Faollar: Qirg'izistonda bolalar davlat e'tiboriga muhtoj


Mahalliy faollarga ko’ra, oila va bolalar himoyasi bo'yicha Qirg’izistonda qabul qilingan qonunlar mukammal, lekin amalda yosh avlodlar turli muammolarga duch keladi.

Abdurashid Mirzayev davlat idoralarida oila va bolalar masalalari bilan shug’ullanib kelgan mutaxassis. Mavzuga doir qonunlarni u yuqori baholaydi.

“2006-yili Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida birinchilardan bo’lib ishlab chiqilgan va 2012-yil to’ldirilgan Bolalar haqida kodeksimiz batafsil va keng qamrovli. Tegishli idoralar qonun-qoidalarni og’ishmay bajaradigan bo’lsa, yosh avlod haq-huquqlarini ta’minlash borasida muammo bo’lmaydi”, - deydi u.

Mutaxassis fikricha, asosiy muammo ota-onalar tarbiyasida. Hozirda ota-onalar mas’uliyatini ko’tarish - dolzarb masala, deydi u.

“Ko’p salbiy ko’rinishlar aynan ota-onaning beparvoligi, bolalar tarbiyasidan chetda qolayotganidan kelib chiqmoqda. Bola maktabga borayaptimi-yo’qmi, qanday o’qiyapti, nima bilan mashg’ul, nimaga qiziqadi - afsus, bunga e’tiborsiz odamlar oz emas”, - Mirzayev.

O’sh viloyat O’zgan tumani maktablaridan birining direktori Matluba Musaboyevaning aytishicha, ota-onalar farzandlarni yaqinlariga tashlab, olisga ish izlab ketishlari bolalar ta’lim-tarbiyasi va ruhiy dunyosiga putur etkazyapti.

“Yosh bolalarni maktabdan olib qolib, pul topishga yo’llash hollari ham keng tarqalgan. Bola bizniki, ishingiz bo’lmasin, deyishadi. Hamma narsani pul bilan o’lchashga o’rganilyapti”, - deydi maktab direktori.

Qarovsizlik, nazoratsizlik oqibatida bolalar va o’spirinlarning ma’lum qismi nosog’lom guruhlar ta’siriga tushib qolayotgani sir emas.

Kuzatuvchilar keyingi o’n yilliklarda Qirg’izistonda yosh avlod orasida ilmga havas, mutolaaga qiziqish susayib borayotganini aytadi.

“Ko’p bolalar kitob o’qimaydi. Chin dildan, tirishib bilim olayotgan bolalar juda oz”, - deydi direktor.

Abdurashid Mirzayev masalaning boshqa tarafiga urg’u beradi. Uningcha, hozirda ota-onalar farzandlarining oliy bilimli bekorchi (ishsiz) bo’lgandan ko’ra, hunarli bo’lishi afzal, deb hisoblashadi.

Rasmiylar Qirg’izistonda bolalar haq-huquqlarining poymol etilishi, masalan, ularning og’ir ishlarda ishlatilishi hollari keskin kamayganini aytishadi. Ayni paytda, yaqinda e’lon qilingan rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, 2014-yili o’lkada 960 nafar bolakay zo’ravonlik va zulmga duchor bo’lgan. Bir nechtasi nobud bo’lgan.

Bolalarning hordiq chiqarishi, ularning salomatligini saqlash masalasida ham talay muammolar mavjud.

Faollarga ko'ra, qonunlar, rejalar yaxshi, ammo ularni amalga oshiruvchi idoralar, ayniqsa, jamoatchilik asosida faoliyat ko’rsatayotgan tashkilotlarga davlat tarafidan amaliy moddiy yordam ko'rsatilishi lozim.

XS
SM
MD
LG