Xalqaro tashkilot Qirg'izistondagi millatchilikdan xavotir bildirdi


Qirg’izistonda o'tkazilayotgan saylovlar arafasida Bo'hronlarni o'rganuvchi xalqaro guruh mamlakatdagi siyosiy vaziyat borasida hisobot chiqardi. Unda dolzarb muammolar qatorida korrupsiya, iqtisodiy tanazzul, millatchilik kayfiyatlari zikr qilingan.

Mualliflarga ko’ra, fuqarolarning aksariyati saylov yakunida islohotchi hukumat kelishiga ishonmaydi. Xalqaro tashkilotlar va yirik davlatlar Bishkekni mustahkam siyosat olib borishga undashi lozim, deyiladi hisobotda.

Xorijiy kuzatuvchilarga ko’ra, parlament demokratiyasini tatbiq etayotgan Qirg’iziston qator tashqi va ichki muammo hamda xatarlarga duch kelmoqda. Bishkeklik siyosatshunos, mahalliy Diplomatiya akademiyasi muallimi Japar Birimqulov nazarida, Afg’oniston bilan bog’liq xavf aslida jiddiy emas va ko’p hollarda ma’lum maqsadni ko’zlagan holda bo’rttirib ko’rsatiladi.

Suhbatdoshga ko’ra, Qirg’izistonning Rossiya yetakchiligidagi iqtisodiy ittifoqqa kirishi va ushbu o’lka bilan tig’iz aloqalar milliy manfaatlarga to’la javob beradi, AQSh bilan munosabatlar esa ertami-kech iziga tushadi.

“Mamlakatdagi ahvol va saylovlarga kelsak, odamlar siyosatchilarga ishonmaydi, ammo hozirgi osoyishtalikning qadriga yetishadi. Albatta, orzular bisyor, ammo qaysi yetakchi-arbobga tayanishni bilmaysan, barchasi birday obro’si to’kilgan odamlar”, - deydi Bishkekdagi Diplomatiya akademiyasi muallimi.

Xalqaro inqiroz guruhi Qirg’izistonning dolzarb muammolari qatorida korrupsiya, iqtisodiy tanazzul va millatchilikni alohida tilga oladi.

“Aytilgan muammolarning barchasi qay bir darajada mavjud. Siyosiy partiyalarning saylovoldi debatlarida bu masalalar haqida ham so’z yuritilyapti. Lekin savol tug’iladi: muammo bor ekan, uni o’z vaqtida aytib, o’z vaqtida yechsa bo’ladi-ku, aynan saylovlarni kutish kerakmi?”, - deydi o’shlik qalamkash va tahlilchi Ahmadjon Mahamadjonov.

Japar Birimqulov fikricha, mamlakatning moliyaviy ahvoli jiddiy islohotlar o’tkazish imkonini bermaydi va amalga keladigan hokimiyat kundalik ishlardan nariga o’tishi dargumon.

Ayrim kuzatuvchilar, jumladan, Inqiroz guruhi vakillariga ko'ra, galdagi parlament saylovlari Qirg’iziston aholisining parlament demokratiyasi samarasiga ishonchi susayib borayotgan bir paytda o’tayapti.

Japar Birimqulov fikricha, odamlarning hafsalasi pir bo’lishiga parlamentarizm sistemasi emas, balki noloyiq deputatlar sabab.

“Parlament demokratiyasiga yetishish, monand bo’lish uchun o’sish, o’zgarish lozim”, - deydi siyosatshunos.

“Inson qalbi, ongi, tafakkurini o’zgartirmay turib, ongini islohotlamay turib, qog’ozdagi islohotdan naf kutib bo’lmaydi. Aytaylik, korrupsiyani jilovlash haqida qanchadan beri gapirilib kelinmoqda. U esa shu darajaga yetdiki, hatto farzandi maktabda o’qiyotgani haqida spravka olish uchun ellikboshiga pul uzatiladi”, deydi Ahmadjon Mahamadjonov.

Yangi parlament va bo’lgusi hukumat oldida turgan vazifalar orasida suhbatdoshlar birinchi navbatda aholi turmush darajasini ko’tarish, farovonligini oshirish masalasini tilga oladi.

Hisobotni e'lon qilgan xalqaro tashkilot nazarida, BMT, Yevropa Ittifoqi kabi nufuzli tashkilotlar hamda buyuk davlatlar qirg’iz hukumatini ustuvor masalalarni yechishda faol bo’lishga undashi darkor.

“Aslida bu jahon hamjamiyatiga a’zo bo’lmish o’lkaning majburiyati, burchi. Va bu burchni Qirg’iziston o’z imkoniyatlari, shart-sharoiti, o’z manfaatlaridan kelib chiqqan holda bajarishi kerak bo’ladi”, - deydi o’shlik qalamkash va tahlilchi Ahmadjon Mahamadjonov.

Qirg'iziston janubida yuz bergan 2010-yilgi qonli to'qnashuvlar ortida aynan millatchi guruhlar turgani aytiladi. Fojeada yuzlab odam halok bo'lgan. Asosan, oz sonli o'zbeklar jabr ko'rgani ma'lum.

XS
SM
MD
LG