Breaking News

Jalol-Obodda hokim idorasi egallab olingan


Jalol-Obod viloyat hokimiyati (Arxiv)
Jalol-Obod viloyat hokimiyati (Arxiv)
Qirg'iziston janubida, Jalol-Obod shahrida bugun o'nlab odamlar mahalliy ma'muriyat binosiga bostirib kirgan.

Ular "Ota Yurt" partiyasi tarafdorlari ekani aytilmoqda.

Siyosatchi Qamchibek Tashiyevga qarashli "7-kanal"ning yoritishicha, viloyat hokimiyati binosi namoyishchilar qo'lida.

Guvohlarning "Amerika Ovozi"ga aytishicha, gubernatorning xonasiga kirib, Meder Usenovga qariyalar oq fotiha berib, uni gubernator deb e'lon qilgan.

So'ng prezident Almazbek Atambayevning portreti hovliga olib chiqilib, yirtib, yoqib yuborilgan.

Shuningdek, bugun hukumat shimoldagi Qumtor oltin konini namoyishlardan pana qilish uchun favqulodda holat e’lon qilgan edi.

Kanadaning “Centerra Gold” kompaniyasi qazish ishlarini olib borayotgan bu kon atrofida bir necha kundan beri namoyishlar tinmayotgan, odamlar elektr tarmog’ini uzishga, inshootni egallab olishga uringan edi.

Jalol-Oboddan kuzatuvchi Shermuhammad Abdug'ofurov "Amerika Ovozi"ga vaziyatni quyidagicha izohlab berdi:

"2-3 kundan beri Issiq-Ko'lning Jeti-Oguz tumanida, qolaversa, bugun Jalol-Obodda bo‘lib o‘tgan va davom etayotgan voqealar turli odamlar tomonidan va turli manfaatlardan kelib chiqib uyushtirilayotgan bo‘lsa ham, yakuniy maqsadi bir, ya’ni amaldagi hokimiyatga ta’sir o‘tkazib, o‘ziga xos dividendlar olish.

Amaldagi hukumatning boshida bu voqealarga jiddiy yondashmagani uning o‘zi uchun juda salbiy oqibatlarni keltirib chiqarishi ehtimoldan yiroq emas. Mana bugun, Jalol-Obodda o‘ziga xos kichik davlat to‘ntarilishi amalga oshirildi, desak ham bo‘laveradi.

Har holda, hokimiyatni bosib olib, prezidentning portretini yoqish, jiddiy masala, nazarimda. Boshqa biror davlatda bunday vaziyatni tasavvur qilish qiyin. Buni norozi xalqning tinch namoyishi deyish ham mushkul.

Bu vaziyatda Atambayev boshliq hukumat tezlikda vaziyatni o‘z nazoratiga olishi katta ahamiyatga ega, odamlarga tartibni saqlashga qurbi yetadigan davlat mavjud ekanini ko‘rsata olmasa, Atambayev ham tez orada Akayev va Bakiyevga qismatdosh bo‘lib qolishi hech gap emas, garchi bugun voqealar ko‘lami uncha keng emasdek ko‘rinayotgan bo‘lsa ham.

Hali ham vaqt yetarli, chunki, umuman olganda Jalolobodda ham, umuman, Qirg‘izistonda ham barqaror vaziyat hukm surmoqda. Ko‘pchilik tartibsizliklarni AQSh harbiy bazasining taqdiri bilan ham bog‘lamoqda. Vaziyat beqaror bo‘lsa, Atambayevga ta’sir o‘tkazib, bazani saqlab qolish imkoni bo‘ladi, degan fikr mavjud.

Vaziyat ko‘proq ichki liderlarning ulush talashishiga o‘xshayotgan bo‘lsa ham, bu variantni ham e’tibordan chetda qoldirmaslik kerak. Fikrimcha, agar Atambayevning o‘z muddatini oxirigacha o‘tkazish niyati bo‘lsa, bu tartibsizliklarni uyushtirganlarga nisbatan qat'iy, lekin qonun doirasida chora ko‘rishi shart. Aks holda respublika turli talablar ko‘tarib chiqiladigan mitinglar girdobida qolishi mumkin. Eng muhimi, bu voqealar Qirg‘izistonning asosiy daromad manbaalari bo‘lgan Qumtor oltin koni faoliyatiga va Issiq-Ko‘ldagi turistik mavsumga juda jiddiy ta’sir qilishi, natijada byudjet kattagina daromaddan quruq qolishi barobarida investorlar oqimining kamayishiga olib kelishi turgan gap".
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG