Breaking News

Adolat bo’lsa, Azimjon Asqarov ozod etilishi kerak, deydi faollar


Azimjon Asqarov
Azimjon Asqarov

Qirg'izistonda 2010-yilda O'sh va Jalalobodda ro'y bergan etnik nizolar ketidan elatlararo aloqalarni mustahkamlash borasida ancha-muncha ijobiy qadamlar tashlanganiga qaramay, deydi jamoatchi faollar, adolatli qarorlardan darak yo'q.

Adolat bo’lsa, Azimjon Asqarovning ishi qayta ko’rilishi kerak/Malik Mansur
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:07 0:00

Azimjon Asqarov ishi boshi berk ko'chaga kirib qolgan. Bir umrga ozodlikdan mahrum etilgan faolning sudida guvohlar yolg'on ko'rsatma berganini tan olgan. Biroq Oliy sud hukmni o'zgartirmadi.

Adliya tizimi haqiqatga ko'z yumayotgani omma orasida norozilik hissini kuchaytirmoqda.

Qirg’iziston hukumati janubdagi qirg’inda asosan o’zbeklarni ayblab chiqdi. Buning ortidan o’zbek jamoatchiligi aksariyat faollaridan ajraldi. Ayrimlari qamoqqa tashlandi, boshqalar mamlakatni tark etishga majbur bo’ldi.

O'z nohukumat tashkilotini yuritib, huquqbuzarlik hollari haqida dunyoni boxabar qilib borgan Azimjon Asqarov etnik nafrat qo'zg'atganlikda, to’qnashuvlar paytida militsiya xodimi o’ldirilishiga aloqadorlikda, millatlararo nizo qo’zg’ashda ayblangan.

Xalqaro hamjamiyat, yirik tashkilotlar, hukumatlar Asqarov ishi yuzasidan adolat ta'minlansin deya undab keladi. Prezident Almazbek Atambayev Yevropaga borganida ham bu masala ko’tarilgan.

Asqarov bir necha xalqaro mukofotlar bilan taqdirlangan.

Oktabrda Bishkekda yillik yig’ilishini o’tkazgan dunyo yozuvchilarining Xalqaro Pen klubi Atambayev bilan faol taqdirini muhokama qilgan.

Janubiy qirg’izistonlik o’zbeklar tomonidan Belgiyada ro’yxatdan o’tkazilgan Alisher Navoiy instituti ham Asqarovni ozod qiling deya chaqirib keladi.

Qirg’iziston fuqarolik jamiyati vakillari nazarida huquq-tartibot organlari bu ish orqali undan o’ch olmoqda.

Huquq himoyachisi Aziza Abdurasulova deydiki:

“Asqarov huquq-tartibot organlari faoliyatini muntazam tanqid qilib kelgan, hozir esa o’zi ularning qo’lida. Bu xuddi uning huquq himoyachisi sifatidagi faoliyati uchun qasosga o’xshaydi”.

Qirg’izistonlik faollar Asqarovni ozod etish uchun turli sa’y-harakatlarga bosh qo’shgan. Bishkekda uning qamoqda ishlagan suratlari ko’rgazmasi tashkil qilingan, faoliyati haqida film ishlangan.

Taniqli qirg’iz faollaridan biri Tolekan Ismoilova "biz qamoqda qolayotgan Azimjon Asqarov bilan ruhan birgamiz", - deydi. Ammo ko’pchilikda adolat qaror topishiga umid yo’qolgan. Bu borada xalqaro miqyosdagi idoralarga, jumladan Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga shikoyatlar yo’llangan.

Qirg’iziston janubidagi qirg'in ketidan hibsga olingan Asqarov keskin qiynoqqa solingani ma’lum. Bu haqda faolning o’zi qamoqda jurnalistlar bilan uyushtirilgan suhbatlarida aytgan edi.

“Ko’rmagan narsamni qanday tasdiqlayman desam, pistolet bilan boshimga urdi, qon otilib ketdi. Hammayoq qon bo’lib ketgach, art dedi. O’shandan buyon bir tomonim yaxshi ko’rmaydi. Kurtkam bilan qonni artayapman, ular esa tepishda davom etishayapti”, - degan edi Asqarov bu intervyusida.

Ayrim faollar fikricha, Asqarov panjara ortida qolayotgani uning etnik to’qnashuv paytida to’plagan materiallari bilan bog’liq. Bu materiallar qirg’inda huquq-tartibot organlarining ishtiroki ko’rsatilgani bilan xavfli deb ko’riladi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG