Qirg'iziston Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga chegarasini ochdi


Jalol-Obod, Qirg'iziston

Jalol-Obod, Qirg'iziston

12-avgust kuni Qirg’iziston va Qozog'iston prezidentlari Almazbek Atambayev va Nursulton Nazarboyev ishtirokida ikki mamlakat o’rtasida boj to’siqlari rasman bekor qilindi, boj chegarasi ochildi.

Shunday qilib, Qirg’iziston amalda Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi a’zosi bo’ldi. Mahalliy mutahassislarning aytishicha, Qirg’iziston tovarlari hamda ishchi kuchi aytilgan iqtisodiy hamjamiyat bozorida to’laqonli o’rin egallashi uchun hali ko’p ishlar qilinishi lozim.

Mamlakat fermerlari esa bojxona to’siqlari bekor qilinishi ortidan keng imkoniyatlar ochilishiga umid bog’laydi. Botken viloyati Uch-Qo’rg’on qishloq mutasaddisi Ahmadjon Abdurahmonov:

“Xo’jaliklarimiz bog’dorchilikda ixtisoslashgan. Hosilning asosiy qismi azaldan Rossiya va Qozog'istonga jo’natiladi. Boj to’lovlari, yo’l xarajatlari qimmatga tushar edi. Engi yengillik bo’ladi”, - deydi u.

Mutaxassislar fikricha, chegaralar ochilishi birinchi qadam bo’lib, Qirg’izistonda ishlab chiqilgan mahsulot Yevrosiy umumiy bozoriga yetib borishi uchun hali ko’p amallarni bajarish darkor. Jumladan, yetishtirilgan mahsulotni sotib olish, jamlash, sifatini tekshirish va kafolatlash, shuningdek, marketing ishlarini yo’lga qo’ymoq lozim.

Aynan xorijdagi xaridorlar bilan tig’iz aloqalar yo’qligi bois bu yil Qirg’iziston janubida sabzavot bozori kasod bo’lgan. Narxlar keskin tushib ketgan va dehqonlar yig'ib olingan kartoshka va karamni mol-holga yedirishga majbur bo’lgan.

Qishloq xo’jaligida band dehqon, agronom Zaynobiddin O’rmonov qator takliflarni olg’a suradi.

“Mayda xususiy xo'jaliklarimiz birikib faoliyat yuritishlari maqsadga muvofiq. Shuningdek, mahsulot sotib olib, tayyorlab, xaridorga jo’natuvchi tashkilotlar tizimini shakllantirish lozim. Asosiysi - mahsulot sifatini kafolatlash”, - deydi suhbatdosh.

Rasmiylar Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga kirish ortidan qirg’izistonlik mehnat muhojirlari uchun qator imtiyozlar paydo bo'lishini ta’kidlagan edi. Yaqinda Rossiyaga borib kelgan o’shlik ziyolining aytishicha, hozircha imtiyozlardan darak yo’q. Avvalgidek, joylarda har xil hujjatlar talab qilinayapti.

Suhbatdosh nazarida yagona bozor xususida qabul qilingan qonunlar - Qirg’izistonda kuchga kirishi uchun ma’lum muddat kerak bo’ladi.

XS
SM
MD
LG