Qirg'iziston prezident uchun ovoz bermoqda


O'shda xavfsizlik choralari kuchaytirilgan

O'shda xavfsizlik choralari kuchaytirilgan

Qirg’izistonda prezident saylovi arafasida xavfsizlik choralari kuchli, xususan, O’sh shahriga qariyb ming nafar militsioner yuborilgan.

Mahalliy nodavlat tashkilotlardan biri o’tkazgan izlanishga ko’ra, Qirg’iziston aholisining 80 foizidan ko’prog’i saylovga qatnashish istagida.

Bu galgi prezident saylovlari nomzodlar ko’pligi bilan ajralib turadi. Dastlab qayd qilingan 83 nomzoddan 16 nafari oliy lavozim uchun kurashni davom ettirmoqda.

O'sh bozorlarida

O'sh bozorlarida

To’rt kandidat siyosiy partiyalar tomonidan ko’rsatilgan bo’lsa, qolganlari mustaqil ravishda o’z nomzodini qo’ygan. Ayni paytda saylov oldi kurashida siyosiy partiyalar faolligi ko’zga tashlanmaydi.

So’rovlarga ko’ra, uch nomzod, jumladan Almazbek Atambayev, Adaxan Madumarov va Qamchibek Toshiyevlarning imkonlari ancha yuqori baholanadi.

Aytish joizki, Madumarov va Toshiyev mamlakat janubidan bo’lib, aynan ushbu hududda ularning tarafdorlari ko’proq o’zlarini namoyon qilmoqda.

Saylovchilarning sezilarli qismi va ayrim nomzodlar orasida hududiy bo’linish va qabilachilik kayfiyati kuzatiladi. Markaziy saylov komissiyasi ayrim axborot vositalarini nojoiz chiqishlari uchun ogohlantirgan.

Ayni paytda mahalliy jamoatchilik turli noxush mish-mishlardan tashvishda.

O'sh ko'chalarida

O'sh ko'chalarida

Odamlarning aytishicha, ayrim nomzodlar tarafdorlari saylovchilarga bosim o’tkazmoqda. Turli norozilik chiqishlari ehtimoli bilan qo’rqitish hollari haqida xabarlar bor.

O’z navbatida davlat tizimlari tartibni saqlash, saylovlarni osoyishta o’tkazish uchun yetarli kuch borligini ta’kidlagan. Qirg’iziston shahar va qishloqlarida minglab mahalliy kuzatuvchilar faoliyat yuritmoqda.

Markaziy saylov komissiyasiga ko'ra, jarayonni 56 davlatdan 725 mutaxassis kuzatmoqda.

Kim bilan so’zlashmang, hamma saylovning tinch, tartibli ravishda o’tishiga istak bildiradi.

G’ala-g’ovurdan charchagan qirg’izistonliklar nihoyat o’lkada hokimiyat butoqlari, jumladan prezidentlik to’la kuchga kirishiga umid qiladi.

XS
SM
MD
LG