Ayrim qirg'izlar fikricha janubda chet el politsiyachilariga o'rin yo'q


Qirg’izistonning etnik zo’ravonliklardan jabr ko’rgan janubiy viloyatlarida barqarorlikni ta’minlash maqsadida Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti O’sh va Jalolobodga 52 kishilik politsiya maslahat guruhini yuborishga qaror qilgan.

Biroq bu tashabbus ba’zi qirg’iz faollari qarshiligiga sabab bo’lmoqda. Kecha Bishkek va O’sh shaharlarida oz sonli norozilik namoyishlari bo’lib o’tgan.

O’shda taxminan 300 kishi mahalliy hokimiyat binosi atrofiga yig’ilib, norozilik namoyishi o’tkazgan.

O’shlik qirg’iz yozuvchisi Abdurashid Urboyev masalaga o’z munosabatini bildiradi:

“Xalqaro politsiya kuchlarining kirishiga qarshiman. Ular biror foyda bermaydi. Undan ko’ra, biz mustaqil davlat bo’lganimizdan keyin, shu yerdagi o’zbeklar va qirg’izlar o’zaro birlashib, rahbarlar bilan gaplashib, murosaga kelishimiz kerak. Elning fikri bilan hukumat hisoblashishi kerak”.

Bishkekda namoyishchilar politsiyachi kiyimi kiydirilgan qo’g’irchoqqa o’t qo’ygan. Mahalliy kuzatuvchilarga ko’ra, ushbu namoyishlar ayrim siyosatchilar tomonidan uyushtirilgan bo’lib, taniqli hukumat mulozimlari orasida ularni qo’llab quvvatlayotganlar bor.

Masalan, sobiq Mudofaa vaziri Ismoil Isoqov va O’sh shahar meri Melisbek Mirzakmatov xalqaro politsiyachilar kiritilishiga qarshiligini aytib kelmoqda.

Ma’lumki, xalqaro politsiyachilar guruhi 52 xodimdan iborat bo’lib, ular kuzatuv olib borish va qirg’iz huquq-tartibot idoralariga maslahat berish vazifalarini bajarishi ko’zda tutilgan. Politsiyachilar Qirg’izistonning etnik to’qnashuvlar ro’y bergan O”sh va Jalolobod viloyatlarida to’rt oy faoliyat yuritishi rejalashtirilgan.

Mahalliy tahlilchi Muhammadsolih Ismoilov fikricha, hozirgi sharoitda xalqaro politsiyachilarning kiritilishi to’g’ri qaror.

“Xalqaro politsiyachilarning kelishi bizga barqarorlikni, tinchlikni tiklash uchun juda zarur, – deydi u. – Ikki millat o’rtasida etnik nizo chiqqandan keyin xalqaro va xolis kuchlar kelmasa, ilgarigi tinchlikni, ilgarigi do’stlik muhitini tiklash juda qiyin bo’ladi. Ular qurolsiz bo’ladi, deyishyapti. Maslahatchilik qiladi, deyishyapti. Buning cho’chiydigan joyi yo’q”.

Komendantlik holati joriy qilingan paytda asli bunday norozilik yig’inlari, mitinglar o’tkazishning o’zi noqonuniy ish, deydi Muhammadsolih Ismoilov. Uning aytishicha, bu ishlarning ortida ayrim mahalliy rahbarlar, siyosatchilar bo’lishi mumkin.

“Masalaga kengroq nuqtai nazardan qarash kerak, – deydi u. – Mamlakatimiz kelajagini, tinchligini o’ylaydigan bo’lsak, bunga qarshilik qilmasligimiz kerak. Yaqinlaridan ajragan, boshpanasiz qolgan, mol-mulklari talanganlar ham sabr qilib o’tirishibdi. Shunday ekan, ikki elni yarashtirib qo’yish maqsadida xalqaro tashkilotlar xolis yordam beraman, deb turgan ekan, biz bunga qarshilik qilmasligimiz kerak, deb o’ylayman ”.

Kuzatuvchilar qirg’iz huquq-tartibot idoralari salohiyati pastligi bois ular ko’makka muhtojligini aytishadi. Aholi orasida mahalliy militsiyaga ishonchning yo’qligi ham xalqaro xolis kuchlarning kiritilishini taqozo etadi.

O’shdagi norozilik namoyishi qatnashchilari rasmiy Bishkekdan besh kun ichida o’z talablariga ijobiy javob berishini so’ramoqda. Aks holda, mamlakat prezidenti Roza Otunbayevaning iste’fosini talab qilishlarini aytgan.

XS
SM
MD
LG