Qirg’izistonda tatar-boshqird jamoasi millatlararo totuvlikni qadrlaydi


Qirg’izistonda tatar-boshqird jamoasi millatlararo totuvlikni qadrlaydi

Qirg’izistonda tatar-boshqird jamoasi millatlararo totuvlikni qadrlaydi

Sovet Ittifoqi parchalanganidan so’ng yangi mustaqil davlatlarda olg’a surilgan milliy mafkura va siyosat hamda turli ijtimoiy-iqtisodiy omillar tufayli millatchilik kayfiyati avj oldi. Ozchilikdagi elatlarga nisbatan bosim kuchaydi.

Markaziy Osiyoning boshqa respublikalari singari turli millat va e’tiqod vakillari yashagan Qirg’izistonda hozir etnik nizolar qayta takrorlanmasligi uchun jamoalar-aro yarash dasturlari amalga oshirilmoqda.

O’sh viloyati tatar-boshqird milliy-madaniy markazi Qirg’izistonda faol milliy uyushmalardan hisoblanadi.

Viloyatda to’rt mingdan ziyod tatar va boshqirdlar istiqomat qilayotgan bo’lib, ko’pchiligi tashkilot tadbirlarida qatnashib turadi.

“Mana o’n yildirki biz O’sh shahri va viloyatda Sabanto’y tatar xalq bayramini o’tkazib kelayapmiz. Ushbu tadbirda qozonli mehmonlar ham qatnashadi. Tadbirimiz ko’pchilik o’shliklarda qiziqish uyg’otmoqda. Turli madaniy tadbirlar ham o’tkazib turamiz. Yaqinda bolalar bilan O’shdagi Sulaymon tog’ini ziyorat qildik. Tatar yozuvchisi Gabdulla Toqayning 125 yilligini nishonladik”, - deydi tatar-boshqird milliy-madaniy markazi rahbari Ravilya Ahmerova.

Tatar va boshqirdlar O’rta Osiyo, jumladan qirg’iz diyoriga XIX asrning o’rtalarida kela boshlagan. Ular Chor Rossiyasi, keyinroq Sovet Rossiyasi hamda mahalliy xalqlar o’rtasida o’ziga xos ko’prik, bog’lovchi vosita sifatida xizmat qilgan.

Tatarlar turli sohalarda mohir mutaxassis qatori tanilgan. Tatar qizlariga uylanish bir paytlar keng tus olgan. Bunday aralash oilalarda voyaga yetgan taniqli insonlar ko’plab topiladi.

Zikr qilingan markaz qator madaniy, ijtimoiy masalalarga yechim topishga harakat qiladi. Ona tilini o’rganish, milliy urf-odatlarni saqlab qolish shular jumlasidan. Aytish joizki, Qirg’izistonda tatar va boshqird bolalari odatda rus maktablarida ta’lim olishadi.

“Har yakshanba kunlari faoliyat ko’rsatadigan maktab tashkil qilganmiz. U yerda tatar yoshlari ona tilini, madaniyatini o’rganadi. Chunki ko’pchilik adabiy tilni bilmaydi. Qozondan bizga tatar tilidagi kitoblar yuborib turishadi”, - deya davom etadi Ravilya Ahmerova.

Qirg’izistonda keyingi yillarda vujudga kelgan vaziyat – ijtimoiy-siyosiy beqarorlik, iqtisodiy inqiroz, ishsizlik tatar-boshqirdlar orasida ham muhojirat kayfiyatini kuchaytirgan. Ayniqsa, o’tgan yilgi millatlararo to’qnashuvlar milliy ozchiliklar ruhiyatiga jiddiy ta’sir qilgan.

Boshqird ayoli Svetlana Gafarova O’shdagi nodavlat tashkilotlardan birida faoliyat ko’rsatadi. Ko’pchilik millatdoshlar qatori uning bir oyog’i Qirg’izistonda bo’lsa, bir oyog’i Rossiyada. Nafaqaga chiqqach, butunlay ko’chib ketishni rejalashtirgan.

“Ishsizlik, davlat tilining jadal sur’atlar bilan ish yuritish sohasiga kiritilishi, kasbiy o’sish uchun sharoit yo’qligi va eng muhimi shaxsiy xavfsizlikka tahdid odamlarni avlodlar yashagan vatanni tark etishga undamoqda”, - deydi u.

Hozirda tatar va boshqird qalamkashlari Qirg’izistondagi millatdoshlari hayoti va faoliyati borasida kitob tayyorlamoqda.

Qirg’izistonda qolayotgan tatarlar tarixiy vatanlari bilan aloqalar kuchayishiga umid bog’laydi. Bu ular uchun nafaqat moddiy, balki ma’naviy tayanch ekanini aytishadi.

“Tataristonda dunyo tatar yoshlari anjumanlari o’tkazilib turiladi, va albatta bizning yoshlarni ham taklif qilishadi. Ayni paytda O’shdagi Rossiya Federatsiyasining Bosh konsulligi ham o’z ko’magini ayamaydi”, - deydi markaz rahbari Ravilya Ahmerova.

Ushbu milliy markaz asosiy vazifalardan biri do’stlikni, millatlararo totuvlikni mustahkamlash, deb sanaydi. Ular bu boradagi tadbirlar samara berishiga ishonadi.

XS
SM
MD
LG