Bishkek: Xalqaro komissiya hisoboti konstruktiv emas, ammo inobatga olamiz


Prezident Roza Otunbayeva

Prezident Roza Otunbayeva

O’tgan yili O’sh va Jalol-Obodda yuz bergan xunrezliklar yuzasidan Qirg’iziston hukumati iltimosi bilan olib borilgan xalqaro taftish natijasi olqishlanmayotgan bo’lsa-da, uning ahamiyati tan olinmoqda.

Hujjat etnik hamjihatlikni ta’minlash yo’lida xizmat qiladi, deya bildiradi prezident Roza Otunbayevaning idorasi.

Lekin xalqaro komissiya bergan hisobot etnik kelishmovchilikni yana avj oldirishi mumkin degan xavotirlar ham yangramoqda.

Otunbayeva ma’muriyati a’zolari bilan telemuloqotda shuni aniqladikki, xalqaro komissiya yozgan hujjat nafaqat tanqid, balki o’ziga yarasha vahima bilan qarshilangan.

Finlyandiyalik siyosatchi Kimmo Kilyunen raislik qilgan xalqaro komissiya uning hisoboti Qirg'iziston tomonidan jiddiy qabul qilinadi degan umidda.

Finlyandiyalik siyosatchi Kimmo Kilyunen raislik qilgan xalqaro komissiya uning hisoboti Qirg'iziston tomonidan jiddiy qabul qilinadi degan umidda.

Finlyandiyalik siyosatchi Kimmo Kilyunen boshchiligida olib borilgan tekshiruvda biror mahalliy mutaxassis qatnashmagan, hammasi xorijiy va mustaqil ekspertlar.

Ular qariyb 750 guvoh bilan gaplashgan, 700 dan ortiq ashyoviy dalil to’plagan va yana minglab fotosuratlar va video-audio materiallar yig’gan.

Komissiya Qirg'iziston hukumati va ommasi bu hujjatga jiddiy ko'z bilan qaraydi va xulosa chiqaradi degan umidda. Unda xunrezlikka yetaklagan omillar, voqealar rivoji va oqibatlari ochib beriladi.

470 kishi halok bo’lgan, 1900 fuqaro jarohatlangan, odamlar zo’rlangan va tahqirlangan, deyiladi hisobotda. Yarim millionga yaqin fuqaro uy-joysiz qolgan. Qariyb 3000 xonadon vayron bo’lgan.

Jabr ko’rganlar asosan o’zbeklar va qirg’in ketidan ham aksariyat hollarda aynan ular zo’ravonlikka uchragan. Qamalgan, hibsda qiynoqqa solinganlarning ko’pchiligi ham o’zbeklar. Xalqaro komissiya qirg’izlar ham aziyat chekkani va yaqinlarini yo’qotganini qayd etadi.

O'sh, 18 iyun 2010

O'sh, 18 iyun 2010

Ammo hisobotni o’qigan odam 2010 yilning iyun oyida ro’y bergan to’polon - o’zbeklarga nisbatan qirg’in bo’lgan deb xulosa qilishi tayin. Mana shu narsa Qirg’iziston hukumatini xavotirga solmoqda.

Shu paytgacha boshqa xalqaro tashkilotlar, jumladan inson huquqlari bo'yicha “Human Rights Watch” va Xalqaro bo’hronlarni o’rganuvchi guruh bergan hisobotlar mazmuni ham shundan iborat, ya’ni o’zbeklar azoblangan va azoblanishda davom etmoqda.

O'sh, 19 iyun 2010

O'sh, 19 iyun 2010

Qirg’iziston prezidenti apparati boshlig’i Emilbek Kaptagayevning aytishicha, hukumat hisobotdan norozi emas.

“Xalqaro hamjamiyatdan yashiradigan narsamiz yo’q. Biz oshkoralik tarafdorimiz. Haqiqat yuzaga chiqsin deb biz bu tekshiruvni so’raganmiz”,- deydi u.

Vashington siyosiy doiralari bilan o’tkazilgan telemuloqotda, Kaptagayev shuni ta’kidladiki, Qirg’iziston rahbariyati etnik kelishmovchiliklarning oldini olish uchun bugun qo’ldan kelgan barcha chorani ko’rmoqda.

O'sh, 24 iyun 2010

O'sh, 24 iyun 2010

Tizim zaif, korrupsiya va jinoyatchilik chuqur ildiz otgani hech kimga sir emas, deydi u.

Qirg’iziston hukumati, ba’zi bir kamchiliklarini topsa-da, bu xalqaro hisobotni mukammal bir hujjat sifatida ko’radi, deydi prezident apparati boshlig’i.

Kilyunen boshchiligidagi hay’at bergan nasihatu tavsiyalar samimiy qabul qilinib, chora-tadbirlar ko’riladi, deydi u.

Telemuloqotni Xalqaro Tinchlik bo’yicha Karnegi Jamg’armasi uyushtirdi. Maqsad Amerika ekspertlari va axborot vositalarini Qirg’iziston hukumati bilan bog’lash va uning pozitsiyasini o’rganish. Bu tashabbus boshida aslida Marta Brill Olkott, Markaziy Osiyo bo’yicha Vashingtonda tanilgan tahlilchi turibdi. Marta Brill Olkott ayni damda Bishkekda va vaziyat bilan tanishmoqda.

Muloqotda Roza Otunbayevaning yaqin maslahatchisi, "Polis Aziya" siyosiy tahlil maskani eksperti Elmira Nogoybayeva, Qirg’iziston Xavfsizlik Kengashi rasmiylari, mustaqil ekspertlar, huquq himoyachilari, jumladan Tolekan Ismoilova va Dmitriy Kabaklar ham ishtirok etdi.

Fojiada farzandidan ayrilgan onalar

Fojiada farzandidan ayrilgan onalar

Elmira Nogoybayeva firkicha, xalqaro komissiya tekshiruvni xolis o’tkazmagan.

Xalqaro komissiya bu tanqidni inkor etadi, ya’ni xolislik uning ishida birinchi o’rinda turganini, xulosalar faqat faktlarga asoslanganini bildiradi.

Elmira Nogoybayeva xalqaro hisobot konstruktiv emas desa-da, Qirg’iziston adliya va xavfsizlik tizimi tub islohotlarga muhtoj ekanini tan oladi. Xalqaro komissiya ham aynan shuni aytmoqda.

Fojia qurbonlarining ko'chalarga osilgan suratlari

Fojia qurbonlarining ko'chalarga osilgan suratlari

O’zbek aholi dardini tinglash, uning tilini hurmat qilish, o’zbeklarga davlat organlarida ishlashi uchun sharoit yaratish, ilm dargohlarini yaxshilash, o’tgan yilgi fojia natijasida yopilgan maskanlarni qayta ochish, o’zbeklardagi qo’rqinchni yengish – ustuvor vazifalar, deydi Elmira Nogoybayeva. Bu ham xalqaro hisobotda yozilgan tavsiyalardan biri.

Qirg’iziston Milliy Xavfsizlik Qo'mitasi qoshidagi tadqiqot markazi rahbari Gulsara Aliyeva hisobotda kamchilik ko’p deb, bu hujjatning vaziyatni yaxshilash uchun xizmat qilishiga ishonmasligini aytadi.

O'sh, 16 iyun 2010

O'sh, 16 iyun 2010

Lekin ular ham xalqaro komissiya ko’tarayotgan muammolar, xususan uyushgan jinoyatchilik, organlarga nisbatan ishonchsizlik singari faktlarni tan oladi.

Mustaqil ekspertlar va huquq himoyachilari, nodavlat tashkilotlarning xodimlari, ya’ni fuqaro jamiyati a’zolari nazarida hukumat noshudlik qilishda davom etmoqda.

Xalqaro hisobotdan kamchilik qidirmay, o’z ishingizni qiling, deydi ular. Mamlakatda tarqoqlik, ishonchsizlik kuchli. Janub shimoldan ajralib qolgan. Mahalliy rahbarlar markaziy hukumat bilan hisoblashmaydi. O’shga borsangiz, fojia asoratlarini har yerda ko’rasiz. Uni qog’ozga tushirgan xalqaro mutaxassislarda nima ayb?

Huquq faollari deydiki, hukumat xalqim deganida, bunday ko’rguliklar yuz bermagan bo’lar edi.

Tolekan Ismoilova fikricha, xalqaro hisobot haqiqatni aks ettiradi.

“Biz u yerda yozilgan narsalarni boshidan aytib kelganmiz”, - deydi u.

Dmitriy Kabak esa fojiani ta’riflash oson emas deydi. Xalqaro hisobotga u ishonchli manba sifatida qaraydi, lekin etnik mojarolar yuz bermasligini ta’minlash uchun amaliy chora ko’rish kerak, hisobot bilan ish bitmaydi, deydi u.

O'sh, 24 iyun 2010

O'sh, 24 iyun 2010

Ayrim qirg'iz tahlilchilar nazarida hisobot Yevropa me’yorlarida tayyorlangan, ya’ni xalqaro hay’at Qirg’izistondagi mentalitetni tushunmaydi.

Janubiy Qirg’iziston alohida bir o’lka emas, u davlatning bir qismi, deydi Mars Sariyev, Bishkekdagi Ijtimoiy Siyosat Instituti ilmiy xodimi.

Xalqaro komissiya o’zbek tiliga alohida o’rin berilsin deyapti, u holda Qirg’izistonda gaplashiladigan boshqa tillarga ham shunday status berishga to’g’ri keladi, deya fikrlaydi u.

O'sh, 24 iyun 2010

O'sh, 24 iyun 2010

Askar Beshimov, “Kelajak Loyihasi” nomli iqtisodiy tadqiqot markazi rahbari deydiki, Qirg’izistonda ertangi kun haqida jiddiy o’ylash vaqti keldi.

“Mamlakatni rivojlantirish uchun nima qilmoq zarur? Mana shu haqda bosh qotiraylik”,- deydi u.

Bu fikrga qo’shiladigan mutaxassislar ko’p. Muammolarni xalqaro komissiya va hay’atlar emas, Qirg'izistonning o’zi hal qila bilishi kerak. Jamoatchilik bilan ishlash kerak. Axborot vositalari jamiyatdagi rolini mustahkamlab, erkin ishlay olishi, ishonchli ma’lumot berishi zarur. Hukumat ham o’z burchini ado etishi kerak. Fuqaro huquqlari hurmat qilinsin, xavfsizlik va adolat ta’minlansin. Boshqaruvni yaxshilash, sud tizimini yangilash kerak.

Xalqaro komissiya o’z ishini qildi, endi Qirg’iziston hukumati va jamoatchiligi o’z burchini bajarsin, deydi bu ekspertlar.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG