Qirg’izistonda go’lib barcha partiyalar koalitsiya tuzsa, ma’qul edi, deydi ziyolilar

  • Amerika Ovozi

Qirg’izistonda go’lib barcha partiyalar koalitsiya tuzsa, ma’qul edi, deydi ziyolilar

Qirg’izistonda go’lib barcha partiyalar koalitsiya tuzsa, ma’qul edi, deydi ziyolilar

Qirg’izistonda parlament saylovlari yakuniga ko’ra qonunchilik organiga kirgan besh partiyadan hech biri ko’pchilik o’rinlarni qo’lga kirita olmagan. Yangi parlamentning ilk sessiyasi 5-noyabrda o’tkaziladi. 28 o’rin bilan poygada birinchi kelgan “Ota-Yurt” partiyasiga hukumatni tuzish vazifasi topshiriladi.

"Sotsial-demokratlar bilan Respublika partiyasi o'rtasida muzokaralar muvaffaqiyatli yakunlansa, demak, bu partiyalarga "Ota-Makon" qo'shilgan taqdirda koalitsiya tuzilishi mumkin", - deydi o'shlik tahlilchi Ahmadjon Mahamadjonov.

Saylovda g'olib bo'lgan "Ota-Yurt" siyosiy partiyasi ko'proq ovoz olgan. U ham boshqa siyosiy partiyalar bilan koalitsiya tuzishi mumkinmi?

""Or-Nomus" partiyasi yetakchisi Feliks Kulov saylovdan keyin dastlabki kunlardayoq "Ota-Yurt" partiyasi bilan bu masalada hamfikr ekanini aytdi. Shu ikki partiya parlamentda birgalashib ish olib boradi degan fikrni bildirishga asos bo'ldi. Lekin bu yerda yana bir narsani e'tiborga olish kerak. Hozir partiyalar o'rtasida munosabatlar emas, partiyalar rahbarlarining shaxsiy ambitsiyalari hal qiluvchi omil bo'layotganga o'xshaydi", - deydi Mahamadjonov.

"Or-Nomus" bilan "Ota-Yurt" partiyalari ana shunday ambitsiya ko'zga tashlanmayapti. Ikkalasi prezident partiyasi boshqaruvi tarafdori ekanini qat'iy turib aytayapti", - deydi u.

Bu ikki partiya birlashgan taqdirda ham hukumat tuzish uchun ovozlari yetmaydi. Qaysi partiya ularga qo'shilishi mumkin?

"Bu yerda shunday vaziyat yuzaga keldiki, ta'bir joiz bo'lsa, eng zaif partiya hal qiluvchi ahamiyatga ega hozir. To'rt partiyaning pozitsiyasi aniq bo'lib turibdi. Aytaylik, "Ota-Yurt" bilan "Or-Nomus" ikkisi bir pozitsiyada, SDPK bilan "Ota-Makon" bir pozitsiyada. Respublika partiyasi mavqeini mustahkamladi. Faqat "Ota-Makon" o'z pozitsiyasini ochiq aytayotgani yo'q. Mana shu partiya qaysi tomonga qo'shilsa, ana shu yetakchi koalitsiya bo'lib qoladi", - deydi suhbatdosh.

Qonunga binoan, mamlakat prezidenti g'olib partiyalardan biriga koalitsiya tuzishni topshiradi. Aytilgan partiya buning uddasidan chiqmasa, ushbu vazifa boshqa partiyaga yuklanadi. U ham muvaffaqiyatga erishmasa, vazifa uchinchisiga o'tadi. Uch urinish ham natija bermagan taqdirda prezident parlamentni tarqatib yuborish va yangi parlament saylovlari belgilash huquqiga ega.

Mahalliy gazeta muharriri Mamasoli Ismoilov nazarida beqarorlikdan charchagan Qirg'iziston uchun parlamentda partiyalar yakdilligi o'ta muhim.

"Or-Nomus" partiyasi yetakchilaridan biri Aqlbek Japarov press-konferensiyalarning birida biz keng koalitsiya tarafdorimiz dedi. Menimcha keng koalitsiya partiyalar murosa qilib ishlashiga sharoit yaratadi. Hozir uch partiya birikib turib hukumat tuzsa, unga oppozitsiyada yana bir fraksiya bo'ladida. Tanqidiy fikrlar ko'payadi. Hukumatdan kamchilik axtaradiganlar ko'payadi. Parlamentning ishidan kamchilik axtaradiganlar ko'payib, ishni ko'ngildagidek olib ketish uchun sharoit bo'lmaydi. Shuning uchun keng koalitsiya ma'qulroq. O'zlarining shaxsiy ambitsiyalarini unutib, Qirg'iziston kelajagini, uning rivojlanishini o'ylab ish tutadigan bo'lsa, yaxshi edi. Lavozimni bu partiya vakillariga beraylik, murosa bilan ishlaylik, deb kelishib olish imkoniyati bor", - deydi Ismoilov.

Bu qanchalik amalga oshishi mumkin. Muxolifat bo'lmasa, davlatni tanqid qilib turmasa?

"Baribir, ichki muxolifat bo'ladi. Hammasida o'zining shaxsiy nuqtayi nazari, manfaatlari bor. Qarama-qarshilik davom etaveradi. Lekin chet el siyosatchilari, bizdagi ekspertlarning fikrlarida ham jon bor. Parlament saylovlaridan keyin tuziladigan hukumat uzoq ishlab ketishiga ishonch yo'q, umid yo'q degan gaplarda jon bor. Ko'proq ustunlikka erishgan partiyaning yo'qligi chalkashlikka olib kelayapti", - deydi muharrir.

Ayrim tahlilchilar nazarida "Ota-Yurt" partiyasi, prezident boshqaruvi tarafdorlari boshqa partiya bilan birlashgan taqdirda ham har partiya ko'rpani har xil tarafga tortib ketish ehtimoli bormi?

"Albatta. Huddi Krilovning mashhur masalida bo'lganidek, oqqush boshqa yoqqa, sho'rtang baliq boshqa yoqqa tortib, qisqichbaqa boshqa yoqqa tortganday bo'lishi mumkin. Chunki partiyalar o'rtasida farq juda kam. Ikki-uch o'rinlik farq haqida gap ketmoqda. Aslida murosa qiladigan vaqt ham keldi", - deydi suhbatdosh.

Kuzatuvchi Akromjon Boboyev "Ota-Yurt", "Or-Nomus" partiyalari birlashsa, kuchli koalitsiya bo'lishi mumkin, deydi.

"Lekin bu qiyin. Chunki partiyalarning asosiy maqsadi vazirliklarni, portfellarni bo'lishib olish-da. Yangi konstitutsiyamizda bosh vazirning vakolatlari kengaytirilgan. Demak, partiyalarning asosiy maqsadi bosh vazir, boshqa vazirlar lavozimlarini bo'lib olish. Undan keyin asosiy kuch tizimlarini taqsimlash".

Koalitsiya tuzish bilan masalani hal qila olmaymiz, deydi tahlilchi Ahmadjon Mahamadjonov.

"Hali oldinda ish turibdi. Ana shu ish jarayonida partiyalarning yetakchilari, deputatlar o'zlarini qanday tutishadi? Bunga ham juda ko'p narsa bog'liq. Agar ular koalitsiya tuzsa-yu, hukumat tarkibini shakllantirsa, lekin ish yuzasidan shaxsiy ambitsiyalarini ustun qo'ysa, u holda yana siyosiy janjallar yana yuz beradi", - deydi u.

Suhbatdoshlar fikricha, parlament ishiga halaqit beruvchi omillardan biri siyosiy madaniyatning yetishmasligi bo'lishi mumkin. Aynan shu hislat o'lkadagi alg'ov-dalg'ovlarning sabablaridan biri ekani ma'lum, deydi suhbatdoshlar.

"Partiyalar koalitsiya tuzsa, masala ijobiy hal bo'lar edi degan fikr to'g'ri. Bizdagi siyosiy rahbarlar ana shu narsaga tayyormi? Aprel inqilobidan keyin qancha vaqt o'tgan bo'lsa ham odamlardan umid uyg'otadigan fikr paydo bo'lgani yo'q. Vaziyat chigal holicha saqlanib turibdi. Agar parlamentda ham mana shu alg'ov-dalg'ov kuzatilsa, masala hali beri yechilmaydi", - deydi tahlilchilar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG