Qirg'izistonda elatlarni sharaflovchi bayram


Qirg’izistonning O’sh shahrida elatlar va madaniyatlar festivali o'tmoqda. Ikki kun davomida o’lkada yashovchi xalqlar va xorij vakillari san’ati namunalari, urf-odatlari, milly liboslar va taomlarni namoyish etadi.

Joriy yil Qirg’izistonda Tarix va madaniyat yili deb e’lon qilingan va bu sayl mazkur dastur doirasida o’tkazilmoqda.

Qorasuvlik dorbozlar hamda xalq o’yinlari ustalari ko’plab mamlakatlarda olqishlarga sazovor bo’lgan. Qadim san’atni bugun ular festival ahliga tortiq qilmoqda.​

O’sh viloyati O’zbek akademik drama teatri jamoasi tadbirning bir necha yo’nalishida ishtirok etmoqda.

“Ko’riklar xalq amaliy san’ati va og’zaki ijodi, hunarmandchilik, tasviriy san’at, milliy liboslar va taomlar, eski adabiyot va nodir buyumlar yo’nalishlari bo’yicha o’tmoqda. Bu o’lkamiz xalqlarining o’ziga xosligi va shu bilan birga, madaniyatlar uyg’unligi, qardoshligini aks ettiruvchi bayram”, - deydi teatr direktori Nabijon Mamajonov.

Qirg’iz, o’zbek, rus, tatar-boshqird, qozoq, tojik, xullas, o’nlab xalqlar madaniy uyushmalari vakillarining chiqishlari, ko’rgazmalari boy madaniyat va san’at, ruhiyat va manaviyatdan hikoya qiladi.

O’sh viloyat tatar-boshqird milliy-madaniy markazi raisasi Ravila Ahmerova festival mehmonlarini yaqin ikki-uch kun ichida O’zgan va O’sh shaharlarida o’tadigan an’anaviy Sabantuy bayramiga taklif qildi. Bu yilgi Sabantuyga tataristonlik san’atkorlar ham tashrif buyurar ekan.

Qirg’iziston xalq artisti Rasuljon Uraimjonov 2010-yilgi millatlararo ziddiyatdan jabr tortgan hudud uchun ahillik, totuvlikni mustahkamlashga hissa qo’shuvchi bunday tadbirlar muhim ekanini ta’kidlaydi.

“Bayram hayot yaxshi tomonga ketayotganini tasdiqlaydi. Yoshlarimiz turli madaniyatlarni qadrlashlari, porloq kelajak qurishlari lozim”, - deydi hofiz.

Qirg’iz oqini Idris Aytboyev siyosatga o’ralashib qolib, madaniyatdan chetda qolayotgan yoshlarga murojaat qilar ekan, aslida madaniyat siyosatga emas, balki siyosat madaniyatga muhtojligini ta’kidlaydi. Uningcha, zikr qilingan festival mana shu haqiqatdan dalolat.

Oqin turfa madaniyatlarni targ’ib etuvchi tadbir an’anaviy bo’lib qolishi, yanada shakllanishi tarafdori. Toki, dunyo xalqlari tarixi, madaniyati, san’ati bilan tanishaylik, o’rganaylik, do’stlashaylik, deydi oqin Aytboyev.

XS
SM
MD
LG