Botkenda, chegara yaqinida afyunga qarshi kurash posti ochildi


Botken, Qirg'iziston

Botken, Qirg'iziston

Yaqinda Qirg’izistonning Botken viloyatida giyohvand moddalarni nazorat qilish bo’yicha davlat xizmati posti ishga tushdi.


Uning ochilish marosimida AQSh elchisi Pamela Spratlen va amerikalik boshqa mutaxassislar qatnashdi.


Botken viloyati rahbari Qo’shma Shtatlarning xalqaro terrorizm va giyohvand moddalar tranzitiga qarshi kurashda qo’shgan hissasini alohida ta’kidladi.
Bu maskanda to’rt xizmatchimiz faoliyat olib boradi va ular ishlashi, yashashi, dam olishi uchun barcha sharoit mavjud.


Post Amerika ko’magida qurilib, jihozlangan va Botken viloyatining Arqa qishlog’ida, Tojikiston chegarasi yaqinida joylashgan. Shuningdek, qo’shni O’zbekistondan uzoq emas.

Yangi obyekt Giyohvand moddalarini nazorat qilish davlat xizmati tarkibiga kiradi. Rasmiylar bu punkt qo’shni davlatlardan kelayotgan qoradoriga qarshi kurash uchun mo’ljallangan, deydi.

Giyohvand moddalarni nazorat qilish xizmati matbuot xodimi Taalay Yrisbayev so’zlariga ko’ra, narkopost AQShning markaziy qo’mondonligi bilan tuzilib, moddiy-texnik ko’mak ko’rsatishni ko’zlovchi shartnoma asosida qurilgan.

“Bu maskanda to’rt xizmatchimiz faoliyat olib boradi va ular ishlashi, yashashi, dam olishi uchun barcha sharoit mavjud”, - deydi mulozim.

Rasmiy ma’lumotga ko’ra, Qirg’izistonda narkotik moddalarni nazorat qilish maqsadida jami besh yangi maskan qurila boshlagan. Barchasi Botken viloyatida.

“Bu punktlar Tojikistonning Sug’d viloyati chegarasi yaqinida bizning Laylak tumanining Arqa, Dostuq, Qulundu, Isfana maskanlarida joylashgan. Chunki chegara bo’shligi sabab narkotik moddalar Tojikistondan yana shu yo’nalishda o’tib, boshqa mamlakatlarga ketadi”, - deya davom etadi suhbatdosh.

Mutaxassislar deydiki, Qirg’iziston hududi so’nggi yillarda narkotik moddalar o’tuvchi gavjum yo’nalishga aylangan. Bu moddalar Afg’onistondan, Tojikistonning Tog’li Badahshon, Jirg’atol va Sug’d viloyatlari orqali kelishi ma’lum. So’ng qoradori Qozog’iston, Rossiya va Yevropaga olib o’tiladi.

Giyohvand moddalarni nazorat qilish davlat xizmati rahbari Vitaliy Orozaliyevning aytishicha, xizmat bo’limlaridan biri shimoldagi Norin viloyatida ochilishi maqsadga muvofiq. Chunki qo’shni Xitoyda sintetik narkotiklar laboratoriyasi faoliyat ko’rsatadi va shu bois xitoylik hamkasblar bilan yaqin hamkorlik qilish zarurati tug’ildi, deydi rasmiy.

Mulozimlar so’zlariga ko’ra, hozir Qirg’iziston orqali o’tayotgan giyohvand moddalarning taxminan 10 foizi aniqlanib, musodara qilinmoqda. Mutaxassislar bu ko’rsatkich juda past ekanini tan oladi.
XS
SM
MD
LG