Qirg’izistonda saylov va xorij televideniyesi haqidagi qonun o'zgarishi mumkin


Qirg’izistonda saylov va xorij televideniyesi haqidagi qonun o'zgarishi mumkin

Qirg’izistonda saylov va xorij televideniyesi haqidagi qonun o'zgarishi mumkin

Qirg’izistonda saylovoldi targ’ibot-tashviqot ishlari rasman boshlangan ekan, prezident va parlament saylovlari borasidagi qonunga tuzatish kirishi kutilmoqda.

Mamlakatda Rossiyaning “Birinchi” va “Rossiya” telekanallarini efirga vaqtincha uzatmaslik rejalangan. Qonunga binoan, xorijiy axborot vositalari bu davlat saylovoldi tashviqotida qatnasha olmaydi. Demak, bu kanallarni mahalliy operatorlar g’alvirdan o’tkazishi lozim, ammo bunga imkon ham, xohish ham yo’q.

Parlament yaqinda mazkur qonunga tuzatish kiritmoqchi, ya’ni dasturlar 29-sentabrga qadar ko’rsatiladi.

Inson huquqlari muammolarini yorituvchi gazeta vakili Abdumo’min Mamaraimov avval Markaziy saylov komissiyasida ishlagan.

“Menimcha, asosiy maqsad chet el bizning ishlarga aralashmasin, deyish. Chunki o’tgan yili bu ta’sirning oqibatlarini ko’rdik. Yana bir tomoni tadbirni davlat xafvsizligi masalalari bilan bog’lashmogda. Ammo xalqimiz faqat hokimiyatga yoqqan axborot vositalari berayotgan ma’lumot asosida yashashi kerak, degani emasda bu. O’sha qonun chiqargan deputatlarning shaxsiy ro’znomalari bor. O’sha gazetalarda qonunga zid maqolalar chop etilmoqda. Buni hokimiyat nazorat qilmayapti. Aksincha, xorijiy axborot vositalari faoliyatini cheklashga harakat qilinmoqda. Lekin, menimcha, bu narsani amalga oshirish texnik jihatdan qiyin bo’ladi. Odamlar sun’iy yo’ldosh antennalari orqali, boshqa yo’llar bilan chet el kanallarini ko’rishi mumkin”, - deydi u.

Kuzatuvchilar fikricha, xorij matbuoti haqidagi modda Qirg’iziston qonunlarida anchadan buyon o’rin olgan. Ammo qonunni amalda qo’llash mexanizmi haligacha ishlab chiqilmagan edi.

“Avval ham taqiq bor edi. Endi esa retranslyatsiya qilish nazorat ostiga olinadi. Ya’ni mahalliy telekanallar retranslyatsiya uchun to’liq javob beradi, deya yozildi. Shu sababdan ko’pchilik operatorlar xorijiy kanallarni efirga uzatishni to’xtatayapti. Efirga uzataman, desa oldindan yozib olib keyinroq ko’rsatsa bo’laveradi. Ammo chet el matbuotini ko’zdan kechirib, prezidentlikka da’vogar shaxslarga qarshi chiqishlarni, haqoratli ko’rsatuvlarni efirdan olib tashlash kerak. Ya’ni bir ma’noda mahalliy telekanallar senzorga aylanadi”, - deydi Abdumo’min Mamaraimov.

Ayni paytda qator mahalliy nohukumat tashkilotlar hamda aloqa operatorlari tashvish bildirgan. Ularning bildirishicha, ushbu tadbirlar inson huquqlarini poymol etish va xorij axborot vositalari bilan tuzilgan xalqaro bitimlarni buzishdir.

“Telekanal, media tashkilotlarimiz bu narsaga qarshi noroziligini bildirgan. Ishonamanki, kelajakdagi saylovlarda ushbu cheklovni olib tashlashga harakatlar bo’ladi”, - deydi u.

So’nggi ma’lumotga ko’ra, parlament maslani uch kunga, ya’ni 29-sentabrgacha qoldirishni taklif qilgan. Bu muddat ichida deputatlar prezident va parlament saylovlari xususidagi qonunga o’zgartirish kiritishi kutilmoqda. Qanday tuzatishlar – aniq emas.

XS
SM
MD
LG