Qirg'iziston dehqonlari: Mehnat qilsang rohatini ko'rasan


Aravonlik dehqon Bahrom akaning issiqxonasi

Aravonlik dehqon Bahrom akaning issiqxonasi

Mustaqillikning dastlabki yillarida Qirg’izistonda qishloq yerlari xususiylashtirilib, minglab mayda oilaviy dehqon xo’jaliklari vujudga kelgan. Aytish joizki, mamlakatning aholi zich joylashgan janubiy hududida ekin maydonlari taqchil bo’lib, o’rta xonadonga nasib etgan yer ulushi odatda yarim gektardan sal oshadi.

Hozirda qishloq mehnatkashlarining ahvoli qanday, bozor iqtisodi sharoitida ular qanday yashamoqda?


O’sh viloyat Aravon tumanilik Ismoiljon Teshaboyev oilaviy dehqon xo’jaligi boshlig’i. Xonadon sabzavot hamda chorva mahsulotlari yetishtiradi.

“Yerlar mehnatkashlarga bo’lib berilgani yaxshi bo’ldi. Yer ulushlari uncha katta bo’lmasa-da, odamlarimiz o’z dala xo’jaligi hisobiga baholi-qudrat ro’zg’or tebratishayapti. Qishloq ahlining bosimli qismi o’ziga to’q, ammo kamxarjlari ham yo’q emas, ayniqsa ko’p farzandli xonadonlar orasida”, - deydi u.

Uning aytishicha, o’tgan yil dehqon uchun qiyin kechdi. Narx o’ta pastligi sabab kartoshka, karam, pomidor ekkanlarning bozori kasod bo’ldi. Ko’pchilik katta zarar ko’rdi.

“Hammasi dehqonlarimizning o’zbilarmonligi, rejasizlikdan kelib chiqdi. Bir-ikki xil sabzavotga zo’r berdik. Oqibatda bozorlarga sig’may qolgan hosilni bir tangaga olmay qo’ydilar”, - deydi Teshaboyev.

Uningcha, ekin turlarini tanlash - ixtisoslashish, yetishtirilgan hosilni sotish ishlarida dehqon xo’jaliklariga ko’mak, maslahat kerak. Shuningdek, fermerlar imtiyozli kreditlarga muhtoj.

O’lkada texnika, o’simliklarni himoya qilish kabi mayda xo’jaliklarga xizmat ko’rsatish xizmatlari shakllanmagan. Hosilni joylarda qayta ishlash, shuningdek, qishloq xo’jalik mahsulotlarini chetga chiqarish ishlari yaxshi yo’lga qo’yilmagan.

Suhbatdosh dehqonlar ish bilan bo’lib, o’z salomatliklari haqida unutib qo’yaoytganiga achinadi.

“Avvallari kasaba uyushmasi degan narsa bo’lar edi. Qani endi qishloq ahliga ham oromgohlarga cho’ntakka yarasha yo’llanma bo’lsa”, - deydi u.

Ismoil Mamajonovning asl kasbi muhandis. Hozirda bozorda savdo yuritmoqda. Tungi ulgurji bozorda u dehqonlar olib kelgan mahsulotni sotib olib, kunduzi savdo qiladi. So’nggi yillarda faoliyatning bu turi ko’plab qirg’izistonliklar uchun tirikchilik manbai bo’lib qolgan.

“Dehqon borga ham, yo’qqa ham shukr qilib yashaydi. Pishiqchilik paytida ko’kragini ko’tarib oladi. Yetishtirilgan mahsulotga narx pastligi, mineral o’g’itlar qimmatligi kabi muammolar boshini qotirsa-da, turmush yomon emas. Mehnat qilsa, rohatini ko’radi har kim”, - deydi suhbatdosh.

Uningcha, oxirgi ikki yil mobaynida odamlar qo’lidan pul qochgani bois avvalgi paytlardagiday katta-katta uylar qurish, dabdabali marosimlar o’tkazishga ruju qo’yish hollari ancha kamaydi.

Ismoil Mamajonov bolalari oliy ma’lumotli bo’lishini istaydi. Ayni paytda keyingi yillarda qishloq o’smirlarining bosimli qismi o’rta ma’lumot bilan cheklanmoqda. Katta pul sarflab oliygohda o’qib, keyin ishsiz qolgandan hunar o’rgangan afzal, degan fikr keng tarqalgan.

Ne bo’lsa-da, dehqon - ulug’ nom. Kunni kun, tunni tun demay ter to’kar ekan, mehnat ahli Yaratgan Ollohdan qut-baraka, tinchlik-omonlik, ahillik tilaydi.

XS
SM
MD
LG