Qirg’izistonda partiyalar hokimiyat uchun olishmoqda, aholi "tinchlikni ta’minlay oladiganini tanlaymiz" deydi

  • Amerika Ovozi

Kuzatuvchilarning aytishicha, iyundagi qirg’in ortidan o’zbek aholisi saylovdan ancha uzoqlashgan. Ammo yaqinlashayotgan saylovlar bois o’zbeklar orasida ham ma’lum ma’noda jonlanish bor.

Kuzatuvchilarning aytishicha, iyundagi qirg’in ortidan o’zbek aholisi saylovdan ancha uzoqlashgan. Ammo yaqinlashayotgan saylovlar bois o’zbeklar orasida ham ma’lum ma’noda jonlanish bor.

Qirg’izistonda bir necha oylik siyosiy g’alayon va qonli olishuvdan so’ng nihoyat shu hafta parlament saylovlari o’tadi.

Aksariyat tahlilchilar bahosicha, bu - Markaziy Osiyoda ilk adolatli, ochiq va teng saylov bo’lishi mumkin.

Ammo tinimsiz bahs, beqarorlik va elatlar o’rtasida adovat yana avj oladi degan hadik odamlarni demokratiya, saylov, tenglik degan shiorlardan bezdirgandek.

Aholi orasida har xil fikrlarni eshitish mumkin.

“Odamlarning kayfiyati ko’tarinki. Ko’pchilik boramiz, boramiz deb turibdi. Biz ham boramiz. Kelajagimiz haqida gap ketmoqda, demak borish kerak. Yurtimizni qo’llab-quvvatlashimiz kerak. Ota Makon, Respublikachilar yaxshi ketayapti, bilishimcha”, - deydi O’sh oliy o’quv yurtlaridan birining talabasi.

“Saylov kampaniyasi juda qizg’in ketayapti. Lekin saylovlar toza bo’ladi deb ishonmayman. Pul berayapti odamlarga. Kim pul bersa o’shanga ketayapti odamlar”, - deydi yana bir talaba.

Mahalliy saylovlar tinch o’tishini ta’minlash uchun barcha choralar ko’rilgani aytiladi. Jumladan, O’shda saylov uchastkalarida militsiya va xalq posbonlari navbatchilik qiladi.

Mahalliy saylovlar tinch o’tishini ta’minlash uchun barcha choralar ko’rilgani aytiladi. Jumladan, O’shda saylov uchastkalarida militsiya va xalq posbonlari navbatchilik qiladi.

“Konsertlar, yig’inlar o’tkazishmoqda. Kuzatishimcha, Ota Yurt, Ota Makon partiyalari oldinda”, - deydi talaba.

Mahalliy nohukumat tashkilotlar o’tkazgan so’rovlarga ko’ra, parlamentga kiraman degan 29 partiya jon-jahdi bilan kurashar ekan, shundan olti-yettitasi g’alaba qilishi kutilmoqda.

Ular orasida Ota Makon Sotsialistik Partiyasi, Sotsial-Demokratlar Partiyasi, Ota Yurt va va Or-nomus Partiyalari bor. Ayni paytda qator partiyalar xatti-harakati saylovchilar e’tiroziga sabab bo’lmoqda. Ular saylovoldi madaniyati o’smaganidan tashvish bildiradi.

“Hozir nima ko’p, partiya ko’p. Nihoyat qattiq raqobat ketmoqda. Lekin bundan bir ish chiqishiga mening aqlim yetmayapti. Masalan, bitta partiya kelib bir stolbaga o’zining shiorlarini yopishtirib ketsa, ikkinchisi kelib, yirtib tashlaydi. Uchinchisi kelib, yana bir nimani yopishtirib ketadi. Bu nima degan gap?” – deb so’raydi mana bu otaxon.

Aholining, ayniqsa, yoshlarning ko’pi saylovga jiddiy qiziqish bildirayotgan bir paytda saylovchilar orasida ishonchsizlik ruhi ham ko’zga tashlanadi.

“Qaysi bir partiyani saylashni ham bilmaydi odam. Masalan, men hech kimga ovoz bermasdim. 20 yildan beri saylanayapti, lekin hech biri xalqim, yurtim demaydi. Hamma o’zining cho’ntagini o’ylaydi. Hech kim xalqni o’ylamayapti”, - deydi mana bu ayol.

“Saylovdan oldingi va’dabozlik bo’layapti yana. Teper mi xotim podnyat stranu, my znayem kak eto sdelat, deydi. Qanday qilib qiladi? Mamlakatni ko’tarishni bilar ekan, nimaga shuncha mahaldan beri bilgan bo’lsa, ko’tarmadi? Mana shu tupikka olib kelib, tiqib qo’ydi. Umidim yo’q”, - deydi fuqarolardan biri.

Qirg’izistonlik taniqli yozuvchi va shoir Abdurashid Urboyevning aytishicha, hozirgi saylovga elning uncha qiziqishi yo’q.

“Partiyalarning konkret maqsadlari belgilanmagan. Programmalari bor-ku, lekin biri birinikiga o’xshash. Shuning uchun el uncha qiziqmaydi. Menimcha, biror partiya ko’p ovoz ololmaydi va partiyalar koalitsiya tuzadi.Demakki, stabillik bo’lmaydi”, - deydi u.

Kuzatuvchilarning aytishicha, iyundagi qirg’in ortidan o’zbek aholisi saylovdan ancha uzoqlashgan. Ammo yaqinlashayotgan saylovlar bois o’zbeklar orasida ham ma’lum ma’noda jonlanish kuzatiladi. Ular qaysi partiya hokimiyatga kelsa, mamlakatda tinchlik qaror topishi mumkin, deya so’raydi.

“Qirg’izistonda yashaydigan barcha fuqarolarning tengligini, konstitutsiya ijrosini ta’minlab bera oladigan partiya kelishini xohlayman”, - deydi fuqarolardan biri.

Mahalliy saylovlar tinch o’tishini ta’minlash uchun barcha choralar ko’rilgani aytiladi. Jumladan, O’shda saylov uchastkalarida militsiya va xalq posbonlari navbatchilik qiladi. Bu joylarda ishonch telefonlari o’rnatilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG