Qirg'izistonda sil kasalligining o'tkir shakllari ko'paymoqda


Qorasuv, Qirg'iziston

Qorasuv, Qirg'iziston

Rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, Qirg’iziston sil kasalligining turg’un shakllari ko'paygan 27 mamlakat qatoriga kiradi. Ushbu kasallik, ayniqsa, xorijdan qaytib kelgan mehnat muhojirlari orasida ko’p uchrayotgani aytilmoqda.
Sog’liqni saqlash vazirligi axborotiga ko'ra, aholiga maxsus yordam ko’rsatish tizimini qayta qurish lozim. Jumladan, o’lka xalqaro standartlarga javob beruvchi ixtisoslashgan shifoxonalarga muhtoj.

“Amerika ovozi” taniqli shifokor olim, Qirg’izistonda xizmat ko’rsatgan tibbiyot xodimi Komil Otaxonov bilan shu mavzuda muloqot qildi.

Suhbatdosh nazarida, vujugda kelgan vaziyatning asosiy sababi - Qirg’izistonda sovetlar davrida shakllangan tizimning “ildizi qirqilgan”. Mustaqillik yillari ixtisoslashgan biron yangi kasalxona yoki laboratoriya qurilmagan. Eskilari nurab ketgan. Moddiy qiyinchiliklar va sohadagi xo’jasizlik bois, xastalikni aniqlash, dori-darmon bilan ta’minlash, go’daklarni emlash o’lda-jo’lda qilinadi. Aholi orasida madaniy-ma'rifiy tadbirlar, targ’ibot-tashviqot, tushuntirish ishlari to’xtab qolgan, deydi mutaxassis.

“Har nechuk, keyingi yillarda Germaniya kabi ayrim taraqqiy etgan mamlakatlar, shuningdek, Jahon Banki hamda USAID ko’magida vaziyatni biroz o’nglash imkoni tug’ildi. Zikr qilingan tomonlar bepul dori-darmon va uskunalar yetkazib bermoqda, - deydi professor Otaxonov. - Lekin xorij berayotgan zamonaviy asbob-uskunalarni o’rnatish uchun talabga javob beradigan joy-baza yo’q, ularni ishlata oladigan mutaxassislar kam”.

Kuzatuvlarga ko’ra, silning turg’un turlari, ayniqsa, mehnat muhojirlari orqali ko’p tarqalmoqda.

“Janubning mo’tadil iqlimida o’sib-ulg’aygan yoshlar Rossiyaning olis shimoliy hududlarida, bir xonada besh-o’n odam tiqilib yashab, kasallikka chalinyapti. Vatanga qaytgach, beparvolik bois, atrofdagilarga yuqtirishyapti”, - deydi olim.

Ushbu mutaxassisning aytishicha, hozircha so’z Qirg’izistonda sil kasalligining turg’un turlari o’sishini to’xtatish haqida borayapti. Uningcha, kasallikni jilovlash, keskin kamaytirish uchun ko’p yillik jiddiy chora-tadbirlar kerak bo’ladi.

“Birinchi navbatda aholining iqtisodiy-ijtimoiy ahvolini, turmush madaniyatini ko’tarmoq lozim. Va bu o’rinda mahalliy davlat tizimlari doimiy amaliy ish olib borishi joiz. Qishloq-shahar hukumatlari xastalarni uy-joy, to’yimli yemak-ichmak, kerakli dori-darmon bilan ta’minlashda g’amxor bo’lmog’i kerak. Markaziy hukumat tarafidan esa keng qamrovli dastur va doimiy nazorat darkor”, - deydi Komil Otahonov.

U fiziatriya xizmatida malakali mutaxassislar taqchilligidan tashvishda.

“Yosh shifokorlar yoki xorijga yoki boshqa sohalarga ketib qolayapti. Olti-yetti ming so’mlik oylik maoshga, dengki, yuz AQSh dollariga kim qanoat qiladi, deysiz? Zararli ish sharoiti uchun o’n besh foiz qo’shimcha pul ham ming so’mdan oshmaydi. Boshqa kasalxonalarda, aytaylik, jarroh har operatsiyasi uchun mijozdan ham, davlatdan ham mo’may pul oladi. Xususiy shifoxonalar mutaxassis mehnatini munosib baholaydi. Bizning bemorlar zo’rg’a sudralib kelsa, ulardan qanday umidvor bo’lish mumkin? Kerakli mutaxassislarni jalb qilmoq uchun maoshlarni ko’tarish kerak”, - deydi professor.

Aytish joizki, xalqaro global jamg’arma ko’p yillar davomida Qirg’izistonda sil va boshqa yuqumli kasalliklarga qarshi kurash uchun ulkan mablag’ ajratib kelmoqda. Mahalliy matbuot xabariga ko'ra, ushbu pullarning ma’lum qismi nopok ma’murlar cho’ntagini boyitmoqda. Huquq-tartibot organlari bir necha mansabdor shaxsni qalloblikda ayblagan.

“Aslida, global jamg’arma ajratgan mablag’ning katta qismi o’sha jamg’arma mutaxassislari sarflariga ketadi… Qisqasi, bo’linib-sochilib, qolgan-qutgani mahalliy kasalxonalarga tegmoqda. Albatta, xalqaro hamjamiyat yordamidan samarali foydalanish masalasi ham dolzarb”, - deydi Qirg’izistonda xizmat ko’rsatgan tibbiyot xodimi Komil Otaxonov.

XS
SM
MD
LG