Qirg'iziston hukumatiga: Huquq himoyachilari ham himoyaga loyiq

  • Amerika Ovozi

Inson huquqlari himoyasi bilan shug'ullanuvchi "Observatoriya" xalqaro tashkiloti bu gal Qirg'izistonda inson huquqlari emas, huquq himoyachilari bilan bog'liq vaziyat yuzasidan hisobot chiqardi.

Izlanish "Qirg'iziston chorrahada: huquqbonlar faoliyati uchun muhitni saqlab qolish mumkinmi?" deb nomlanadi. Unda respublikada huquq himoyachilari faoliyatini cheklashga qaratilgan qonun loyihalari tanqidga olinadi va hukumatdan ularni rad etish so'raladi.

Hisobotga ko'ra, so'nggi yillarda huquq himoyachilariga amaldorlar va millatchi guruhlar tomonidan bosim kuchaygan. Ular ta'qib etiladi, idoralarida noqonuniy tintuvlar o'tkaziladi. Ular xavfsizlik idoralari kuzatuvida hamda do'q-po'pisalar, jismoniy hujumlarga, ommaviy axborot vositalarida tuhmatga uchramoqda.

Davlat mutasaddilari ba'zi holatlarda huquq himoyachilarining jamiyatdagi rolini ijobiy baholab, mamlakatda inson huquqlarini yaxshilashga so'z berib kelayotgan bo'lsa-da, so'nggi paytlardagi rasmiy bayonotlar va parlamentda ko'rilayotgan hujjatlar buning aksini ko'rsatmoqda.

14-mayda Onalar kuni munosabati bilan qilgan bayonotida Qirg'iziston Prezidenti Almazbek Atambayev uning hukumatiga qarshi fitna ehtimoli haqida gapirib, ko'zga ko'ringan huquq himoyachilari Tolekan Ismoilova va Aziza Abdirasulovani xorijiy jamg'armalar yordamida respublikadagi vaziyatni beqarorlashtirishga harakat qilayotganlikda aybladi.

"Qirg'iziston fuqarolik jamiyati bugun xavf ostida. Ertangi kunga unda ishonch yo'q. Hukumat mamlakat uchun nima qilmoqchi ekaniga qaror berishi kerak: inson huquqlariga hurmatga asoslangan haqiqiy demokratiya o'rnatmoqchimi yoki tariximizning qora yillariga qaytmoqchimi?" - deya savol beradi "Observatoriya" delegatsiyasining a'zosi, "Vesna" huquq markazi rahbari Aleksandr Belyatskiy.

Tashkilot hukumatdan huquq himoyachilarining qonuniy faoliyatiga imkon berishga, to'siq va muammolarsiz, tahdidlarsiz, hujumlarsiz, jinoiy ish ochish do'q-po'pisalarisiz ishlashlarini ta'minlashga chaqiradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG