O’sh ahlidan Tog’li Badaxshon uchun insonparvarlik yordami


Xorug' shahri, Tog'li Badaxshon avtonom viloyati poytaxti.

Xorug' shahri, Tog'li Badaxshon avtonom viloyati poytaxti.

Qirg’izistonning O’sh viloyatida qo’shni Tojikistonning Tog’li Badaxshon viloyati uchun insonparvarlik yordami to’plash ishlari boshlangan. Oziq-ovqat, kiyim-kechak oddiy aholiga yetkazilishi kutilmoqda.

O’tgan oy jangarilar bilan olishuvlar jadallashgan, bir necha o’n kishi halok bo’lgan mintaqaga kirish-chiqish bugun ham muammo. Afg’oniston bilan chegaradosh bu hududda telefon va internet aloqa uzuq-yuluq, deydi jamoatchilik vakillari.

Tog’li Badaxshon uchun insonparvarlik yordami to’plash taklifini o’shlik arboblar olg’a surgan va ayrim davlat idoralari tomonidan qo’llab-quvvatlanmoqda.

Qirg’iz yozuvchisi Salima Sharipova ushbu ishda faol qatnashmoqda.

“2010-yilgi voqealardan so’ng Tog’li Badaxshon va Jirg’atoldan bizga ham 20 mashinada insonparvarlik yordami kelgan edi. O’sh viloyatimiz u mintaqa bilan chegaradosh. Badaxshonliklar ancha azob chekmoqda. Internetda ham u yerda oziq-ovqat masalasi dolzarb, deb xabar qilinmoqda. Bunday paytda qarab tursak, yaxshi emas. Shu bois bir guruh arboblar, orasida jurnalistlar ham bor. Un, guruch, shakar va yog’ olib bormoqchimiz”, - deydi yozuvchi.

O’sh shahri azaldan Tog’li Badaxshon avtonom viloyatini turli mollar bilan ta’minlashda asosiy tayanch nuqtalaridan bo’lib keladi. 700 chaqirimdan iborat O’sh-Xorug’ avtomobil yo’li hayot yo’li, deb atalgani ham bejiz emas.

Sho’rolar davrida ushbu yo’nalish orqali kunu tun yuzlab mashinalar oziq-ovqat va sanoat mollari tashigan. Keyingi yillarda bu yo’ldan turli xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMTning oziq-ovqat dasturi hamda Og’a-Xon jamg’armasi yuklari tashiladi.



Hozir O’shda faoliyat ko’rsatayotgan tojik milliy-madaniy markazi aynan tog’li badaxshonliklardan iborat.

Adiba Salima Sharipova bir oy muqaddam Badaxshonda bo’lib, Murg’ob tumani hamda Xorug’ shahri ziyolilari bilan ushrashgan. Tashrifni qirg’izistonlik ayollar guruhi “Onalar birdamligi – tinchlik uchun” deya atalmish jamoatchilik loyihasi doirasida o’tkazgan.

“Tog’li Badaxshon viloyati bilan aloqalarimiz yaxshi. Do’stlik, aka-ukachlik rishtalari rivojlanib kelayapti bugungi kungacha. O’ylaymanki, yaxshi istak-niyatlarimiz amalga oshadi, aloqalarimiz yanada mustahkamlanadi”, - deydi suhbatdosh.

Ayrim xabarlarga ko’ra, shu kunlarda Badaxshonga insonparvarlik yordami yetkazish oson emas. Qirg’iziston janubi orqali ko’mak eltayotgan bir necha mashina haydovchilariga poytaxt Dushanbe orqali kelish tavsiya etilgani ma’lum.

Qirg’iziston jamoatchiligi qo’shni mintaqada osoyishtalik va farovonlik qaror topishiga umid qiladi. Bu borada baholi qudrat ko’mak ko’rsatishni istaymiz, deydi faollar.
XS
SM
MD
LG