbuzarliklar bo'lgan.

"O'zbek elektoratini qo'rqitishgani haqida ma'lumotlar bor. Ularni tekshiryapmiz".

Texnik muammolar sabab 5 foizlik dovondan o'tish uchun 0,16 foiz ovoz ololmaganini da'vo qilayotgan oltinchi partiya - "Butun Qirg'iziston" kecha janubda namoyish o'tkazib, ovozlarning qayta hisoblanishini talab qilgan edi. Bugun Bishkekda "Or-Nomus" partiyasi vakilining aytishicha, parlamentga kirgan besh partiya rahbarlari bunga rozi bo'ldi.

XS
SM
MD
LG