Qirg’iziston janubida atrof-muhit muhofazasiga e’tibor oshgan


Janubiy Qirg’izistonda atrof-muhitni toza saqlash kampaniyasi boshlandi. Viloyatma-viloyat ko’kalamzorlashtirish ishlari olib borilmoqda. Ekologlar nazarida buning o’zi yetmaydi.

Omma orasida tabiatni muhofaza qilish, ona zamin ne’matlarini asrab avaylash yuzasidan targ’ibot ishlarini kuchaytirish, diqqat-e’tiborni oshirish kerak, deydi ular.

Bu yili ko’kalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlari yozgacha davom etadi. Odatdagi bir oylik o’rniga uch oylik kampaniya e’lon qilingan.

O’sh viloyati atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi mahalliy idoralaridan biri mutaxassisi Abdusalom O’rmonovning aytishicha, tadbir davomida ko’chalar tozalanadi, ko’plab daraxtlar ekiladi, soylar bo’ylab tozalik ishlari olib boriladi.

“Odamlarga yer ulushlari bo’linib berilgach, ular atrofdagi ariqlar, anhorlar bo’ylab o’sayotgan daraxtlarni kesib tashlashgan. Ko’p joylarda daraxtlar nihoyatda siyraklashib ketdi. Daraxtlarni ko’paytirish, ekologiya masalalariga ahamiyat berish maqsadida hokimiyat tizimlari bilan birgalikda bizning atrof-muhitni muhofaza qilish muassasalari kerakli chora-tadbirlarni amalga oshirishga harakat qilayapmiz”, - deydi Abdusalom O’rmonov.

So’nggi yillarda mahalliy aholi orasida atrof-muhit holatidan shikoyat ko’paygan.

“Tozalik bo’lmasa kasallik chiqadi. Hammayoq tashlandiq, axlatga to’la. Kunlar isib ketsa nima bo’ladi”?

“Soylarimizi axlat bosib ketayapdi. Oshxonalar, qassoblar chiqindilarini soylarga tashlab yuborayapti”.

“Ilgari sanepidemstansiya xizmati yaxshi ishlardi, tuman nazorat tizimlari ham bo’sh turmasdi. Hozir esa hech kimning bir-biri bilan ishi yo’q. Bog’larimizni obodonlashtirib, qariyalarga maxsus joylar ajratsa yaxshi bo’lardi. Xalqimiz bunday maskanlardan foydalanishi darkor. Aksincha, ko’p joylar sotilib, u yerlarni olgan shaxslar atrofga ahamiyat bermay qo’ygan”, - deydi mahalliy aholi vakillari.

Ekologiyani muhofaza qilish boshqarmasi vakili Abdusalom O’rmonovga ko’ra, suv qo’riqlash zonalarida har qanday qurilish man etilgan.

“Masalan, oshxona, bozorlar, sartaroshxona, qushxona kabi qurilish obyektlari soy bo’ylarida joylashmasligi kerak. Sababi, u yerlardan chiqqan chiqindilar to’g’ridan-to’g’ri soylarimizni, suvlarimizni bug’lanishiga olib keladi. Bunday narsalarni oldini olish uchun o’sha obyektlar o’z atroflarini to’sishlari zarur. Ikkinchidan, xavfsizlik zonalarini tayyorlash kerak. Bunday tadbirlar qilinmaydi”, - deydi suhbatdosh.

Mutaxassislar fikricha, ekologiya masalalari uchun mahalliy korxonalar, xo’jaliklar va kichik biznes mas’uliyatini kuchaytirish darkor.

“Hozirgi kunda shaxsiy kichik ishlab chiqaruvchi korxonalar ko’payib ketgan. Masalan, kichik g’isht zavodlari, paxtani qayta ishlab chiquvchi sexlar, tegirmonlardan chiqayotgan chiqindilarni yo’q qilish bo’yicha tadbirlar deyarli sezilmaydi. Bu narsalarni oldini olish uchun doimo nazorat bo’lish kerak. Vaqti kelsa, sanepidemstansiyalarni, ekologiya xizmatlarini yoki suv xo’jaligini bunday tadbirkorlarga kuchi yetmay qolayapti”, - deydi Abdusalom O’rmonov.

Qator xalqaro tashkilotlar ko’magida Qirg’izistonda atrof-muhitni muhofaza qilish bo’yicha bir necha yirik loyiha amalga oshirilayotir. Aksariyati xatarli radioaktiv chiqindixonalarni zararsizlantirishga qaratilgan.

Mutaxassislarga ko’ra, ayni paytda tabiatni qo’riqlashning, sog’lom muhit yaratishning boshqa dolzarb yo’nalishlari nazardan chetda qolayotir.

XS
SM
MD
LG