Breaking News

O’shliklar o’qish oktyabrga ko’chgani tuzukdir, bexatarroq, deydi


Studentlar o’qishga kelasi yil o’rtalarida, ya’ni 10 oktyabrdan keyin parlament saylovlaridan so'ng keladi. Rasmiylar so’zlariga ko’ra, bu chora saylovda talabalar ovozi suiiste’mol qilinmasin uchun ko’rilmoqda. Darhaqiqat, avvalgi saylovlarda ma’muriy resurs keng qo’llanilgan bo’lib, studentlar ovozi jarayonda alohida o’rin olgan.

O’shlik qalamkash Muhammadsoli Ismolilovning aytishicha:

“Hozirgi ijtimoiy-siyosiy vaziyatni hisobga olganda to’g’ri qilinayotgan bo’lsa kerak.Sababi millatlararo nizodan keying vaziyat jindak bo’lsa ham izga tushib ketishi uchun, balki shu zarurdir. Yoshlarni har xil yo’lga solish mumkin-da. Yoshlar qiziqqon bo’ladi. Ularning ishtirokida har xil aksiyalarni, tadbirlarni uyushtirish mumkin. To’polonlar avj olib odamlarni yuragi o’zi po’killab turgan paytda…", -deydi u.

"Tinchlikni ta’minlash uchun qilinayotgan choralardan biri bo’lsa kerak. Endi o’quvchilarning darsdan orqada qolishiga kelsak, bu prosessni keyin to’ldirib olsa ham bo’laveradi. Lekin bizga hozir ijtimoiy-siyosiy barqarorlik, tinchlik kerak”, - deydi Ismoilov.

Tahlilchi Ahmadjon Muhammadjonov fikricha ham hukumat hozirgi chigal vaziyatdan kelib chiqib, o’qishni kechroqqa qoldirgan.

“Ehtimol, bu to’g’ridir. Chunki vaziyat nihoyatda keskin bo’lib turibdi. Ayniqsa, saylov davrida ana shu keskinlik kuchatib ketishi mumkin degan xavotir bor. Yoshlar har qandat jamiyatda eng katta potensial sifatida baholanib kelgan. Ayrim kuchlar ana shu potensial, ana shu kuchdan foydalanib qolishga urinishi ham tabiiy hol. Bu yilgi voqealar ham buni ko’rsatdi".

"Hozirgi hokimiyat boshqaruvni to’liq o’z qo’liga olomayotgandek tuyuladi. Aytalik, mitinglarning eng faol ishtirokchilari – yoshlar. Har qandat keskin harakatlarning eng aktiv qatnashchilari – yoshlar. Ehtimol, yoshlarga doir siyosat yaxshi ishlab chiqilmagani mana shunday oqibatlarga yetaklashi mumkin”, - deydi Muhammadjonov.

Janubiy Qirg’izistonda universitetlarga kiruvchilar soni keskin kamaygan. Bunga hududda yuz bergan xunrezliklar sabab bo’lgani sir emas. Mahalliy nodavlat tashkilotlar axborotiga ko’ra, O’shdagi yirik universitetga hujjat topshirganlar soni avvalgi yillardan bir necha barobar oz bo’lgan. Aksar o’zbek yoshlari qo’shni o’lkalarda o’qishni afzal ko’rgan.

“Bunga ham millatlararo nizo birinchi sabablardan bo’lsa kerak. Keyin davlat tasarrufidagi kuch strukturalariga ayniqsa o’zbeklarning ishonchi juda susayib ketdi. Har xil nohaqliklar, bahona topib turibla, hech narsa qilmasa ham beayb so’roq qilishlar odamlarni shu holatga yetkazdi. Odamlar bolalarni ta’lim olmasa ham tinch yursin, boshi omon bo’lsin, bir kun o’qib olar deb maktabga yubormay qo’ygan", - deydi Ismoilov.

"Mahalla, shahar, qishloqlarda o’zimiz eshitayapmiz buni. O’zimning kichik kelinim ikkinchi kursda o’qiydi. Hali sessiyalarini topshirmasdan to’polonlar chiqib ketdi. Sessiyaga yuborishga biz cho’chidik. Boshqa oilalarda ham shunday bo’layapti deb o’ylayman. Ilgari o’zbek fakultetlari bo’lardi, Qirg’iz-o’zbek universitetiga intilishardi. Endi mana bu to’polonlar chiqqandan keyin hattoki umumta’lim maktablari ham yopilib ketar ekan, endi bolalarimizni qayerda o’qitamiz? O’zbekistonga yoki qo’shni respublikalarga jo’natmasak, bolalarimiz qayerda o’qiydi degan gaplarni ko’p uchratayapmiz. Yoshlarni o’qiyman degan orzulari bu yil puchga chiqdi-da. Ular bir yerga hujjat topshirishni hatto xayoliga ham keltirmayapti. Hali shok holatidan chiqishgani yo’q”, - deydi Muhammadsoli Ismoilov.

“Mamlakat kelajagi, xalqning kelajagi ana shu yosh avlodda-da. Ular agarda o’qimiydigan bo’lsa, bu, demak, ilmsizlik, tushkunlik botqog’i tomon ketib boramiz. Davlatni davlat qilib turgan odamlar-ku! Fuqarolar har tomonga tarqalib chiqib ketaversa, uning hech narsasi qolmaydi-ku! Ayniqsa, yoshlar chiqib ketadigan bo’lsa, bu yaxshilikka olib kelmaydi”, - deydi suhbatdosh.

Ota-onalar oliygohlarni malakali mutaxassislar ham tark etayotganidan xavotirda. Ko’pchilik oliy o’quv-yurtlarida do’stlik, o’zaro ishonch, birdalikka asoslangan muhit tuzish darkorligini aytadi. Tahlilchilar fikricha, mamlakatdagi vaziyat o’nglansa, ilm-fanga qiziqish ortishi, demak, oliygohlar mavqei ko’tarilishi tayin.

“Har qanday ota-onani bunday vaziyat xavotirga solishi tabiiy. O’z farzandlarini chetga yuborayotgan yoki oliy o’quv yurtlarida o’qishiga qarshi chiqayotgan ota-onalar tushunish mumkin. Umid qilamiz, vaziyat izga tushib, hamma narsa o’z holiga qaytganidan keyin bunday ko’ngilsiz holler o’z-o’zidan kamayadi, hatto barham topishi ham mumkin”.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG