O’shda ochilgan markaz bolalarni himoyaga oladi


Qirg’izistonning O’sh shahrida ish boshlagan ijtimoiy xizmat ko’rsatish markazi bolalar savdosini bartaraf etish hamda zo’ravonlik hollariga qarshi kurashni maqsad qilgan. Markaz mahalliy nodavlat tashkilotlardan biri qoshida Yevropa Ittifoqi ko’magida ochildi. Mutaxassislarning aytishicha, bolalar haq-huquqlarini poymol qilish hollari hozirda Qirg’izistonda ko’p uchraydi.

Markaz O’shdagi “Ulibka”, ya’ni “Tabassum” jamoat jamg’armasi qoshida ochildi. Tashkilot ko’p yillardan buyon bolalar masalalari bilan shug’ullanib keladi. Qarovsiz qolgan farzandlar, zo’ravonlikka duchor bo’lgan o’smirlarga ko’mak ko’rsatadi.

Tashkilot rahbari Elmira Umarovaning aytishicha, yangi markazni ochishdan maqsad nafaqat bola savdosiga qarshi kurash, balki bolalarga bo’lgan zo’ravonlikning oldini olish ham.

“Umuman, zo’ravonlikka uchragan bola, uning oilasi bilan ishlash missiyamizga kiradi. Bola savdosiga kelsak, hozirgacha bizda ikki fakt bor. Ota-onalar bir-biri bilan kelishgan holda tug’uruqxonadan chiqiboq farzandini sotgan hollar bor. Masalaning ancha nozik nyuanslari bor”, - deydi u.

Markaz mutaxassislari bolalar va ko’p bolali oilalarga huquqiy, tibbiy, ruhiy yordam ko’rsatmoqda. Shuningdek, turli hujjatlarni qayta tiklash, bolalarni oilalariga qaytarish borasida ish olib bormoqda.

“Dastavval, zo’ravonlikka uchragan bolalarni aniqlashimiz darkor. Bu borada biz maktab o’qituvchilari, o’spirinlar ishlari bo’yicha inspeksiya xodimlari bilan hamkorlik qilyapmiz. Zo’ravonlik holatlari aniqlangandan so’ng bizning xodimlarimiz bolalarni markazimizga olib keladi. Bu yerda ular bilan individual holda ruhshunos ish olib boradi”, - deya davom etadi Umarova.

Mutaxassislar fikricha, bolalarning qarovsiz qolishi, ularning maktabdan yiroqlashishi, o’smirlarni tahqirlash hollari o’lkada keyingi yillarda tez uchramoqda. So’z, jumladan, keng tus olgan ishsizlik va buning asorati bo’lmish mehnat muhojiroti, oilalarning buzilishi va nihoyat, ma’naviy qadriyatlarning darz ketishi haqida borayotir.





“Bu narsaga men har doim bir javob beraman – davlat ota-onalarga ish o’rinlari yaratib berishi kerak. Iqtisodiyot rivojlanishi kerak. O’shandagina odamlar ish izlab tashqariga ketmaydi, uyda qoladi. Bolalar tarbiyasi ham mustahkamlashadi”, - deydi “Tabassum” nodavlat tashkiloti rahbari Umarova.

O’shdagi ijtimoiy xizmat ko’rsatish markazi bir necha yangi yo’nalishda ish olib boradi.

“Markazimizda yana bir yaxshi narsaga erishayapmiz – nogiron bolalar uchun eksperimental guruh ochdik. Toki, ular o’zlarini yolg’iz sezmasin. Ularning o’z davrasi bo’lsin, muloqot bo’lsin. Undan tashqari, sharoiti og’ir oilalar bizga murojaat qilib farzandlariga kasb o’rgatishimizni so’rayapti. Gap shundaki, maktabga bormagan bolalarning o’qishni bitirgani haqida hujjati yo’q va ularni kasb-hunar bilim yurtlariga olishmaydi. Biz ularni kasb-hunarli qilib, qo’llariga hatto mikrokreditlar ham beryapmiz. O’z ishlarini boshlab olishlari uchun”, - deydi Umarova.

Kuzatuvchilar fikriga ko’ra, hozir yangi avlod muammolari bilan Qirg’izistonda ko’proq nodavlat tashkilotlar mashg’ulday tuyuladi. Davlat idoralari va jamoatchilik bu borada qanday ishlar qilishi zarur?

“Ayrim hollarda zo’ravonlikka uchragan bolalarning qo’lida hujjat yo’q. Shu bois ularni kasalxonalarga olmagan paytlar bo’ladi. Biz davlat idoralari ko’magida bu hollarda yordamga kelayapmiz. Jamiyat munosabatiga kelsak, afsuski, odamlar orasida loqaydlik kuchayib bormoqda. Ko’pchilik o’z-o’zi bilan ovora. Yonida birovni do’pposlashsa ham teskari qarab ketaveradi”, - deya kuyunadi suhbatdosh.

Mutaxassislar bolalar taqdiri xususida jamoatchilikni ogoh qilish, bu ishga axborot vositalarini jalb qilish lozimligini ta’kidlaydi. O’shdagi markaz loyihasida ham ushbu yo’nalishga alohida o’rin ajratilgan.
XS
SM
MD
LG