O’sh va Jalol-Obodda qaltis vaziyatni ushlab turishdan kim manfaatdor?


Xalqaro donorlar O’sh va Jalol-Obodda kechgan zo’ravonlik oqibatini bartaraf etish, mamlakatdagi og’ir iqtisodiy-ijtimoiy vaziyatni yaxshilash uchun 1,1 milliard dollar yordam ajratishga va’da qilgan. Mablag’ning dastlabki qismi shu yilning o’zida ajratilishi kutilmoqda.

Qirg’indan keyingi vaziyat hamon qaltis. Imkon topayotgan o’zbeklar mamlakatdan ko’chib ketish harakatida. Ko’chayotgan va Qirg’izistonda qolayotgan o’zbeklarda ham xavfsizlik ta’minlanishiga ishonch kam.

Muvaqqat hukumat hozirgacha etnik vaziyatni yumshata olgani yo’q, bosim va tazyiqlar to’xtatilmadi. Qirg’izistonga xalqaro yordam ko’rsatilar ekan, o’zbekistonlik faollar qirg’inning asosiy jabrdiydalari - mahalliy o’zbeklar xavfsizligi va sharoitini inobatga olish kerakligini ta’kidlashadi.

Xalqaro yordam nazorati

Qirg’in paytida xalqaro tashkilotlar tomonidan ko’rsatilgan insonparvarlik yordami chekka qishloqlarga qochib jon saqlagan o’zbeklarga yetib bormagan edi. Shu bois, deydi faollar, dunyo ahli ajratayotgan hozirgi ko’mak zo’ravonlik nishoniga aylangan o’zbeklar xavfsizligi kafolatlanishi bilan bog’liq bo’lishi kerak.

20 yil avval yuz bergan O’sh-O’zgan voqealari haqida turkum maqolalar yozgan jurnalist Yoqubjon Xo’jamberdiyev fikricha, xunrezlik takrorlanmasligi uchun xalqaro jamoatchilik yordamni kimga va nima uchun berayotganini aniq nazorat qilishi kerak.

“U yerda qirg’inlar sababini o’rganish uchun ham, moddiy yordamni to’g’ridan-to’g’ri yetib borishi uchun ham, albatta xalqaro nazorat zarur. Bo’lmasa bundan 20 yil oldingi voqealar kabi ayb o’zbeklarga ag’dariladi, o’zbeklar hech qanday yordamsiz qolaveradi. Yordam maqsadli tashkil etilsin, ya’ni kimning uyi yongan, o’sha joyga yordam to’g’ridan-to’g’ri borishi kerak. Hozircha yordamni bunday yo’naltirish loyihasi tashkil qilinganicha yo’q”, - deydi Yoqubjon Xo’jamberdiyev.

Aholini uy bilan ta'minlash ustuvor vazifa

Xalqaro donorlar kelasi 2,5 yilda Qirg’izistonga bir milliard dollardan oshiq yordam va’da qilgan. Birinchi qismi shu yilning o’zida ajratilishi kutilmoqda. Dastlabki yordam qirg’indan jabrlangan aholi turmushini yaxshilashga sarflanishi kerak.

BMT hisobotiga ko’ra, iyun oyidagi zo’ravonliklar paytida 75 ming odam uy-joysiz qolgan, aksariyati o’zbeklar. O’shdagi o’zbek mahallalarida 75 foiz xonadonlarga talofat yetgan, ularning 19 foizi batamom vayron qilingan. Qirg’izistonga yordam ko’rsatish bo’yicha tuzilgan xalqaro guruh uysiz qolganlarni uy bilan ta’minlashni ustuvor vazifa deb hisoblaydi.

O’zbekistondan O’sh va Jalol-Obodga qaytarilgan qochqinlarning ko’pchiligi hozirgacha uylari butun qolgan qarindoshlarinikida yoki qochqinlar uchun barpo etilgan palatkalarda yashamoqda.

... lekin O'shni qayta qurish loyihasi o'zbek aholiga ma'qul emas

O’sh shahar hokimiyati shaharni qayta qurish loyihasini taklif etmoqda. Yondirilgan hovlilar o’rnida ko’p qavatli uylar ko’tarish rejasi o’zbeklar tomonidan norozilik bilan kutib olinayotgani ma’lum.

“O’zbeklar tomonidan bunga juda salbiy munosabat bildirilyapti. Roza Otunbayeva vayrona bo’lgan uylar o’rniga imorat quriladi degan va’dani bermoqchi degan gap bo’lishiga qaramasdan, O’sh hokimi uni ko’rsatmalarini bajarmoqchi emas. U kecha qilgan bayonotida O’sh bozori o’rnida ko’prik qurilishini, yonib ketgan o’zbeklar uyi o’rnida aralash millatlar yashaydigan ko’p qavatli imoratlar bo’ladi dedi. Bu loyiha amalga oshirila boshlanganini ham aytdi. Shuning uchun ham donor mamlakatlar shartini janubdagi rahbarlar bajarish niyatida emas”, - deydi farg’onalik tahlilchi Abdusalom Ergashev.

Prezident Roza Otunbayeva 30-31 iyul kunlari O’shga safar qilib, uylari yonib ketgan o’zbeklarning bir guruhi bilan uchrashgan. Uylarni tiklash va’dasi berilgan.

Janubda millatchilik kuchli

Siyosiy sharhlovchi Farxod Tolipov nazarida xalqaro yordam ayni paytda keskinlashgan vaziyatni bir qadar yumshatishga xizmat qiladi.

“Ish o’rinlari tashkil etilsa, noroziliklar, millatchilik bilan bog’liq keskinliklar ehtimoli kamayadi - albatta, bu xalqaro yordam xalq turmushini ozgina ko’tarishga, barqarorlikni rivojlantirishga sarflansa”, - deydi Tolipov.

Faollarga ko’ra ayni paytda markaziy hukumat janubdagi vaziyat ustidan to’liq nazoratga ega emas. Janubdagi siyosiy yetakchilarda millatchilik kayfiyati kuchli, o’zbeklarni shahar markazidan siqib chiqarish harakati bormoqda.

“O’zbeklar o’zi shundoq ham chekkaga chiqarib tashlangan. Agar shahardagi o’zbek mahallalari o’rniga ko’p qavatli uylar qurilsa, o’zbeklar yana chekkaga chiqariladi. Asosiy maqsad shunda. Shuning uchun ham o’zbeklar ko’p qavatli uylar qurilishiga qarshi”, - deydi Yoqubjon Xo’jamberdiyev.

"Surishtiruv ishlari nega faqat o’zbek mahallalarida bo’layapti?"

O’qish mavsumi yaqinlashayotganiga qaramasdan yonib ketgan o’zbek maktablarini tiklash ishlari boshlanmagan. O’sh va Jalol-Obodda nafaqat o’zbeklarga qarashli universitet, maktablar, bolalar bog’chalari, balki o’zbek teatri, axborot vositalari binolari ham yondirilgan.

“Shuncha qirg’in bo’ldi, nega hozir biz faqat o’zbeklar qamalayotganini eshitayapmiz? Surishtiruv ishlari nega faqat o’zbek mahallalarida bo’layapti? Men Alay tomondan bostirib kelgan yosh yalanglarni ushladi yoki qamadi deb eshitganim yo’q. Faqat Bakiyevning odamlari yoki o’zbeklar qamaladi. Mayli, aybi bo’lsa javob berar. Lekin yoshlarga qurol tarqatgan harbiylar, militsiya nega javobgarlikka tortilmaydi. 90-yillardagi qirg’inlarda ham qancha odam ustidan tergov bo’ldi, lekin hech kim javobgarlikka tortilmasdan ish yopilib ketdi. Xuddi shuning uchun, jinoyatchilar millatchilik tufayli jazosiz qolgani uchun ham, bugungi qirg’inlar takrorlandi. Oradan 20 yil o’tib, 20 yoshlardagi yigitlar kelib, yana o’zbeklarni qatliom qilishdi. Genotsid qildi, buni boshqacha aytish mumkin emas”, - deydi adabiyotshunos Botir Norboyev.

Qirg’iz hukumati olib borayotgan surishtiruvlarda asosan o’zbeklar ayblanmoqda. O’zbek faollarining ko’pchiligi millatlararo nizo qo’zg’ash aybi bilan hibsda. Hozirgacha zo’ravonliklar yuzasidan tekshiruv o’tkazuvchi bir necha komissiya tuzildi. Ayrimlari dastlabki xulosalarini e’lon qilishga ham ulgurdi.

Qirg’iziston Ombudsmani Tursunboy Akun boshchiligida tuzilgan komissiya tartibsizliklar o’zbeklar tomonidan rejalashtirilgan, degan dastlabki xulosasini ma'lum qilgan. Bir necha masjid imomlari ishdan chetlatilgani ham xabar qilinmoqda.

Sharhlovchilar nazarida nafaqat qirg’iz hukumati, balki qirg’iz jamoatchiligi darajasida ham etnik vaziyatni yumshatish harakati kuzatilmayapti.

“Kim biladi, ehtimol rahmatli Chingiz Aytmatov tirik bo’lganida biz undan biror munosabat eshitarmidik. Lekin hozir Qirg’izistonda qirg’in haqida dadil gapiradigan odamning o’zi topilmayapti. Bittagina Tolekan Ismoilova degani chiqib, "bu yerda o’zbeklarga nisbatan qirg’in bo’lyapti" degan edi. Oqibatda u ham mamlakatdan chiqib ketishga majbur bo’ldi”, - deydi sharhlovchi Muzaffar Valiyev.

Xalqaro politsiyaga qarshilik

O’shda vaziyat keskin. Tahlilchilar fikricha vaziyatni shu holda ushlab turishdan asosan janubdagi hokimiyat manfaatdor. O’sh shahar kengashi deputatlari xalqaro politsiya shaharga kiritilishiga qarshi ovoz berishgan. O’shdagi qirg’iz aholisi bir necha bor norozilik aksiyasini ham o’tkazishdi.

O’zbeklarda esa Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining (YXHT) politsiya guruhi kiritilishi ta’qiblarni bir qadar to’xtatishi mumkin degan umid bor.

“YXHT politsiyasiga qarshi bo’layotgan aksiyalardan maqsad - bo’lib o’tgan voqealar sabablarini yashirish. Bir millat vakillaridan iborat komissiya millatlararo nizoda hech qachon xolis xulosa chiqara olmaydi. Bu yerda bir millat ichida mojaro bo’lganda, o’sha millatning o’zi hal etishi mumkin edi. Ammo bu yerda gap ikki millat haqida ketayapti, buni albatta uchinchi tomon, boshqa bir xalqaro tashkilot hal etmasa bo’lmaydi”, - degan fikrda jurnalist Yoqubjon Xo’jamberdiyev.

Oktabr oyida Qirg’izistonda parlament saylovlari o’tishi kerak. Xavotir shuki, janubdagi siyosiy kuchlar saylov natijasida vaziyatni yanada keskinlashtirishdan manfaatdor bo’lishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG