Qirg'iziston ulamolari Rossiyadagi terror xurujini qoraladi

  • Amerika Ovozi

4-aprel kuni Bishkekda Qirg’iziston musulmonlarining Oltinchi qurultoyi o’z ishini yakunladi. Besh yilda bir bor o’tadigan ushbu anjumanda diniy hayotning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Ulamolar Rossiyada sodir etilgan terroristik aktni qoralab, qurbonlarning yaqinlariga hamdardlik bildirdilar. Ularning aytishicha, bunday mudhish harakatlarga din yoki millatning daxli yo’q, ayni paytda barchadan ogohlik, ta’lim-tarbiya masalasida mas’uliyat talab qilinadi.

Ma’lumki, 3-aprel kuni Sankt-Peterburg metropolitenida ro’y bergan portlashni Qirg’izistonda tug'ilib voyaga yetgan va olti yil avval Rossiya fuqaroligini olgan 22 yoshli yigit amalga oshirgani taxmin qilinmoqda.

So'nggi ma'lumotlarga ko’ra, gumonlangan yigitning ota-onasi va ukasi Qirg’iziston xavfsizlik xizmati vakillari nazoratida tergov uchun Rossiyaga jo’natilgan. Ular gumondor yigit haqidagi tergovda ishtirok etish uchun olib ketilgan. Mulozimlar ushbu xabarni tasdiqlaganicha yo’q. Qirg’iziston Tashqi ishlar vaziri rossiyalik kasbdoshi bilan uchrashganda, Sankt-Peterburgdagi portlashga aralashgani gumon qilingan Jalilov qirg’izistonlik ekanini tasdiqlagan edi. Tergov davom etmoqda.

“Amerika Ovozi” taniqli qirg’iz ulamosi, Jalol-Obod shahridagi “Islom ta'limi” atalmish jamoat jamg’armasi rahbari Dilmurod O’rozovning fikr-mulohazalarini o’rgandi.

Ushbu arbobning aytishicha, Qirg’iziston musulmonlarining diniy idorasi hisobot davri ichida diqqatga arzigulik ishlarni amalga oshirgan. Yangi masjid, madrasalar qurilgan. Diniy ta’lim islohoti boshlangan. Kelajakka ham sermazmun rejalar qo’yildi.

“Mamlakat va xorijda yuz berayotgan, jumladan, har-xil noxush chiqishlarga nisbatan jamiyatda qandaydir loqaydlik kuzatilishi meni o’ylantiradi. Aynan beparvolik shunday hodisalarning oldini olishga halaqit beradi”, - deydi ulamo.

U turli teraktlar ortidan Qirg’iziston fuqarolarining nomlari tilga olinayotganidan tashvishda.

“Diniy idoralar ham, davlat idoralari ham ta’lim-tarbiya ishlarini o’z holiga tashlab qo’yganday. Kim nima bilan mashg’ul, qayerda va nima qilayapti - birovning ishi yo’q, nazorat yo’q”, - deydi Dilmurod O'rozov.

Uningcha, ma’rifat sohasiga barcha ziyolilar javobgar bo'lishi kerak.

“Aytaylik, joylardagi imomlar nikoh o’qish, janozaga qatnashish, namozlarni o’tkazish bilan mashg’ul, xolos. Lekin, asosan, xalqning tarbiyasi bilan o’sha din xizmatchilari shug’ullanishi kerak”, - deydi suhbatdosh.

Ulamo ayrim axborot vositalari terror xurujlarida gumon qilinayotgan shaxslarning millatiga urg’u berilayotganidan taassufda.

“Bu noto'g’ri. Kim bo’lsa ham, uning, aytaylik, qirg’izistonlik ekani, nojo’ya harakatlarning ildizi qayerdaligiga urg’u berish lozim. Men bir narsadan qo’rqayapman - Rossiyada yurgan muhojirlarimizga gap tegib qolmaydimi?", - deydi O'rozov.

Suhbatdosh deydiki, yomonlik hech tinch turmaydi. Uni cheklash uchun yaxshilikni, ezgu ishlarni ko’paytirmoq darkor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Fikringiz

XS
SM
MD
LG