Qirg’iziston: Yosh avlodda bilimga intilish nega pasayib borayapti?


Kuzatuvchilar Qirg’iziston jamiyatining ayrim qatlamlarida ilm olishga qiziqish so’nib borayotganini aytishmoqda. Ushbu vaziyat ayniqsa o’zbek tilida o’qituvchi maktablarda ko’zga tashlanadi.

Ko’pchilik o’smirlar umumiy majburiy ta’lim bilan cheklanib, yuqori sinflarda o’qimagani sabab chalasavodlar safi kengaymoqda.

Yosh avlodda bilimga intilish nega pasayib borayapti? Davlat qanday chora ko’rishi lozim? "Amerika Ovozi" O’sh shahridagi o’rta maktablardan birining direktori Manzura Aslanova bilan suhbatlashdi. Marhamat tinglang:


Quyida suhbatning qisqacha matni. Uni to’liq holda yuqoridagi audiodan tinglang.

O’tgan o’quv yilida ushbu dargohning 9-sinflarini 102 nafar yigit-qiz bitirgan. Ularning faqat 28 nafari 10-11-sinflarda o’qishni davom ettirishga qaror qilgan.

Maktab ta’limidagi muammolar sabablarini Manzura Aslanova ishsizlik, ilm-bilimning qadri pastligi, ertangi kunga ishonchning sustligi kabi ko’rinishlar bilan izohlaydi.

“O’qib kim bo’larding? Undan ko’ra bir hunar ol degan tushuncha bor odamlarda”, - deydi suhbatdosh.

Ayni paytda yoshlar orasida diniy ta’limga qiziqish oshgan. Maktabni tashlab, madrasalarga oshiqayotganlar talay. Nima qilish kerak?

“Birinchi galda ota-onalarda, odamlarda ishonch hosil qilish lozim: bilim olsa inson kelajakda o’z o’rnini topib ketadi. Maktablarda sifatli bilim berish ham o’sha ishonch kuchayishiga xizmat qiladi. O’qituvchilar malakasini oshirish darkor. Afsuski, ko’p ustozlar zamonaviy texnika va uslublardan olis. Maktablar moddiy-texnika bazasini yaxshilash kerak”, - deydi Manzura Aslanova.

Suhbatdosh ajdodlar bir umr ilm-bilimga intilib yashaganini eslatadi.

“Odamlarda mablag’ bor, sharoit ham. Xohish, intilishni tiklash kerak”, deydi u.
XS
SM
MD
LG