Tahlilchilar: Qirg'izistonda siyosiy boshboshdoqlik avj olmoqda


Qirg’izistonda yangi hukumat ishga kirishayotgan bir paytda Bishkekda muxolifat kuchlarining norozilik tashabbuslari yana avj olmoqda.

Bir guruh parlament deputatlari boshchiligidagi olomon mahalliy parlament binosiga bostirib kirishga uringan. Ular mamlakat shimolidagi yirik oltin konini xorijiy sarmoaydorlardan davlat tasarrufiga o’tkazishni talab qilgan.


Bishkekda yana bir necha ayollar guruhi mahalliy banklarga hamla qilgan. Ular banklardan berilgan kreditlar foizini pasaytirishni va qarzlarning ma’lum qismidan tamoman voz kechishni talab qilmoqda. Mahalliy tahlilchilar bu kabi chiqishlar mamlakatda barqarorlik o’rnatish yo’lida qilinayotgan harakatlarga putur yetkazishi va sarmoyadorlarni cho’chitish ehtimolidan tashvish bildirmoqda.

Bishkekda bo’lgan to’polon o’lka aholisi orasida qizg’in munozaralarga sabab bo’ldi. O’sh davlat universiteti professori, siyosatshunos Arab Anarbayevning aytishicha, Bishkekda muxolifat qo’llagan usulni yaxshi usul, deb bo’lmaydi.

“Bu harakatlar to’g’ri emas, deb hisoblayman. Axir, hukumat yaqindagina tayinlandi. Ularga vaqt berish kerak. Bunday chiqishlar Qirg’izistonning obro’siga dog’ tushiradi, - deydi u. - Bu qanday gap? Parlament deputati odamlarni gijgijlab, o’zi devor oshib yetaklasa. Bu o’sha deputatning saviyasini ko’rsatadi”.

Yosh iqtisodchi olim Alisher Yusupov fikricha, ayrim siyosatchilarning so’nggi harakatlari aholi orasida tashvish uyg’otmoqda.

“Qisqa muddatda ikki inqilobni boshidan kechirgan o’lka turli norozilik chiqishlari, mitinglardan bezib qolgan. O’tgan yilning oz’ida mingdan ortiq norozilik chiqishlari bo’lib o’tibdi. Oxirgisi hammasidan oshib tushdi”, - deydi u.

Ayrim tahlilchilar mitingbozlik o’lkaning oyoqqa turib olishiga asosiy to’siqdir, degan fikrda. Bishkekdagi miting qatnashchilari Qumtor oltin konini butunlay davlat tasarrufiga o’tkazish talabi bilan chiqqan. Inshootlarni xorijiy sarmoyadorlardan tortib olishga urinishlar mamlakat iqtisodiyotiga salbiy ta’sir etishi mumkin.

Iqtisodchi olim Alisher Yusupovning aytishicha, aslida aytilgan konda Qirg’iziston davlatining hissasi salmoqli.

“Norozilik chiqishlari oqibatida korxona aksiyalari narxi tushib ketdi, - deydi iqtisodchi. - Natijada xorijiy sarmoyadorlar ham, Qirg’izistonning o’zi ham katta moddiy yo’qotishga duchor bo’ldi. Bu hol boshqa sarmoyadorlarni ham qo’rqitib qo’ymoqda. Bunday vaziyat mamlakat iqtisodiyotining o’sishiga halaqit beradi”.

Qirg’iziston janubidagi Jalol-Obod shahrida bir guruh odamlar hibsga olingan “Ata Jurt” partiyasi rahbarlarini qo’llab-quvvatlab norozilik namoyishi o’tkazmoqda. Tahlilchilar orasida ayrim siyosatchilar o’z manfaatlarini ko’zlab va nojo’ya ishlarini yopish maqsadida odamlarni ko’chaga olib chiqmoqda, degan qarashlar ham mavjud.

Zo’ravon tus oluvchi norozilik chiqishlari, binolarni egallab olishga urinish Qirg’izistonda keyingi yillarda keng tus olgan. Odamlarni namoyishlarga olib chiqish orqali mulklarni qayta bo’lish, amal kursilarini egallash, hibsdagilarni ozodlikka chiqarish hollari oz emas.

“Menimcha, dastavval, siyosiy iroda kerak, - deydi Alisher Yusupov. - Jamiyatimizda hozirda huquqiy nigilizm, degan tushuncha ancha rivoj topgan. Xalqimizning huquqiy ong-sezimi tushib ketgani sabab siyosatda, iqtisodda, qolaversa, butun dunyoda bo’layotgan o’zgarishlarni ko’pchilik o’z vaqtida tushunib, qamrab ololmayapti”.

Tahlilchilar nazarida, bunday ko’cha demokratiyasi jamiyat siyosiy hayotiga salbiy ta’sir ko’rsatmoqda. Jamoatchilik xavfsizligi ham tahdid ostida, deydi ular.
XS
SM
MD
LG