O’shliklar: Qimmatchilik bo'lsa ham, qahatchilik bo'lmasin


O’sh va Jalol-Obod bozorlari avvalgidek gavjum emas. Ularni azaldan tebratib kelgan o’zbeklar hozir o’z mahalla yoki qishloqlariga yaqin joyda savdo qilishga o’tgan.

Tirikchilik og’ir, deydi “Amerika Ovozi” bilan gaplashgan aholi. Oziq-ovqat narxi kun sayin ko’tarilib bormoqda. Bugun bor narsa ertaga yo’q. Qirg’in oqibatida iqtisod va ta’minot ishdan chiqqani har yerda ko’zga tashlanadi.

Qirg'izistonda oziq-ovqat, yonilg'i narxi keskin ko'tarilgan. Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, shu kunlarda un narxi deyarli 50 foiz, go'sht mahsulotlari va guruch 15 foiz, o'simlik yog'i 10 foizga qimmatlagan.

Bu hol shusiz ham charchagan aholi hamyoniga og'ir zarba bermoqda. O'shlik bekalarning aytishicha:

"Narx-navo qimmat. Yog', un qimmat. Oladig'on pensiyamiz ozgina bo'lsa... Qanday qilib tirikchilik qilsin qarilar? Kelinlarni ham boqib o'tiribmiz pensiyamizga".

"Pul yo'q, qayoqdan bo'lsin? Odamlar ishsiz o'tiribdi, hamma o'zining g'ami bilan o'zi".

Davlat vakillari narx-navo o'sishi sabablarini aytar ekan, buni mavsumiy deb hisoblaydi. O'sh viloyati gubernatori muovini Ahmadjon Mahamadov deydiki:

"Rossiyadagi ahvol uchun ham un qimmatladi. Jahon bozorida ham 270-280 dollar bo'lib ko'tarildi bahosi. Sebestoimost ko'tarilgani uchun dehqonlarga ham qiyin bo'layapti. Bir qop un 900 so'm. Yaxshi un bo'lsa agar".

Mutaxassislar fikricha, janubda yoz boshida ro'y bergan qirg'in dala ishlari sur'atiga ham ta'sir ko'rsatgan. Yig'in-terim bir oz cho'zilishi bashorat qilinmoqda. Ayrimlar bu yil Qirg'iziston yegulik, ichimlik suvi ta'minotida qiyinchilik bilan yuzlashishini taxmin qiladi. Ammo rasmiylar oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash uchun chora ko'rayotganini aytadi.

Mahamadovning aytishicha, yegulik yetarli. 80 foizni o'zimiz ta'minlab bera olamiz, deydi u.

"Bizga har qanday sharoitda Qozog'istonning bug'doyi kerak, chunki non mahsuloti uchun aynan ana shu sort kerak. Respublika har yili Qozog'istondan 300-400 ming tonna bug'doy oladi. Rossiadan emas. Rossiyada bug'doy eksporti yil oxirigacha to'xtatilgani bizga u qadar ta'siri yo'q, ochig'i. Lekin jahon bozoriga ta'sir qilgani uchun hamma yerda narxlar avtomatik ravishda ko'tariladi-da. Ammo un bilan o'zimizni ta'minlay olamiz. Qozog'iston 150 ming tonnaga yana kvota bergan".

Bu yil tashqi bozorga chiqish qiyinlashgani bois bu yil janubiy Qirg'izistonda ayrim poliz mahsulotlari, xususan, kartoshka va piyoz arzonlagan. Ammo meva-cheva narxi xaridor cho'ntagini tishlaydi. Aholi esa qish g'amini o'zi bilganicha ko'rish bilan ovora.

"Ogorodning hosilini olsak, uyam ovqat bo'ladi. Qulupnay, malina ekkanmiz. O'shalardan qiyom qilamiz. Gilosning ozginasini yesak, qolganini sotsak, u ham oilaga jindak yordam bo'ladi".

"Erta bahordan ekib qo'yganmiz. Ko'katlar, bodring, oshqovoq... Hammasi odamlarning hovlisidan chiqadi. Mana shu ham yordam, chunki bitta oylikka yashash qiyin hozir".

"Hamma birday ishlashi kerak. Ayrim yerlarda bozorlar ochilayapti. O'sha yerlarga borib, savdo qilsa bo'ladi".

Aholi qimmatchilik bo'lsa ham, qahatchilik bo'lmasin deydi.

XS
SM
MD
LG