Qirg’iziston Bosh prokurori axboroticha, o’tgan yil mamlakatda bolalarga nisbatan mingdan ziyod jinoyat qayd etilgan. O’smirlarning haq-huquqlarini poymol qilish, ularni xo'rlash, zo'rlash hollari ko'payayotgani aytilmoqda.

Parlament majlisida deputat Cholpon Sultanbekova joriy yilning uch oyida 31 o’smir o’z joniga qasd qilib, hayotdan ko’z yumganini ma’lum etdi.

Ayanchli ko’rinish nega ildiz otmoqda? Ochilmay so’nayotgan, xazon bo’layotgan umrlar uchun kim javob beradi? Ushbu og’riqli savolni ota-onalar va mutaxassislarga yo’naltirdik.

Mening navqiron sunbatdoshlarimdan biri amaki zulmidan shaharga qochib kelgan. Ikkinchisi mushtumzo’rlar kaltagidan beayb jarohat olgan. Yana biri o’zi ko’rgan-eshitgan noxush voqealarni eslaydi.

“Bir bola ota-ona po’pisasidan so’ng parishon holda ko’chani kesib o’tayotganda mashina urib ketgan. O’zini soyga tashlaganlar bor. Bolalarning o’zlarida ham ayb yo’q emas: ota-ona borma degan joyga borgan qiz yomon odamlarga duch kelishi mumkin”, - deydi sakkizinchi sinfda o’qiyotgan qizaloq.

O’shdagi “Ulybka”, ya'ni tabassum deb ataluvchi nodavlat tashkilot ota-onalar va bolalar bilan ish olib boradi. Tashkilot rahbari, taniqli ruhshunos Elmira Umarovaning aytishicha, bolalar yo’liqayotgan muammolarning ko’pini odatda oiladagi notinchlik, o’zaro tushunmovchiliklar keltirib chiqaradi.

Xonadondagi muhit kattalarning ham, farzandlarning ham ruhiyatiga ta’sir etadi.

“Nima qilishni, qanday yo’l tutishni bilmay qolgan bola uydan bosh olib ketish yoki o’z joniga qasd etish bilan masala yechim topadi, degan o’yga boradi. Uni bu o’ydan qaytarish atrofdagi yaqinlariga bog’liq”, - deydi Umarova.

Suhbatdosh deydiki, bolalarga nisbatan sodir etilayotgan jinoyatlar, o’smirlarni xo'rlash, tahqirlash - inson qadri yo’qolib borayotganidan dalolat.

“Hamma narsa pul bilan o’lchanar ekan, hozirgi ota-onalarda, bolalarda biror narsaga intilish, qiziqish yo’qday. Faqat pulni, ko’proq mablag’ topishni va shu yo’l bilan rohat-farog’atda yashashni o’ylashadi. Bolalarning hayoti, orzu-umidlari, niyat-maqsadlari, muammolari bilan hech kimning ishi yo’q”, - deydiruhshunos.

Uningcha, oilada munosabatlar ijobiy shakllansa, jamiyatda inson qadri tiklansagina xonadonda ham, yurtda ham tinchlik-totuvlik, barqarorlik hukm suradi. Zo’ravonlik, insonni pastga urish o’z-o’zidan yo’qolib boradi.

Feruza Abdurahmonova ko’p yillardan buyon uyda, imkoniyatlari cheklangan farzandi hamda turmush o’rtog’ini parvarishlaydi. Ayni paytda ota-onalar uyushmasi ishlarida faol qatnashadi. U nogiron o’smirlarni kamsitish hollaridan xabardor.

“Davlatimiz bolalarni himoya qilish, xavfsizligi, baxtli kelajagini ta’minlash uchun kerakli chora-tadbirlarni ko’rishi lozim. O’z navbatida ota-onalar, mahalliy jamoalar, huquq-tartibot tizimlari hamjihat ish olib borishsa, albatta samara bo’ladi”, - deydi ona.

Suhbatdoshlarga ko’ra, qonun, aql-idrok ustuvorligi, javobgarlik, mas’uliyat qog’ozda emas amalda bo’lsa, bolalarga nisbatan zo’ravonlikka o’rin qolmaydi.

“Konstitutsiyamizda, qonun-qoidalarda bolalarning barcha haq-huquqlari qayd etilgan. Davlat idoralari bolalarga g’amxo’rlik xususuda, ularning huquqlarinimuhofaza qilish borasida turli dasturlar, qarorlar qabul qilgan. Hamma gap ijrochilar sustligida. Bu o’rinda mutasaddi tizimlarning jiddiy nazorati darkor”, - deydi Elmira Umarova.

Qirg’iziston Xalq Assambleyasining O’sh viloyat bo’limi mas’ullaridan biri, mahalliy Lo’lilar jamiyatining raisi Bahodir Normirzayev:

“Eng yomon tomoni - taqdir taqozosi bilan ko’chada ul-bul sotib, mardikorlik qilib kun kechirayotgan bolakaylar maktabdan chetda, savodsiz bo’lib qolayapti. Bu o'rinda ham ularning huquqlari - ilm-bilim olish huquqlari - poymol etilyapti. Afsuski, shu yosh bolalarning orasida ham ichadigan, chekadigan, igna sayinadigan farzandlar ko’payib boryapti. Agar biz o’zimiz pok bo’lsak, o’rnak bo’lsak, yaxshi ta’lim-tarbiya bersak, buning mevasi, rohatini ko’ramiz”.

Haq-huquqni bilgan odam o’z-o’zini, manfaatlarini himoya qilishga qodir, degan fikr mavjud. Bolalarchi?

“Albatta, ota-ona, maktab bolaga huquq borasida tegishli tushuncha berib borishlari ma’qul. Qayerda, qanday qonunlar uning huquqlarini kafolatlaydi? Maktabda, ko’cha-ko’yda u qanday huquqlarga ega, buni bilishsin. Ammo oilada o’z huquqlarini talab qilish, menimcha, bolalarga xos bo’lmasa kerak. Bu ancha nozik masala”, - deydi ota-onalar uyushmasi faoli Feruza Abdurahmonova.

“Ulybka” nodavlat tashkiloti rahbari Elmira Umarova noxush kayfiyat hamda salbiy kechinmalarning oldini olish uchun quyidagi tavsiyalarni beradi:

“Yoshmi-qari, kelajakka ishonch bilan yashaylik. Oilamiz uchun, vatanimiz uchun yayrab-yashnab yashaylik. Bolalar bilsinki, ular ota-onaning eng yaxshi ko’rgan farzandi, maktabning suyukli o’quvchisi, xonadonning, o’lkaning, zamonning kelajagi. Bolalarni tez-tez bag’rimizga bosaylik, o’pib-erkalataylik. Shundagina farzanddan mehr, ishonch, faxr, oqibat qochmaydi. Bunday farzandning qo’lidan yomonlik kelmaydi”.

XS
SM
MD
LG