Qirg’izistonda norozi partiyalar namoyish qilmoqda; janubdagi voqealar yuzasidan xalqaro tekshiruv boshlangan

  • Amerika Ovozi

Qirg’izistonda norozi partiyalar namoyish qilmoqda; janubdagi voqealar yuzasidan xalqaro tekshiruv boshlangan

Qirg’izistonda norozi partiyalar namoyish qilmoqda; janubdagi voqealar yuzasidan xalqaro tekshiruv boshlangan

Qirg’iziston janubidagi voqealar yuzasidan mustaqil xalqaro tekshiruv boshlandi.

Komissiya Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropa Ittifoqi, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti va bir necha davlat tashabbusi bilan tashkil etilgan.

Bu orada parlamentga kira olmagan “Butun Qirg’iziston” partiyasi faollari mamlakat bo’ylab norozilik namoyishlari o’tkazmoqda. Piketchilar ovozlar qayta sanalishini talab qilib, chorshanbagacha muhlat bergan.

Kecha partiya vakillaridan 20 nafari ochlik e’lon qilgan edi.

O’sh viloyati hokimiyat binosi oldida partiya vakillari ikki chodir o’rnatishga harakat qilgan. Ammo militsya bunga imkon bermagan. Bishkekda ham bugun partiya faollari chiqish qilgan.

To’planganlar oldida nutq so’zlagan partiya rahbari Adham Madumarov bu safar ovozlarni qayta sanash haqida gapirmagan. U partiya g’oliblar orasida bo’lishi kerakligini aytgan. Uning so’zlariga ko’ra, saylovning dastlabki natijalariga muvofiq “Butun Qirg’iziston” partiyasi besh foizli dovondan o’tgan va g’oliblar qatorida bo’lishi kerak.

Aytish joiz, “Butun Qirg’iziston” partiyasi chiqishlariga “Or-nomus” partiyasi vakillari qo’shilgani haqida xabarlar bor. Mahalliy kuzatuvchilar hozirgacha Markaziy Saylov Komisiyasi natijalarni rasman e’lon qilmaganiga e’tibor qaratadi. Bu hol turli bahs-munozaraga sabab bo’lmoqda.

Bu orada Bishkekdan kelayotgan xabarlarga ko’ra, O’sh va Jalol-Obod voqealari bo’yicha xalqaro tekshiruv boshlangan. Ilk bor Finlyandiyada uchrashgan sakkiz mutaxassis Qirg’iziston janubida mustaqil tekshiruv olib boradi.

Ushbu kommisiyani finlandiyalik arbob Kimmo Kilyunen boshqarmoqda. Komissiya tarkibida Avstraliya, Turkiya, Fransiya, Rossiya va Buyuk Britaniya mutaxassislari bor.

Prezident Roza Otunbayeva avvalroq o’z maktubi bilan ushbu kommisiya faoliyatiga rozilik bergan. So’nggi hafta davomida kommisiya a’zosi, anglyalik mutaxassis Anna Matveyeva tayyorgarlik ishlari olib borgan.

Poytaxt Bishkek, O’sh va Jalol-Obod shaharlarida qabulxonalar ochilishi nazarda tutilgan. Komissiya faoliyati uch qismdan iborat bo’ladi. Faktlarni aniqlash, tahlil va tavsiyalar ishlab chiqish.

Natijalar 2011-yilning fevralida e’lon qilinishi ko’zda tutilgan. Qirg’izistonda xalqaro tekshiruv faoliyati haqida turli munosabat mavjud. Qirg’iziston matbuotida komissiya faoliyati to’g’risida tanqidiy fikrlar chop etilgan. Qirg’in jabrdiydalari ob’yektiv baho beriladi degan umidda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG