Qishloq xo’jaligida kun ko’rayotgan lo’lilar


Qishloq xo’jaligida kun ko’rayotgan lo’lilar

Qishloq xo’jaligida kun ko’rayotgan lo’lilar

Qirg’iziston janubi, O’sh shahri yaqinida lo’lilarni ko’p uchratish mumkin. Bir qarashda ularga hozirgi zamon uncha ta’sir qilmayotganda tuyuladi.

Bir qismi temir-tersak yig’adi, fol ochib, tilanchilik qiladi. Ammo qishloq xo’jaligi, savdo-sotiq bilan mashg’ul lo’lilar ham kam emas.

O’sh viloyat lo’lilar jamoat jamg’armasi rahbari Bahodir Normirzayevning aytishicha, lo’lilar hozir ikki hududda istiqomat qiladi - Qora-Suv tumanining Narimon qishlog’i va Aravon tumanining Tepa-Qo’rg’on qishlog’ida.

“Asil vatani hozirgi Pokiston va Hindiston o’rtasidagi Mo’lton deb nomlangan hudud hisoblanadi. Lo’lilar O’rta Osiyoga Eron orqali VII-VIII asrlarda kelib qolgan. Qirg’iz diyoriga 1950 yillarda kela boshlagan”, - deydi u.

Yaqin-yaqingacha Qirg’izistonda lo’lilar hayoti, muammolariga u qadar e’tibor bo’lmagan.

Ayrim nohukumat tashkilotlargina qisqa muddatli loyihalar doirasida so’rov va tadqiqotlar olib borgan.

Bir necha arbob tashkil qilgan lo’lilar uyushmasi bu xalqning milliy-madaniy, ijtimoiy va ta’limiy muammolari bilan shug’ullanadi.

“Lo’lilar jamoat jamg’armasi 2002 yilning 18 iyunida tashkil topgan. Hozir Qirg’iziston xalq Assambleyasining O’sh viloyat bo’limi a’zosimiz. Jamg’arma vazifalari - lo’lilar huquqini himoya qilish, yetim, nochor, nogironlarga yordam berish, boshqa millatlar bilan hamkorlikda mehnat qilish”, - deydi Normirzayev.

Ba'zilari temir-tersak yig’adi, fol ochib, tilanchilik qiladi

Ba'zilari temir-tersak yig’adi, fol ochib, tilanchilik qiladi

Ularning asosiy tirikchilik manbai dehqonchilik.

“Qishloqda yashovchi har bir fuqaroga hukumat sakkiz so’tixdan yer bergan. Bizda eng kamida 20 dehqon xo’jaligi mavjud. Bug’doy, paxta, makkajo’xori, piyoz, sabzi yetishtiradi”, - deydi u.

Suhbatdosh lo’li yoshlarning ta’lim olishi, kasbli bo’lib, xorijda o’qishini orzu qiladi.

O’shdagi lo’lilar jamg’armasi chet eldagi millatdoshlar bilan aloqa o’rnatishni rejalab keladi.

“Yoshlarimiz yaxshi ta’lim olishlari kerak. Kelajakda yirik mutaxassis tayyorlashimiz lozim. Ular ishlab, oilasining mavqeini ko’tarsa… Aytish joiz, lo’lilar uchun ta’lim borasida to’siqlar yo’q. Yoshlarimiz xorijda ta’lim olsa… Bu rejalarni amalga oshirishda davlatning ko’magi kerak”, - deydi Normirzayev.

XS
SM
MD
LG