Begijon Ahmedov: Musulmonlar orasida salbiy ko’rinishlarga islomning aloqasi yo’q


Bishkeklik tarixchi, yozuvchi, sharqshunos, xavfsizlik masalalari bo'yicha taniqli mutaxassis Begijon Ahmedov navbatdagi qissasini "Sayyoh" deb atadi.

Kitob yaqinda nashrdan chiqishi kutilmoqda. Tabiat va jonzot, din va inson, fan va amaliyot, ruhiyat va ma'naviyat masalalari atrofida chuqur, ayni paytda jonli mulohazalar o’rin olgan bu asarning qo’lyozmasi mutaxassislar olqishiga sazovor bo’lmoqda.

Ayni paytda kuzatuvchilar mintaqada, jumladan, Qirg’izistonda bunday asarlar kamligi, adabiy hayot zaiflashib borayotganini aytadi.

Begijon Ahmedov: Do’stlarimiz tavsiyasi bilan Bishkekda Abduvali ismli tojikistonlik ajoyib inson bilan tanishib qoldim. Uning sarguzashtlari ushbu voqeiy qissaga asos bo’ldi. Taniqli olim, ishi chopgan bizneschi dunyoning g’avg’o-fasodlaridan bezib, “yolg’onlardan, firiblardan, ikkiyuzlamalardan qochib”, yarim yil Pomir-Oloy tog’larida, yovvoyi tabiat quchog’ida, tanho yashaydi. U o’zligini anglash, yaratganni anglashni istaydi.

Asarni “Sayyoh” deb atadik-ki, bu olam inson uchun go’yo bir safar. Yaratgan bizni dunyoga sinov uchun yuborgan ekan, bu imtihondan qanday o’tamiz, sayohatni qanday bajo keltiramiz, berilgan qisqa muddatdan naqadar unumli foydalanamiz? Qisqasi, ma’naviyatimiz, ijtimoiy hayotimiz, dinimiz ahvoli bilan bog’liq bo’lgan dolzarb masala-muammolar borasida mulohaza yuritdik.

Amerika Ovozi: Siz bir jumla bilan asrimizning eng og’riqli masalalarini ko’ndalang qo’yayapsiz va baholi-qudrat javob topishga urinayapsiz. Masalan, asar qahramonini tog’da qarshi olgan cho’pon deydi: “Qurolsiz kelganing yaxshi bo’libdi. Xudoni qurol bilan izlamaydilar!”. Yoki: “Nega avliyolar haloyiqdan qo’rqib yashashgan?”, “Nega odam degan eng ulug’ martabaga mos kelmagan holatda yashamoqdamiz?” Ayrim mutaxassislar “Sayyoh”ni Chingiz Aytmatov asarlariga qiyoslashganiga guvoh bo’ldik. Buyuk adibdan andoza oldingizmi?

Begijon Ahmedov: Ulkan adibning bir kamtar muxlisiman, xolos. O’xshatishlariga sabab esa, mening asarimda ham jonzotlar inson bilan yonma-yon murakkab jarayonlarni boshdan kechirayotgani bo’lsa kerak.
Biz, insonlarning vazifamiz - bir-birimizga va atrof-muhitga, o’simlik-mahluqlarga, jamiki falakiyotga insonlarcha go’zal munosabatda bo’lishimiz kerak. Bizda salohiyat bor, aql bor. Lekin nega bu ulkan inkoniyatlarni, zakovat va qudratni tabiatni yemirishga, bir-birimizni qirishga qaratayapmiz? Hamma gap ma’naviyat va iymonning darz ketishida.

Amerika Ovozi: Ayrim ulamolar, dinshunoslar, qalamkashlarning chiqishlariga nazar solsak, hozirgi zamon islom dinining dolzarb masalalari, savol tug’diraoytgan ko’rinishlar, din bilan bog’lanayotgan noxush jarayonlarni qandaydir haspo’shlash ko’zga tashlanayotganday. Lekin siz shu savollarni aniq-ravshan, baralla qo’yayapsiz. “Musulmonlarning sanog’i ko’p, biroq haqiqiy mo’min musulmonlar kam”, “Nega tinchlik va totuvlikka undovchi islom dinidagi musulmonlar dunyoning turli mamlakatlarida terroristik hujumlar qilib, har kuni beayb, tinch aholining o'limiga sabab bo'layapti?"

Begijon Ahmedov: Haspo’shlash, degan fikrga qo’shilmayman. Musulmonlar orasida uchrayotgan salbiy ko’rinishlarga islom dinining aloqasi yo’qligiga qat’iy aminman. Qahramonimning xatosi ham shundaki, avvaliga u din haqidagi tasavvurini asl manbalar orqali emas, balki tevarak-atrofdagi insonlarning hulq-atvoridan kelib chiqqan holda shakllantirgan.
Haqiqiy islom dinida nafaqat qon to’kish, terror, hatto dinga zo’rlab chorlash ham yo’q. Hamma muammo dinni, muqaddas oyatlarni qanday talqin qilishda. Mazhabiy, aqidaviy, radikal nuqtai-nazarlar turli bo’linishlar, qarama-qarshiliklar, nizolarga sabab bo’lmoqda. Bu bo’hron, katta ofat emasmi?

Amerika Ovozi: Asarda ko’tarilgan masalalar, mavzu-muammolar hozirgi kitobxon uchun naqadar muhim? Ayniqsa, yoshlar orasida qiziqish mavjudmi? Demoqchimizki, yeb-ichish, ko’ngil ochish g’oyalari bilan sug’orilgan zamondoshlarda bunday chuqur mulohazalarga talab bormi?

Begijon Ahmedov: Aslida bu davr talabi. Yoshlarga biz tushuntirmasak, kim tushuntiradi? Yangi avlod orasida dinga qiziqish katta. Bu yaxshi ko’rinish. Ammo ustozing kim, degan savol tug’iladi. Yoshlarning sezilarli qismi diniy ta’limotni madrasa ko’rgan yetuk ustozlardan emas, balki internet tarmoqlarida kezib yurgan shubhali maddohlardan, radikal saytlardan olayotgani achinarli, xatarli hol. Internet tarmog’idagi bu vaziyatni davlatlar hamkorlikda nazoratga olishlariga vaqt keldi. Haqiqiy islomni o’rganish, qalbi va ongida saqlashda biz yoshlarga yordam berishimiz lozim.

Islom mukammal, insonsevar, tinchliksevar dinligi isbot talab qilmaydigan haqiqat. Lekin ahvol shu darajaga borib yetdiki, G’arbda, hatto - qay bir ma’noda - o’zimizning mintaqada dindan xavfsirash kayfiyati ko’zga tashlanmoqda. Bunga o’zlarini musulmon sanayotgan odamlarning noo’rin xatti-harakatlari, xunrezlik, terror xurujlarlarining ko’payishi, Yaqin Sharqdagi vaziyat sabab bo’lmoqda. Qisqasi, o’ylanaylik, fikrlab, xulosa chiqaraylik. Falsafa, madaniyat, ruhiyat masalalari bo’ladimi, fan yoki din masalalari borasida so’z yuradimi - men kitobxonni fikrlashga da'vat etdim.

Amerika Ovozi: Adabiy hayotga nazar tashlasak. Afsuski, Markaziy Osiyo davlatlari adabiyotida hozir “yarq” etgan asarlar kam uchrayapti.

Begijon Ahmedov: Nachora, adiblarimiz, ayniqsa, publitsistlarimiz orasida ommaning, kitob bozorining o’tkinchi talablariga qarab qalam surish rasm bo’lmoqda. “O’ldim-kuydim”, “otdim-chopdim”ning bozori chaqqon. Aslida qalam ahli sog’lom ma’naviyatni shakllantirishi, jamiyatni olg’a boshlashi, tarbiyalashi joiz emasmi?

XS
SM
MD
LG