Qirg'iz faoli: Xalqimga xizmat qiladigan hukumat kerak


“Qirg’iziston xalqi ahmoq emas, u mehnatkash, kamtarin va mard, qo’rqmas xalq. Uning shijoatiga ishonaman",- deydi Anara Dautalieva, yangi konstitutsiya loyihasi ustida ishlayotgan faollardan biri.

“Qirg’iziston xalqi ahmoq emas, u mehnatkash, kamtarin va mard, qo’rqmas xalq. Uning shijoatiga ishonaman",- deydi Anara Dautalieva, yangi konstitutsiya loyihasi ustida ishlayotgan faollardan biri.

Qirg’iziston mana ikkinchi oy tahlika ostida hayot kechirmoqda. Kurmanbek Bakiyev qonli namoyishlar natijasida prezidentlikdan ketgach, muxolifat hokimiyatga keldi.

Bu muvaqqat rahbarlar butun Qirg’iziston bo’ylab nazorat o’rnatganini aytadi. Yangi konstitutsiya loyihasi muhokamada.

Lekin janubda, xususan Jalolobodda, Bakiyev katta bo’lgan viloyatda, vaziyat qaltis. Uning tarafdorlarini zo’ravonlikdan tiyilishga ko’ndirish oson kechmayapti.

Ishsizlik va moliyaviy yetishmovchilikdan to’ygan xalq orasida hukumatga ishonch past, uni kim egallashidan qat’iy nazar.

Anara Dautalieva, Qirg’iziston qishloq hayotini yaxshilash uchun kurashayotgan faollardan biri. Davlatning yangi bosh qomusi ustida ishlayotgan hay'at a'zolaridan biri.

U asos solgan nohukumat tashkilot "Toza Tabiat" ("Taza Tabig'at") deya nomlangan.

“Bunda nafaqat atrof-muhitni nazarda tutamiz, balki aholi ongini turli illatlardan, bizni azaldan o’ziga qul qilib olgan odatlardan qutulishni ham ko’zlaymiz”, - deydi mutaxassis.

“Qay sohada bo’lmasin, jamiyatni, inson manfaatlarini himoya qilishni o’z vazifamiz deb bilamiz”.

Faol nazarida odamlarning siyosiy-ijtimoiy bilimini oshirish kerak, toki ular bilib-bilmay birovga ergashmasin

Faol nazarida odamlarning siyosiy-ijtimoiy bilimini oshirish kerak, toki ular bilib-bilmay birovga ergashmasin

Qirg’izistonning nochor, hukumat e’tiboridan uzoqda bo’lgan bir qishlog’ida ulg’aygan bu ayol 2002 yildan beri turli sanoatlarning, xususan Xitoy ochgan zavodlarning ekologiya va hayotga keltirayotgan zararini o’rganib, bet-bet hisobotlar tayyorlagan, choralar ko’rilishi uchun kurashgan. Qo’shma korxonalar millionlab dollar jarima to’lagan, mablag’ omma orasida taqsimlangan.

Anara Dautalieva 7 aprel kuni, Kurmanbek Bakiyev prezidentlikdan ag'darilgan kuni, Bishkekda bo’lgan.

“Odamlar nega ko’chaga chiqqani, nima istagani va hukumat bunga qanday javob berganiga o’z ko’zim bilan guvohman”, - deydi u.

Bu to’polonlar ortida Rossiya turibdi, namoyishchilar aslida yollangan odamlar bo’lgan degan fikrlarga u umuman qo’shilmaydi.

"Prezident va uning oilasi butun boyliklarni o’ziniki qilib olsa, nega xalq qo’l qovushtirib o’tirishi kerak? Buni ochiq yozgan jurnalistlarni o’ldirishdi, muxolifatchilarni ketma-ket qamay boshlashdi axir”, - deya ajablanadi u.

“Qirg’iziston xalqi ahmoq emas, u mehnatkash, kamtarin va mard, qo’rqmas xalq. Uning shijoatiga ishonaman, chunki buni qayta-qayta isbotlagan”, - deydi faol.

Xalqaro moliyaviy tashkilotlar bergan kreditlar xalqqa biror naf keltirmagan, deydi qirg'iz faol

Xalqaro moliyaviy tashkilotlar bergan kreditlar xalqqa biror naf keltirmagan, deydi qirg'iz faol

Lekin Anara Dautaliyeva namoyishlar qonli tus olganidan, insonlar halok bo’lganidan afsusda.

“Uzoq qarindoshim, yosh bir yigit, Aqlbek Tulyonov, o’sha kuni maydonda otib o’ldirildi. Telefonda gaplashib turganida og’zini nishonga olishgan. Snayperlar, maxsus kuchlar, hech kimni ayamadi. Qancha-qancha odamlar bosh, oyoq, qo’lidan o’q yeb jon berdi. 85 kishi o’lgan bo’lsa, ularning aksariyati yoshlar edi. Ularning hayoti hali oldinda edi. Bu yurtimiz uchun fojia”,- deydi u.

Anara Dautalievaning qarashi shuki, har bir xalq o’zi oyoqqa turishi, barqaror bir jamiyatga aylanishi uchun oldida qanday to’siqlar borligini ochiq tan olishi, uni orqaga tortayotgan muammolarga yechim izlashi, buning uchun fuqarolar orasida muloqot yo’lga qo’yilishi, odamlar bir-birining fikrini tinglay olishi, unga toqat qila olishi zarur.

Fuqaro huquqi va burchini bir-biridan ajrata olmaysiz, deydi u.

“Odamlarning siyosiy-ijtimoiy bilimini oshirish kerak, toki ular bilib-bilmay birovga ergashmasin, ayniqsa yoshlar. Uning uchun ta’lim-tarbiyani yaxshi yo’lga qo’yish kerak. Ongimiz toza, sog’lom bo’lmasa, azobni ham o’zimiz tortamiz”, - deydi u.

Anara Dautaliyeva Jahon Banki, Xalqaro Valyuta Jamg’armasi, Osiyo Taraqqiyot Banki singari rivojlanish yo’lida qarz beradigan tashkilotlarning ishi va loyihalarini kuzatadi.

“Ishonch bilan aytamanki, Qirg’iziston hukumatiga berilayotgan kreditlar xalqqa ko’p foyda keltirmagan”, - deydi u.

Xususan Jahon Banki proyektlari, ekologik va iqtisodiy dasturlar, biror samara bermagan, chunki ular to’g’ri tuzilmagan va olib borilmagan. Berilgan qarzlarni bizdan endi talab qilishga bu tashkilotning haqqi yo’q. Buning uchun xalqaro qonunlar bor va biz, fuqaro jamiyati, kurashishga tayyormiz”, - deydi Anara Dautalieva.

Qirg’izistonning tashqi qarzi 2-5 milliard dollarga teng. Besh milliondan sal oshiq aholiga ega mamlakat uchun bu juda katta pul. “Uni to’lashga qurbimiz yetmaydi, qolaversa nima karomat ko’rsatibdiki, Jahon Banki uni talab qila oladi”? - deya noliydi faol.

“Gana va Ekvador singari qashshoq davlatlar ham shunday da’vo bilan chiqqanida, adolat ular tomonda bo’lgan. Demak buni isbotlashimiz kerak. Yangi rahbarlarimiz ham shu fikrda va birgalikda harakat qilamiz”, - deydi Anara Dautalieva.

Hukumatning, bu faol nazarida, sog’liqni saqlash va ta’lim kabi o’ta muhim sohalar taraqqiyotini xorijiy muassasalarga topshirib qo’yishi katta xato.

“Yangi rahbariyat o’z xalqiga g’amxo’rlik qilish uning eng oliy vazifasi ekanini anglashi lozim. Islohotmi islohot bo’lsin, xo’jako’rsinga mana bu xalqaro tashkilot bilan ishlayapmiz, mana buncha kredit yoki sarmoya olayapmiz deb maqtanmasdan. Oddiy odamlar ulardan naf ko’rmasa, norozilik va g’alayondan boshimiz chiqmaydi”, - deydi nohukumat tashkiloti rahbari.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

XS
SM
MD
LG