Qirg’iziston hukumati: Yevropa politsiyachilari kelishi mumkin, ammo shart bilan

  • Amerika Ovozi

Yevropa politsiyachilari Qirg’izistonga kirishi mumkin, faqat bir shart bilan – erishilgan bitimga tuzatishlar kiritilsin, deydi rasmiy Bishkek.

52 kishilik politsiya guruhini O’shga to’rt oyga jo’natishga doir bitim o’tgan hafta imzolanishi kerak edi.

Eski bitimga ko’ra, politsiyachilar qurolsiz bo’lishi va mahalliy militsiyaga maslahat bilan yordam berishi, janubda tinchlikni ta’minlashda ko’maklashishi kerak.

Biroq Roza Otunbayeva ma’muriyati ishni kechiktirmoqda – politsiyachi guruhning xavfsizligini ta’minlash ko’ndalang bo’lib turibdi.

Ayrim fikrlarga ko’ra, politsiyachilar kelib, o’zbeklar muxtoriyat talab qilib turib olishi mumkin.

Vaholanki, deydi Yevropa rasmiylari, aynan Qirg’iziston prezidenti avvalroq politsiya jo’natishni iltimos qilib murojaat qilgan edi.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti delegatsiyasi o’tgan hafta Bishkekda Otunbayeva bilan uchrashgan.

Bu orada Qirg’iziston prokuraturasi bir necha o’zbek faoli, jumladan, jurnalist va tadbirkorga qarshi jinoiy ish qo’zg’atgan. Ular etnik adovatni avj oldirganlikda ayblanmoqda.

Inson huquqlari bo’yicha Human Rights Watch tashkiloti o’tgan oy e’lon qilgan hisobotida Qirg’iziston harbiylarini o’zbeklarga qarshi zug’umda ayblagan edi. Ammo Qirg’iziston hukumati bu borada biror munosabat bildirmagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG