Qirg’izistonda muvaqqat hukumat vakillari ishdan bo’shash taraddudida

  • Amerika Ovozi

Qirg’izistonda muvaqqat hukumat vakillari yangi parlament uchun poygaga tayyorgarlikni boshlagan.

O’tgan hafta referendumda ko’pchilik, ya’ni 90 foiz ovoz bilan ma’qullangan va bugun kuchga kirgan Konstitutsiyaga ko’ra, endi prezidentning asosiy vakolatlari parlamentga o’tadi. Yevropacha sistema, deydi tahlilchilar.

Bu orada Roza Otunbayeva ertaga, shanba kuni prezident sifatida qasamyod keltiradi va davlatni 2011 yil oxirigacha boshqaradi.

Roza Isakovna Otunbayeva oliy ma’lumotli, Mixail Lomonosov nomidagi Moskva Davlat universitetining falsafa fakulteti bitiruvchisi. Fan nomzodi. Ingliz, nemis, fransuz tillarida so’zlasha oladi.

Qirg’iziston Davlat universitetida dialektiv materializm kafedrasida domla, mudir bo’lib ishlagan. Keyinchalik Frunze shahar Kompartiyasi qo’mitasi kotibi bo’lib faoliyat ko’rsatgan. Tashqi ishlar vaziri, bosh vazir muovini, elchi lavozimlarida ishlagan.

Ayni paytda bosh qomusni ishlab chiqishda qatnashgan muvaqqat bosh vazir muovini, Qirg’izistondagi eng keksa partiyalardan biri – “Ota-Makon”ning rahbari Omurbek Tekebayev 12 iyulda ishdan ketishini va parlament saylovlariga hozirlik ko’rishini aytmoqda.

“Vazifam Konsitutsiya hujjati ustida ishlashdan iborat edi, endi mening xizmatimga zarurat yo’q, shu bois saylov kampaniyasiga kirishaman”, - deydi Tekebayev.

Muvaqqat rahbar Roza Otunbayeva shu hafta Vazirlar Mahkamasi a’zolarini ishdan ketishga va yangi poygalarda kirishiga da’vat etgan. Bosh vazir muovinlari Azimbek Beknazarov va Temir Sariyevlar ham lavozimini bo’shatishini aytmoqda.

Oxirgi paytlarda Qirg’izistonda yangi partiyalar paydo bo’la boshlagan, bu esa parlament uchun kurash qizg’in bo’lishidan dalolat, deydi tahlilchilar. Parlament va prezident saylovlari shu yil 10 oktyabrda o’tadi. Hukumat jarayon adolatli, ochiq, xolis o’tadi deb va’da bermoqda.

Qirg’iziston parlamentida 120 deputat o’rni bo’lib, saylovlar har besh yilda o’tkazilishi kerak. Hech bir partiya 65 dan ko’p o’rin olishi mumkin emas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG