Qirg’iziston: Demokratik taraqqiyot partiyalar soni bilan o’lchanmaydi


Qirg’iziston Markaziy saylov komissiyasi axboroticha, 4-oktabr kuni o’tkazilishi rejalangan parlament saylovida 34 siyosiy partiya ishtirok etish niyatini bildirgan.

Kuzatuvchilar o’nlab partiyalar raqobatga otlanganini demokratik jarayonlar mahsuli deya baholamoqda.

"Amerika Ovozi” saylov masalalari bo’yicha ekspert Abdumo’min Mamaraimov bilan muloqotda bo’ldi. Suhbatdosh bir necha yil davomida Markaziy saylov komissiyasining a’zosi sifatida faoliyat ko’rsatgan.

“Amerika Ovozi”: Saylovlarda bu qadar ko’p partiya ishtirok etishi nimadan dalolat? Bu Qirg’iziston siyosiy hayotining o’zgachaligimi? Partyialar maqsadi nima? Bu ko'rinishning ijobiy yoki salbiy tomonlari haqida nima deyish mumkin?

Abdumo’min Mamaraimov: “Qatnashamiz” degani - qatnashishni anglatmaydi. Hozircha bu niyat xolos. Partiyalar maxsus hisobga 5 million so’m miqdorida garov puli o’tkazishlari, kerakli hujjatlarni to’ldirib topshirishlari, qator amallarni bajarishlari talab qilinadi. Ana undan so’ng rasmiy ro’yxatdan o’tadilar.

Savolingizga kelsak, ko’p partiyalarning saylovlarda qatnashishi - demokratik an’analar ustuvorligining bir belgisi. Qolaversa, “an’analar” so’zini qo’shtirnoq ichiga olsak ham bo’ladi chunki o’ta ko’p siyosiy guruhlar sahnaga chiqishi yaxshi ko’rinish, deyish qiyin. Men buni, ta’bir joiz bo’lsa, o’tish davri kasalligi deb baholar edim.

Ayni paytda avvalgi parlament saylovlarida bundan ikki barobar ko’p partiya ishtirok etish istagini bildirgan. Oxir-oqibat 29 siyosiy partiya kuch sinashgan edi.

Aytish joizki, saylovda qatnashish uchun 5 million so’m garov puli hamda 9 foizli pog’onani (9 foizdan yuqori ovoz olgan partiya parlamentga o’tadi) ancha-muncha partiya ko’tara olmaydi.

Besh-olti nomdor partiyani hisobga olmaganda, aksar partiyalarning maqsadi - o’zini ommaga va boshqa siyosiy guruhlarga ovoza qilish, ko’rsatish, xolos. Biz ham bormiz, deganday. Ehtimol, kuchliroq partiya e’tibor berib, bizni hamkorlikka chaqirar, o’z nomzodlari ro’yxatidan joy berib qolar degan o’y ham bo’ladi odatda.

“Amerika Ovozi”: Darhaqiqat, saylovda qatnashish istagini bildirgan partiyalar ro’yxatiga ko’z tashlasangiz, ko’plari keng jamoatchilikka notanish. Bunday ko’pchilikning parlament “poygasida ot chopishi” mamlakat siyosiy hayotining taraqqiyotiga xizmat qiladi deb o’ylaysizmi?

Abdumo’min Mamaraimov: Siyosiy partiyalarning qo’ziqorinday ko’payishi demokratik qadriyatlar obro’sini tushirib yuborayotganday tuyuladi menga. Demokratiya emas, qandaydir o’zbilarmonlik, manmanlikka o’xshab qolayapti. Jiddiy, demokratiya asoslarini qadrlagan kuchlar bo’lsa, ular o’z imkoniyatlariga jiddiy yondashgan holda harakat qilgan bo’lar edilar. Ne bo’lsada, men bunday “partiyabozlik”ning jamiyatga ziyoni yo’q deb o’ylayman.

“Amerika Ovozi”: Ya’ni siyosiy partiyalarning ko’pligi aslida ijobiy ko’rinish…

Abdumo’min Mamaraimov: Bu fikrlar xilma-xilligidan dalolat. Biroq partiyalar soni bilan o’lchanmaydi taraqqiyot, balki sifati bilan. Ezgu niyatli partiyalar kuchli maslakdosh siyosiy guruhlar atrofida birlashishi mumkin, albatta. Lekin xohish-iroda, qat’iyat, bilmadim, balki intellektual salohiyat yoki yana qandaydir sifatlar yetishmaydi buning uchun tomonlarda, nazarimda.

“Amerika Ovozi”: O’nlab partiyalar… Bu hol saylovchilar uchun qandaydir bir qiyinchilik, noqulaylik tug’dirishi ehtimoli bormi?

Abdumo’min Mamaraimov: Saylovga biron jiddiy mezon bilan bormagan, kimga ovoz berish befarq odam uchun baribir. Tavakkal qilib, belgi qo’yib chiqaveradi. Oldindan bir qarorga kelgan inson esa tizmada qancha partiya bo’lsa-da, “o’zinikini” topib oladi.

Esimda, avvalgi parlament saylovlarida ovoz berish qog’ozlari 70 santimetr uzunlikda bo’lib, bunday byulletenlarni chop etish, joy-joylarga yetkazish, saqlash ishlarida biroz noqulaylik o’rin olgan edi.

XS
SM
MD
LG