Qirg'izistonda ITV ko'proq jinsiy aloqa orqali tarqalyapti

  • Amerika Ovozi

Markaziy Osiyoda immunitet taqchilligi virusi (ITV, rus tilida - ВИЧ) tez tarqalayotgan mamlakatlardan biri bu Qirg'iziston. 2012-yilda respublikada 4,5 ming bemor qayd etilgan bo'lsa, bugungi kunda ular soni 6,5 mingga yaqinlashmoqda. Shuning yarmini narkotiklar qabul qiladigan insonlar tashkil etadi.

Ammo so'nggi payt Qirg'izistonda immunitet taqchilligi virusi asosan jinsiy yo’l bilan tarqalayotgani qayd etiladi. Mutaxassislar aynan jinsiy aloqa yo'li bilan o'tadigan kasalliklar tarqalishini iqtisodiy-ijtimoiy muammolar hamda ahloq masalalari bilan izohlaydi.

O’shdagi “Ota-onalar narkotik moddalarga qarshi” deb nomlangan jamoat tashkiloti rahbari, taniqli shifokor Mamasobir Burxonov fikricha, igna orgali orttirilgan immun taqchilligi virusi haqida gap ketganda odatda aholining ma’lum va tor bir toifasi nazarda tutiladi.

Kasallikning tobora keng ravishda jinsiy yo’l bilan tarqalishi esa turli tabaqalarni qamrab olgan ijtimoiy, iqtisodiy hamda ahloqiy muammolardan dalolat beradi.

Aytaylik, hozirda nafaqat shaharlarda, hatto azaldan bokiralik, soflik ramzi bo’lgan qishloqlarda ham tana savdosi, “tungi” emas, kuppa-kunduzgi kapalaklar ko’paygan. O’zini taqvodor ko’rsatayotgan erkaklar ham zinoga berilgani sir emas. Eng achinarlisi - bu ko’rinishga jamiyat ham beparvoday tuyuladi.

Suhbatdoshga ko’ra, organizmida immun taqchilligi mavjud insonlarning aksariyati kasallikni o’zlari bilmagan holda tarqatadilar, chunki ko’p hollarda ularning o'zi xastaligidan bexabar.

“Immunitet taqchilligi virusi yoki boshqa jinsiy munosabatlar yo’li bilan yuqadigan kasalliklarga chalinganlarni bilimsiz odamlar deyish qiyin. Ularning ichida turli kasb egalari, ziyolilar bor. Lekin baribir ma’lumot yetishmasligi ko’zga tashlanadi”, - deydi doktor Burxonov.

Nima bo’lganda ham, qator kuzatuvchilar pala-partish jinsiy aloqalar va Qirg’iziston jamiyatida tobora ildiz otayotgan tana savdosi noxush xastaliklarning asosiy o’chog’i deb hisoblaydi.

O’sh shahridagi nodavlat tashkilotlardan birining rahbari, ruhshunos Elmira Umarova yoshlar orasida ham, katta yoshdagilar orasida ham jinsiy tarbiya yetishmasligini, ma’naviyat esa darz ketganini ta’kidlaydi.

“Ushbu yo’nalishdagi ishlarni yo’lga qo’yish lozim”, - deydi u.

Umarovaning aytishicha, o’lkada mafkura sustligi ham o’z ta’sirini ko’rsatmoqda.

Ayni paytda mahalliy shifokorlar jamiyat xastalikka yo’liqqan odamlarga nisbatan sabrli va insoniy munosabatda bo’lishi lozimligini ta’kidlaydi. Fohishalik ko’rinishini ham ayblashdan oldin talqin qilish va xulosa chiqarish darkor, deydi ular.

Suhbatdoshlar deydiki, aholi savodxonligi va har bir insonning o’z salomatligi uchun mas’uliyatini oshirish asosiy vazifa. Bu o’rinda tegishli davlat idoralari hamda fuqaroviy jamiyatning tig’iz hamkorligi alohida ahamiyat kasb etadi.

Mahalliy mutaxassislarning aytishicha, immun taqchilligi virusi hamda boshqa jinsiy kasalliklarga qarshi kurash doimiy va samarali ravishda olib borilishi darkor. Hozircha tadbirlar, odatda qay bir sanalarga bog’lanib, ba’zan ko’payib ketadi, ba’zan yo’qolib.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG