Keksalik og’ir sinov, ammo harakatda barakat


Keksalik og’ir sinov, ammo harakatda barakat

Keksalik og’ir sinov, ammo harakatda barakat

Qirg’iziston janubida o’tgan yoz ro’y bergan etnik nizolar sabab ijtimoiy xizmatlar uzoq muddat to’xtab qolgan edi.

O’sha davrda o’t qo’yilgan, kuydirilgan rasmiy idoralardagi hujjatlarni yangilash vaqt olgani sabab qariyalarning bir qismiga hatto nafaqa to’lanmagan.

Hozir vaziyat tinch, lekin keksalar nafaqa tirikchilikka yetmayotganidan shikoyat qiladi.

87 yoshli Qodir Oxun ota O’shning gavjum ko’chalaridan birida pista va qurut sotish bilan mashg’ul. Buni nafaqat tirikchilik manbai, balki odamlardan uzoqlashmaslik vositasi deb hisoblaydi.

“Avtokolonnada ishlaganman. Oddiy odamman, lekin ko’p narsani o’ylayman. Urushlar bo’ldi, ko’rdim. Hayot bu oqim, sharoit yaxshi bo’lsa deyman. Bizning mahallada 5-6 ta qariya odamlar bor hammasini bola-chaqasi yaxshi qarab turibdi”, - deydi Qodir Oxun ota.

Uning ko’pchilik tengdoshlari qariyalik og’ir sinov ekanini aytadi. Yolg’izlik, dardmandlik, keraksizlik hissidan shikoyat qiladi. Aksar qariyalarning nafaqasi tirikchilikka yetmaydi.

“Qarilik yomon ekan. To’rt o’g’il, ikki qizim bor. Qizlar bir haftada bir kelib, dada qandaysiz deydi. Bolalar, endi gapirishni hojati yo’q. Qanday ahvoling deydigan inson yo’q. Uyda o’tirsam zil bo’lib ketaman. Pensiyam 3,5 ming so’m. Kundalik nonga bor”, - deydi bir otaxon.

Janubiy Qirg’izistonda taniqli shifokor Komiljon Otaxonov keksa mijozlarga iloj qadar kasbiy faoliyatini davom ettirishni yoki biror boshqa yumush bilan band bo’lishni tavsiya etadi.

Shifokorning o’zi 80 yoshni oralab qolgan bo’lsada, ruhan va jismonan tetik. Ilmiy-amaliy ish bilan mashg’ul.

“Ishga halaka bo’lib yurgan odam og’rimaydi. U ishni, bu ishni qilishim kerak deb. Uyda o’tirib qolsa kimga foydasi bor? Og’riydi, bu ham mamlakatga, ham o’ziga ziyon. Pensionerning yarim puli dori-darmonga ketadi. Bunday odamlarni qadrlash kerak. Bu bizni mamlakatga ham foyda. Qariyalar yoshlarga o’rnak bo’lib, yaxshi yuring, yaxshi turing, mana buni qiling-qilmang degan maslahatchi”, - deydi Komiljon Otaxonon.

Abduraim ota Mirzaxo’jayev shu kunlarda 76-bahorini qarshilayotir. Uzoq yillar geologiya sohasida mehnat qilgan va hozirda mahalliy oliygohda o’z kasbini yoshlarga o’rgatmoqda.

“Insonda harakat bo’lmasa, bu yaxshilik emas”, - deydi u. “O’z tajribamdan gapirsam, 1961 yili institutni bitirib kelganimdan beri kurortga borib dam olgan yerim yo’q. Ishimizni o’zi sayohat edi. Geologlarning ishi tabiatni ichida, tabiat bilan birga ish qilamiz. Boramiz tog’u-tosh va dalalarga, oqib turgan suvlarni, tog’dagi qorlarni ko’ramiz. Yurish, harakat yaxshi. Salomatlikni yemiradigan narsalarga yaqin kelganmasman: chekish yo’q, ichish yo’q”.

Keksalarning mazmunli hayotini ta’minlash uchun nima qilish darkor?

Qodir Oxun ota fikricha:

“Uzoq umr ko’rish uchun dam olish kerak. Vaziyat, sharoitlar tinch bo’lsa mumkin. Hozir esa odamlar bir-biridan qo’rqib yuribdi”.

Mulozimlar Qirg’izistonda baxtli qariyalik uchun shart-sharoit yaratilayotganini ta’kidlaydi, jumladan nafaqalar yil sayin oshirilayotgani aytiladi.

Oddiy odamlar esa davlat g’amxo’rligi saviyasi pastligi, rasmiylar e’tibori ayrim bayram kunlarigina ko’zga tashlanishini yashirmaydi.

Faxriy geolog Adburaim Mirzaxo’jayev nazarida, davlatga tayanmasdan har kim o’z keksaligiga zamin yaratishi lozim.

“Inson o’ziga xazina to’plab olishi kerak. Biz Sovet davrida ishlagan ish haqimizni anchagina bo’lagini davlat xazinasiga kiritib qo’yganmiz. Hozir o’sha pulni bizga qaytarib berayapti xolos, bir bo’lagini. Hozir zamon o’zgardi. Davlat pensiya berarkan deb o’tirmaysiz. Yoshlikdan boshlab, xazinangizni ko’paytiraverasiz. Qarilikni g’amini xazinaga solib qo’yasiz, davlatdan bir narsa kutmang”.

O’sh viloyati Qorasuv shahrilik bir tadbirkor yigit mulohaza yuritadi:

“Qo’shnimiz Nurmatjon tog’a bor edi. O’tib ketdi, lekin 80 ga yaqin umr ko’rgan bo’lsa, yuzidan nur yog’ilardi. Butun Qorasuv shahri u odamni nihoyatda qattiq hurmat qilardi. Oqsoqollar kelayotgan bo’lsa hozirgi kunda yo’l ham berish yo’q, xorlik ahvoliga tushib qolayapti. Davlat boquvchisi yo’q qariyalarning asosiy ehtiyojlarini talabiga yarasha bajarib turgan. Hozir unday emas. Projitochniy minimum deydi, lekin beradigan puli yetmaydi. Inson tirik ekan o’zi ham albatta harakat qilishi kerak. Qo’lidan nima ish keladi, imkoniyati nimaga yetadi”.

Butun umrini el ichida o’tkazgan qariyalar hozirda ham odamlar mehridan, e’tiboridan kuch-quvvat olishga intiladi.

XS
SM
MD
LG