Tirikchilik - qimmatchilik, Qirg'izistonda iqtisod chatoq


Jalol-Obod, Qirg'iziston

Jalol-Obod, Qirg'iziston

Rossiya iqtisodiy sanksiyalar ostida ekan, Markaziy Osiyo, ayniqsa Tojikiston va Qirg'iziston iqtisodiyoti ham aziyat chekmoqda. Qirg’iz so’mi sezilarli darajada qadrsizlangan. Yonilg’i va oziq-ovqat mahsulotlari narxi oshib bormoqda.

O’shda "Amerika Ovozi" bilan gaplashganlarning aksariyati Qirg’izistonda narx-navoning keskin ko’tarilganidan tashvishda.

“Bir litr benzin 51 so'm 90 tiyin - bir AQSh dollariga yaqinlashyapti. Mol go’shtining kilosi 370 so'm, piyoz, uzum, non - bari qimmatladi. Dori-darmon falon pul. Shukr, farzandlar yordam berishyapti”, - deydi bir nafaqaxo’r.

“Odamlar qiynalayapti. Qimmatchilik. Ish yo’q’”, - deydi o’rta yoshlardagi suhbatdosh.

“Vaziyatdan chiqish uchun hamma narsani tejab-tergab ishlatayapmiz. Aytaylik, tushlikni uyga borib qilayapmiz, ulovni bo’lar-bo’lmasga yurgizmayapmiz”, - deydi yana bir o'shlik.

Narx-navo ko’tarilishi birinchi navbatda ko’p bolali va kamharj xonadonlar turmushiga ta’sir qilgan. Aytaylik, o’rtacha nafaqa kommunal xarajatlar va kamtarona yemak-ichmakka bazo’r yetar ekan. Hukumat bozor iqtisodi sharoitida davlat narx-navo masalasiga aralashmasligini urg’ulab keladi.

Iqtisodchi olim, mahalliy universitet xodimi Alisher Yusupov tahlilicha iste’mol mollarining katta qismi Qirg’izistonga xorijdan keltirilishi sabab ham narxlar osmonda. Bu holda ishlab chiqaruvchi hamda va mol olib kelgan tadbirkor o’z ustama narxlarini qoyadi.

“Ayni paytda mahalliy mahsulotlar qimmatlashi umumiy narx o’sish tendensiyasidan kelib chiqmoqda va jiddiy asosga ega emas. Dehqon yoki sotuvchi, bas, hamma narsa qimmatlayotgan ekan, nega bu mol arzon bo’lishi kerak, qabilida ish ko’rmoqda”, - deydi iqtisodchi olim.

“Lekin Milliy Bank, Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot vazirligi kabi mutasaddi idoralar chora-tadbirlar ko’rinmaypti. Ha, davlat bozor iqtisodiyoti sharoitida narx masalalariga aralashmasligi ma’lum. Ammo hukumat aholi manfaatlarini muhofaza qilish instrumentlariga ega va ularni ishga solishi lozim”.

Mutaxassislar deydiki, o’lka iqtisodiyotida vujudga kelgan vaziyat - aniqrog’i, inflyatsiya va qimmatchilikning Qirg’izistonning Yevrosiyo iqtisodiy hamjamiyatiga kirish taraddudi bilan hech qanday aloqasi yo’q. Ammo siyosatchilar - bu o’rinda Yevroosiyo iqtisodiy hamjamiyatiga kirish tarafdorlari ham, qarshi kuchlar ham - ushbu holatdan foydalanishga urinishi ehtimoldan holi emas.

Qirg’iziston iqtisodiyotni ko'tarish uchun yirik moliyaviy ko’mak oladi va buni ta'minlovchi hujjatlar imzolangan. Kuzatuvchilar ma’lum vaqt o’tgach, yana ko’mak so’ralishi ehtimolini istisno qilmaydi.

Qarshi kuchlar esa shov-shuv imkonini qo’ldan chiqarmaslikka harakat qilishi mumkin, “mana, qarang, nima bo’layapti…”, qabilida.

Qirg'iz so'mi qadrsizlanib bormoqda. 1 dollar 58 so'm atrofida. Shu yozda 50 edi.

Qirg'iz so'mi qadrsizlanib bormoqda. 1 dollar 58 so'm atrofida. Shu yozda 50 edi.

XS
SM
MD
LG