Qirg'iziston Rossiya boshliq Bojxona Ittifoqiga kirib nimadan yutadi, nimani boy beradi?


O'sh, Qirg'iziston

O'sh, Qirg'iziston

Yaqin kunlarda Qirg’iziston Bojxona ittifoqiga kirishi kutilmoqda. Rasmiy marosim iqtisodiy hamjamiyatning 23-dekabrga belgilangan sammiti doirasida o’tishi aytilmoqda. "Amerika Ovozi" o’shlik iqtisodchi olim Alisher Yusupov bilan shu haqda gaplashdi.

“Amerika ovozi”: Qirg’izistonning zikr qilingan iqtisodiy hamjamiyatga kirishi yo’lida nimalar qilinyapti?

Alisher Yusupov: Tayyorgarlik qizg'in ketayapti. Boj soliqlari stavkalarini reglamentlashtirish, Qirg’izistonda ishlab chiqarilayotgan va respublika orqali re-eksport qilinadigan mollarni Bojxona Ittifoqi talablariga taqqoslash ish choralari standartlarini muhokama qilish davom etmoqda. Hukumat hamda vazirliklar qoshida tashkil qilingan qo'mitalar faol ish olib bormoqda. Albatta, jarayon ancha vaqt talab qiladi. Bu o’rinda 23-dekabr kuni rasmiy, boshqacha aytganda - ramziy imzolash marosimi bo’lib o’tadi, deyish mumkin. Amalda jarayon kelasi yil ham davom etadi.

“Amerika ovozi”: Qirg’izistonning iqtisodiy hamjamiyatga moslashish jarayoni uzoq yillar davom etadi, degan fikrlar bor. Gap Qirg’iziston hamda zikr qilingan hamjamiyat iqtisodiyotlari o’rtasiga - aytaylik, ish haqi, yalpi mahsulot ko’lami, mehnat unumdorligi va hokazo ko’rsatkichlar bo’yicha - katta tafovut mavjudligida.

Alisher Yusupov: Ha, qator makro-ekonomik ko’rsatkichlar bo’yicha Qirg’iziston Rossiyadan ham, Qozog’iston va Belarusdan ham ahcha orqada. Va bu hol qirg’iz hukumati oldida jiddiy muammo va vazifalar qo’ymoqda. Iqtisodiyotlar o’rtasidagi tafovutni ozaytirish uchun Bojxona Ittifoqi mamlakatlari Qirg’izistonga turli jamg’armalar orqali yirik moliyaviy ko’mak berishni rejalashtirgan. Aytaylik, yaqinda Qozog’iston prezidenti mazkur mamlakat 100 million dollardan 300 milliongacha bera olishini bildirdi. Rossiya ko’magi bir milliard 200 million dollarni tashkil qiladi. O’ylaymanki, Belarus ham chetda qolmaydi. Bu chora-tadbirlar Qirg’izistonning iqtisodiy hamjamiyatga kirish jarayoni imkon qadar yengil o’tishiga xizmat qilishi ko’zda tutilmoqda.

“Amerika ovozi”: Mustaqillik yillari davomida Qirg’izistonga turli mamlakatlar, jumladan, o’sha Rossiya, kredit va grantlar sifatida yirik moddiy yordam berib kelgan. Ayrim kuzatuvchilar o’sha pullarning ko’pi besamar ketganini urg’ulaydi. Bu safargi mablag’ning to’g’ri, maqsadli ravishda ishlatilishiga qanday kafolat bor?

Alisher Yusupov: Muammo yo’q emas. Ammo hozir Qirg’izistonga ochiq-oydinlik, matbuot erkinligi mavjud. Hokimiyatning uch butog'i - prezident, parlament, hukumat keng mustaqillikka ega. Demak, nazorat uchun sharoit ham yetarli, desa bo’ladi.

“Amerika ovozi”: Qirg’izistonning iqtisodiy hamjamiyatga kirishi masalasi o’lkada ko’pdan deri bahs-munozaralarga sabab bo’lib kelmoqda. Tegishli hujjatlarni imzolash payti yaqinlashgan sari tarafdorlar safi tobora oshib borayotgani ko’zga tashlanadi. Iqtisodiy hamjamiyatning Qirg’iziston uchun qanday afzalliklari bor-u va qanday salbiy jihatlari bo’lishi mumkin, deb o’ylaysiz?

Alisher Yusupov: Iqtisodiy sohada ijobiy taraflari hammaga ravshan. Bu Qirg’iziston iqtisodi taraqqiyotini Bojxona Ittifoqi o’lkalari darajasiga ko’tarish va barqaror iqtisodiy rivojni ta’minlash. Yana bir jihati - bu ham Qirg’iziston uchun o’ta dolzarb masala - ishlab chiqarishni modernizatsiyalash. Aytish joizki, 90 foiz zavod-fabrikalarimiz Sovet davrida qurilgan va eski texnika va texnologiyalarga asoslangan. Va nihoyat, neft mahsulotlari hamda boshqa kerakli mahsulotlarni hamjamiyat mamlakatlaridan imtiyozli tarzda keltirish. Bu Qirg’iziston uchun salmoqli foyda. Ikkinchi tarafdan, o’lka bozorlariga ma’lum mahsulotlar, masalan, Xitoy va boshqa mamlakatlardan keltirilayotgan mollar narxi ko’tarilishi kutilmoqda. Yana bir salbiy tomoni - ayrim sohalar, xorij mollari bilan savdo qiluvchi Do’rdo’y, Qorasuv bozorlari faoliyatiga putur yetishi, demakki, ishsizlik bir necha foiz ko’tarilishi ehtimoli bor. Siyosiy-harbiy sohada ijobiy tomoni - iqtisodiy ittifoq Qirg’iziston chegaralarini mustahkamlash, mamlakatning iqtisodiy va hokazo xavfsizligini ta’minlashdan manfaatdor. Ijtimoiy sohani olsak, qirg’izistonlik yuz minglab mehnat muhojirlari aytilgan hamjamiyat o’lkalarida qator imtiyozlarga ega bo’ladi. Xulosa qilib aytganda, Qirg’izistonday kichik davlat uchun bu shiddatli zamonda kuchli iqtisodiy tashkilotga a’zo bo’lish ulkan ahamiyat kasb etadi, buni hayot-mamot masalasi, deyish mumkin.

“Amerika ovozi”: Qator kuzatuvchilar hamda davlat arboblari AQSh va umuman G’arb mamlakatlarining Ukraina masalasida Rossiyaga nisbatan qo’llayotgan sanksiyalari Moskvaning ittifoqdoshlariga ham ta’sir etayotganini ta’kidlayapti. Bundan chiqdi, G’arb, Rossiyaga yaqinlashmang, deya ishora qilayaptimi?

Alisher Yusupov: Shunday deyish mumkin. Aytaylik, Qirg’iziston ahli Rossiyaga nisbatan kiritilayotgan ayrim choralar natijalarini o’z turmushida his qilmoqda. Masalan, tashqaridan keltirilayotgan mahsulot qimmatlayapti, milliy valyutamiz qadrsizlanib borayotir. Yaqinda AQShning Qirg’izistondagi elchisi Yevropada xavfsizlik va hamkorlik bo’yicha tashkilotning Bishkekdagi akademiyasida ma’ruza qilayotib, Qirg’izistonning Bojxona Ittifoqiga qo’shilishi ko’proq salbiy oqibat berishi mumkin, deb aytdi. Bu so’zlarni Rossiyadan boshqa yo’nalishni tanlashga undash, deya baholash mumkin.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG